Axborot-psixologik urush davrida mediaisteʼmoli: nimalarga eʼtibor qaratish kerak?
“Axborot urushi” atamasini birinchi marta 1976-yilda T.Rona “Boing” kompaniyasi uchun tayyorlangan hujjatda qoʻllagan. 1992-yildan boshlab, “axborot urushi” atamasi AQSH Mudofaa vazirligi tomonidan rasmiy ravishda ishlatilgan. Axboriy-psixologik kurash, kiber urushni oʻrganuvchi ilmiy yondashuvlarning xilma-xilligi hodisaga nisbatan yagona qarash yoʻqligini koʻrsatadi. Bugungi kunda ilmiy sohada quyidagi asosiy yondashuvlar aniqlangan: geosiyosiy, psixologik, kommunikativ, konfliktologik.
Geosiyosiy yondashuvga koʻra, axborot urushi bu – davlatlararo qarama-qarshilik. Unga koʻra, davlatlar axborot orqali boshqa davlatlarga taʼsir oʻtkazib, strategik sohalarda ustunlikka erishishga harakat qiladi. Psixologik yondashuv tarafdorlari fikricha, axborot urushi mohiyati axborot orqali ommaviy ravishda insonlar ongiga yashirin taʼsir koʻrsatishdir. V.A.Lisichkin fikricha, tafakkurni manipulyatsiya qilish axborot taʼsirini intellektual-psixologik va ijtimoiy-madaniy jarayonlarni boshqarish maqsadida obyektlar buni sezmaydigan holda yashirin amalga oshirishdir. Kommunikativ yoʻnalishda axborot urushi bu qarama-qarshi taraflarning razvedka va siyosiy va psixologik harakatlar amalga oshiriladigan aloqa texnologiyasi sifatida talqin etiladi. Konfliktologik yondashuv axborot urushi, qarama-qarshiliklarni nafaqat davlatlararo, balki guruh, shaxslararo ziddiyatlarni ham harbiy, ham siyosiy prizma chigʻirigʻi orqali koʻrib chiqishga imkon beradi.
Axborot urushi oʻz maqsadi, mazmun-mohiyatiga koʻra, maxfiy yoki oshkora, ahamiyati kam yoki radikal taʼsirli siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy-psixologik, tijoriy, harbiy hodisa boʻlishi mumkin. “Axborot urushi” va “axboriy kurash” tushunchalari farqlanadi. Axboriy-psixologik kurash tushunchasi neytral maʼno anglatib, salbiy mazmunda axboriy urush, psixologik urush, kiber urush shakllarida ham qoʻllanadi. Bugungi kunda axborot-psixologik urush jangovar operatsiyalarni taʼminlashdan tashqari oʻzi alohida mustaqil urush turiga aylandi va geosiyosiy darajadagi strategik vazifalarni hal qilishga qodir hodisa hisoblanadi. Shu bilan birga, agressiv axborot va psixologik kurashning oʻzi urush va qurolli toʻqnashuvlarni keltirib chiqaradi. Axborot va psixologik qurollarning xavfi ulardan foydalanishdagi shaxssiz xususiyatidadir, bu hujum harakatlarini, hatto urush eʼlon qilmasdan ham nomaʼlum holda amalga oshirishga imkon beradi. Bundan tashqari, axboriy qurollarni ishlab chiqish va ulardan foydalanishni taqiqlash deyarli mumkin emas (masalan, kimyoviy yoki bakteriologik qurollarga nisbatan taqiq oʻrnatilgan). Axboriy urush shaxs, jamiyat, tuzilma va davlatlar oʻrtasida manfaatlar toʻqnashuvi, qarama-qarshilik yuz bergan holatlarda ustunlikka erishish, biror siyosiy, iqtisodiy yoki boshqa maqsad yoʻlida maʼlumot olish, qayta ishlash va yetkazish, siyosiy va harbiy maqsadlarga erishish, axloqiy va psixologik taʼsir koʻrsatish maqsadidagi kurashdir. Axborot urushi kompyuterlar, dasturiy taʼminotga hujum qiladigan va axboriy tizimlarni izdan chiqaradigan kiber urushlardan farq qiladi. Axborot urushi muayyan maqsad yoʻlida maʼlumotlarni manipulyatsiya qilish, qaysidir shaxs, guruh, tuzilma yoki davlatning manfaatlariga qarshi, lekin boshqa tomon uchun manfaatli boʻlgan, axboriy bosimga asoslangan harakat hisoblanadi. Axborot urushi qachon boshlanishi, tugashi va uning qanchalik kuchli yoki halokatli ekanligi aniq emas. Axborot urushi taktik maʼlumotlarni toʻplash, oʻz manfaatlariga yoʻnaltirilgan axborotlarni tarqatish, tashviqot, dezinformatsiya kampaniyasi, demoralizatsiya (maʼnaviy, axloqiy tanazzul) yoki manipulyatsiya qilishni oʻz ichiga olishi mumkin. Axborot urushi psixologik urush bilan chambarchas bogʻlangan. Axboriy, psixologik, kiber urushlar umumiylashtirilib, “axborot operatsiyalari” atamasidan foydalangan holda ham ifodalanadi. Bunda texnologiyalar bilan bir qatorda axborotdan foydalanishning inson bilan bogʻliq jihatlariga, jumladan, ijtimoiy tarmoq tahlili va insonni axborot orqali boshqarishga eʼtibor qaratiladi. Kibermakonda kurash C4ISR(Command, Control, Communications, Computers, Intelligence, Surveillance and Reconnaissance), yaʼni boshqaruv, nazorat, kommunikatsiya, kompyuterlar, intellekt, kuzatuv va razvedkaga asoslangan shaklda olib boriladi.
Kiberhujum va kiber potensiali yuqori kiberkuchlar AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Norvegiya va Polsha kabi davlatlarda mavjud. Hozirgi vaqtda ushbu tuzilmalardagi kiber jangchilar soni bir necha oʻn minglab harbiy va fuqarolik xodimlaridan oshadi. AQSH kiber qoʻmondonligi (USCYBERCOM) – 64 mingdan ortiq, Germaniyaning kiber tuzilmalari 14,5 ming va Fransiya – mos ravishda 4 ming. Kiber qoʻshinlar soni psixologik operatsiyalarni oʻtkazish uchun qurolli kuchlarning maxsus tuzilmalarining harbiy xizmatchilarini oʻz ichiga olmaydi. Belgiya axborot operatsiyalari guruhi 60 dan ortiq, Niderlandiya kiber operatsiyalar qoʻmondonligi 250, Norvegiya kiber qoʻmondonligi 1230, Polsha kiber mudofaa kuchlari qoʻmondonligi 2000 va kiber operatsiyalar markazi 500, Chexiya kiberkuchlar va axborot operatsiyalari qoʻmondonligi 500 xodimga ega. AQSH Mudofaa vazirligi operatsiyalari orasida axboriy-psixologik operatsiyalar mavjud.
Axboriy-psixologik, kiber urushlar bir necha shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
- matbuot, televideniye, radio, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz maqsadiga yoʻnaltirilgan axborotlarni uzatish;
- dezinformatsiya kampaniyasi;
- aloqa va kommunikatsiya tarmoqlari oʻchirilishi;
- aloqa tarmoqlari soxta boʻlishi;
- raqamli aralashuv bilan maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilish yoki dezinformatsiyani joylashtirish orqali sabotaj;
- dronlar va boshqa kuzatuv robotlari yoki veb kameralardan foydalanish;
- kommunikatsiyani boshqarish;
- sintetik vositalar;
- ongni manipulyatsiya qilish;
- vandalizm, yaʼni xakerlar tomonidan veb sahifalarga zarar yetkazish, mazmunni almashtirish;
- axborot yigʻish, maxfiy maʼlumotlarni toʻplash, soxta maʼlumotlar joylashtirish uchun shaxsiy sahifalar yoki serverlarni buzish va hokazo.
Sunʼiy yoʻldosh televideniyesi va internet kabi raqamli taraqqiyot namunalari manipulyatorlarga anʼanaviy OAVdan koʻra odamlar ongi va harakatlarini boshqarishda yangi, ilgari ishlatilmagan samarali vositalarni berdi. Zamonaviy axborot isteʼmolchisi ommaviy axborot vositalaridan maʼlumot olganda, ularni “doʻstlariga ulashishi” mumkin va 99 foiz holatda uning toʻgʻriligini tekshirishi, taʼsirini tahlil qilishi mumkin emas. Manipulyatsiya muvaffaqiyatining asosiy sababi shundaki, aksariyat hollarda odam oʻziga berilgan xabarlarni tekshirish uchun vaqtini ham, aqlini ham sarflashni xohlamaydi. Axborotni zarur talqinda uzatish uchun jamiyatda obroʻga ega odamlar — akademiklar, shoirlar, sanʼatkorlar, chiroyli qizlar yollanadi. Maʼlumotlar turli manbalar orqali takror va takror, kichik dozalarda taqdim etiladi. Shunday qilib, odamlar mustaqil fikrlamay qoʻyadi. Ong ostiga taʼsirni kuchaytirish uchun inson hissiyotlaridan foydalaniladi va ularning eng kuchlisi qoʻrquvdir. Bunda sensatsion (shov-shuvli) oziqlantirish texnologiyasi keng qoʻllanadi. Qoʻrquv bilan taʼsir koʻrsatuvchi yolgʻon vizual tasvir bilan beriladi.
V.Aleshchenkoning tadqiqotida qurolli toʻqnashuvlar paytida axborot-psixologik taʼsir masalalari, tendensiyalari aks etgan boʻlib, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya kabi mamlakatlardagi harbiy harakatlarda axborot va psixologik tarkibiy qism va qurolli kuchlar axborotiga yuklatilgan asosiy vazifalar koʻrib chiqiladi. Qurolli harakatlar jarayonida axborot-psixologik taʼsirga qarshi kurashishning ayrim ustuvor yoʻnalishlari taklif etiladi.
Shiddatli geosiyosiy raqobat sharoitida axborot komponenti har qanday davlatning tashqi va ichki siyosiy faoliyatida tobora muhim rol oʻynamoqda. Bu esa dunyoning koʻpqirrali axborot manzarasi, axborot xaritasini paydo qilmoqda. Yaʼni har bir mamlakatdagi OAV soni, axborot uzatish kanallari, kommunikatsiya tizimlari, internet tezligi, axborotni olishga imkoniyati, aholining axborotga boʻlgan ehtiyoji, soʻz erkinligi koʻrsatkichi, mamlakatga qaratilgan siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy, harbiy va boshqa turdagi axboriy xurujlar, axborot xavfsizligi taʼminlanganligi holati, isteʼmol qilinayotgan axborotlarning mazmuni, raqamli iqtisodiyotning joriy etilish holati turlicha. Bu esa har bir mamlakatda turli axboriy manzarani hosil qiladi va buni axboriy xarita shaklida, yashil – axboriy holat aʼlo, sariq – axboriy holat oʻrtacha, qizil –axboriy holat xavfli shaklida koʻrsatish imkonini beradi. Dunyoning axboriy manzarasi favqulodda holatlarda oʻzgarishi, har bir mavzu, jarayon, axboriy-psixologik kurash holati boʻyicha alohida axboriy xarita yaratilishi maqsadga muvofiq. Masalan, 2022-yildagi Rossiya va Ukraina masalasida axboriy-psixologik urushda dunyo mamlakatlari oʻz pozitsiyasini namoyon etdi. Ularning qarshi, betaraf, qoʻllab-quvvatlovchi pozitsiyasini ham axboriy xaritada aks ettirish mumkin (1.1-rasmga qarang).

Bugun aynan dunyoning axboriy xaritasi deyilmasa-da, uning komponentlarini oʻzida jamlovchi bir qator xaritalar, indekslar yaratilgan, yuritib borilmoqda. Masalan, soʻz erkinligi indeksi (1.2-rasmga qarang), axborotning ijobiy koʻrsatkichi (indeksi) – kompaniya, brend yoki shaxs yoki biror voqea-hodisa haqidagi axboriy vaziyatni baholash koʻrsatkichi, internet tezligi reytingi va hokazo.


Zamonaviy mediamakondagi axboriy-psixologik kurashning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va huquqiy sabab va oqibatlari turlicha. Axboriy-psixologik kurash davlat xavfsizligiga daxl qiladi, xalqaro tinchlikka tahdid soladi, jamiyatda xaos keltirib chiqaradi, madaniyatlar yemirilishiga sabab boʻladi, nosogʻlom raqobat muhitini vujudga keltiradi, insonlar maʼnaviyati va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu jarayonda asosiy qurol, taʼsir vositasi axborot hisoblanadi. Shu bois jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya yoʻnalishida axboriy-psixologik kurashning axboriy muhitga taʼsiri masalasi, xususan, axborot-psixologik kurash sharoitida axborot isteʼmoliga taʼsiri va media isteʼmolida keltirib chiqarayotgan muammolarini oʻrganish dolzarbdir. Axborot-psixologik kurashning taʼsirini 2 ta yoʻnalishda oʻrganish mumkin: kompleks va individual taʼsir. Kompleks taʼsir davlat, jamiyat, guruhga taʼsir oʻrganilsa, individual taʼsirda insonga, uning tafakkuri, ruhiyati, salomatligiga qaratilgan boʻladi.
Axboriy kurash axboriy jamiyatdagi axboriy muhitning “ifloslanishi”, axborot ekologiyasining buzilishiga sabab boʻladi. Qarama-qarshi tomonlarning bir-birini obroʻsizlantirishi, oʻz manfaatlariga xizmat qiluvchi axborotlar tarqatishi sabab biryoqlama va yolgʻon axborotlar koʻpayib boradi. Bunday axborotlarning insonga taʼsirini quyidagi bir necha yoʻnalishlarda oʻrganish mumkin.
Siyosiy yoʻnalishda, manipulyatsiya taʼsirida shaxsda biror siyosiy masala toʻgʻrisida asoslanmagan ijtimoiy fikr shakllanadi, qaysidir masalaga qarshi, qoʻllab-quvvatlovchi yoki betaraf fikr bildira boshlaydi. Bunda feyklar, soxta uyushtirilgan mitinglar, trollar fabrikalari taʼsirida ommaviy gʻayriixtiyoriy ong, jamoaviy intellekt yuzaga keladi. Masalan, Ukrainadagi urush, Rossiya bilan Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari oʻrtasida kuchayib borayotgan diplomatik taranglik vaziyatida tasdiqlanmagan yoki butunlay yolgʻon maʼlumotlardan kelib chiqqan ommaviy vahima namoyon boʻldi. Bunday vaziyatlarda maʼlumotni uzatishga masʼul boʻlgan ijtimoiy tarmoqlar ham yolgʻon axborotlar paydo boʻladigan platformaga aylanadi. Harbiy harakatlar paytida maʼlumot tashviqoti va qasddan dezinformatsiya sodir boʻladi. Axborot urushlarida tomonlar bir-birini chalgʻitish uchun turli texnologiyalar – astroturfingdan (fikrni koʻpchilik qoʻllab-quvvatlayotgani haqidagi illyuziyani yaratish) bot ishlab chiqarishgacha foydalanishadi. Auditoriya siyosiy masalada, mojarolar bir kuni oʻz yechimini topishini, haqiqat nimadan iboratligini bilmagan holda qaror qabul qiladi, fikr bildiradi, siyosiy jarayonlarda ishtirok etadi. Bu faol fuqarolik pozitsiyasi emas, koʻr-koʻrona ergashishdir. Bunda qatlam yoki guruh oʻz siyosiy qarashiga ega boʻlmaydi, manfaatdor tomonlar yaratgan konsepsiyaga koʻra fikrlaydi.
Iqtisodiy taʼsir davlatlar misolidagina emas, raqobatchi biznes obyektlari oʻrtasida yuz beradi. Iqtisodiy axborot reklama koʻrinishida boʻlib, unda ishontirishning assotsiatsiya, nostalgiya, chiroyli qiyofalar, efemizm, ekstrapolyatsiya, analogiya, chalgʻitish, guruh dinamikasi, yumor, qoʻrquv kabi usullaridan, sotuvchi mediamahsulot yaratishning AIDA, PPPP kabi formulalari, taʼsir usullaridan faol foydalaniladi, axborot taʼsiri va qamrovini oshirish SEO va SMM texnologiyalari orqali amalga oshiriladi. Natijada axborot isteʼmolchilarining xarid jarayonidagi tanlovi reklama, brend mahsulotlar orqali boshqariladi. Natijada, ayniqsa, bolalar va oʻsmirlar reklama qilingan mahsulotni tanovul qilish, brenddagi kiyimni kiyishga intiladi.
Madaniy. Amerikalik taniqli siyosatshunos Samyuyel Xantington Uchinchi jahon urushi haqida shunday yozgan edi: “Mening fikrimcha, yangi shakllanayotgan dunyoda ixtiloflar manbai mafkura ham, iqtisod ham boʻlmaydi. Insoniyatni ajratib turgan qaltis chegara va asosiy ixtilof manbai madaniyat boʻlib qoladi. Milliy davlatlar xalqaro munosabatlarda bosh ishtirokchi maqomida qolsa-da, global siyosatning eng yirik ixtiloflari turli millat va tamaddunga mansub guruhlar oʻrtasida yuz beradi. Ushbu tamaddunlarni ajratib turuvchi chiziqlar kelajakda front chiziqlari boʻladi”. Globallashuv jarayonida davlat va xalqlar oʻrtasidagi integratsiya va hamkorlik aloqalari kuchaymoqda, natijada “super etnos”, “global inson” paydo boʻlmoqda. Madaniyatlararo kommunikatsiya (ing. cross-cultural communication, intercultural communication) yoki madaniyatlarning oʻzaro taʼsiri deganda dunyo xalqlarining turli madaniyatlari vakillari oʻrtasidagi turli shakllar (til, nutq, yozma, elektron va boshqa kommunikatsiya turlari)dagi bevosita va bilvosita kommunikatsiya, muloqot jarayoni tushuniladi.
Madaniyatlararo kommunikatsiya jarayonida axborot asosiy xomashyo, tovar, muloqot va munosabatlarni taʼminlab beruvchi omildir. Koʻplab odamlar koʻngilli yoki majburiy ravishda u yoki bu ijtimoiy guruhlar tarkibiga kiradi. Bu guruhlar oʻz madaniy xususiyatlariga ega boʻlib, tuzilmaviy nuqtai nazardan ular mikromadaniyat (submadaniyat) deb ataladi va makromadaniyatning tarkibiy qismi hisoblanadi. Har bir mikromadaniyat oʻzining ona zamin madaniyati bilan oʻxshashlik va tafovutlarga ega boʻladi. Ayni paytda ona zamin madaniyati mikromadaniyatdan etnik va diniy mansublik, geografik joylashuv, iqtisodiy ahvol, shaxsning jinsi va yoshi, oilaviy ahvoli va aʼzolarining maqomi jihatidan farqlanadi va bu holat ziddiyatlarni keltirib chiqaradi.
“Madaniyatshunos olimlarning fikricha, “odamlar qancha boʻlsa, fikrlar ham shuncha”, odamlarning fikrlari bir-biriga doimo qarama-qarshi boʻladi, ayrim hollarda mojaroni keltirib chiqaradi. Madaniyatshunoslikda mojaroga madaniyatlararo muomalada toʻqnashuv yoki raqobat sifatida emas, balki kommunikatsiyaning buzilishi sifatida qaraladi”.
Gʻarb olimi K.Delxes “Madaniyat nazariyasi” kitobida kommunikatsiyaviy mojarolarning uchta asosiy sababini koʻrsatadi, kommunikantlarning shaxsiy xususiyatlari, ijtimoiy (shaxslararo) munosabatlar va tashkiliy munosabatlar. Mojarolarni bartaraf qilish koʻrinishlari uning ishtirokchilari madaniyatlarining xususiyatlari bilan belgilanadi. Diniy va etnik ziddiyatlar oʻta murakkab xalqaro muammolarga aylanib borayotgan hozirgi davrda madaniyatlararo, konfessiyalararo va millatlararo hamkorlik, muloqot turli negativ stereotiplarga qarshi, ziddiyatlarni bartaraf etishda turli madaniy va diniy birliklar va uyushmalar oʻrtasidagi hamkorlikni shakllantirishda muhim vosita hisoblanadi. Mediamadaniyat tashuvchi vosita sifatida atrof-olamni noadekvat qabul qilish, kommunikativ xatoliklar va madaniyatlararo tushunmovchiliklarga yoʻl qoʻyish, kelgusida oʻzaro konfliktlarga olib kelishi mumkin boʻlgan noturgʻun vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Maʼnaviy. Axloqiy tanazzul, axloqiy ogʻishlar, gʻayriinsoniy xatti-harakatlarga undash sabab maʼnaviyatning yemirilishi.
Jismoniy (yoki sogʻliqqa taʼsir). Bunda individual taʼsir ustuvorlik qiladi. Mediaqaramlikning insonning jismoniy holati, salomatligiga salbiy taʼsiri – koʻrish qobiliyati susayishi, umurtqa pogʻonasi qiyshayishi (media isteʼmolida “Lean back”(orqaga suyanish) modelidan “Lean forward”(oldinga engashish)ga oʻtish sababli), bolalarning rivojlanishdan ortda qolishi, diqqat yetishmasligi, iroda buzilishi, ruhiy salomatlikda stress, depressiya, xotira susayishi kabilar, shuningdek, axborot taʼsirida oʻz tanasiga zarar yetkazish kuzatiladi.
Axborot-psixologik kurashning bu va boshqa salbiy taʼsir hamda oqibatlaridan himoyalanish muhim vazifa. Axborotni uzatish kanallari va vositalarini nazorat qilish imkonsizligi tufayli media isteʼmolchilarida zarur malakani shakllantirish taqozo etiladi. Axborotdan bahramandlik, axborotdan toʻgʻri foydalanish, toʻgʻrini notoʻgʻridan ajrata olish, reprezentatsiya va reallikning farqini anglash uchun axborot isteʼmolchilarini axboriy jamiyatga tayyorlashga qaratilgan mazkur vazifani zamonaviy mediamakonda media-taʼlim bajarmoqda.
Axboriy-psixologik kurash sharoitida media-savodxonlikka qoʻyiladigan talablar:
-
- qarama-qarshi tomonlar bir-biriga qarshi agitatsiya, qasddan dezinformatsiya tarqatishi mumkinligini tushunish;
- keng koʻlamli voqealarga taʼsir oʻtkaza olmasligini haqiqat sifatida qabul qilish;
- ishonchi komil boʻlmagan axborotlarni tarqatmaslik, axborot oqimida gʻarq boʻlmaslikka intilish;
- axborot urushida tomonlar bir-birini chalgʻitish uchun foydalangan texnologiyalarni aniqlay olish;
- fikrlarni faktlardan ajrata olish;
- shoshilinch xulosa chiqarmaslik, hissiyotlarni boshqarish;
- faqat oʻzi yoki yaqinlari guvoh boʻlgan, toʻgʻriligiga ishonchi komil boʻlgan faktlarni eʼlon qilish;
- bahs-munozara madaniyatiga ega boʻlish, fikri bir xil boʻlmagan insonlarga nisbatan ham hurmatni saqlab qolish;
- vahima holatida qaror qabul qilmaslik;
- ertami-kechmi har qanday mojaro tugashi va vaziyat oʻz yechimini topishini tushunish, shuning uchun bunday vaziyatlarga butun eʼtiborni qaratish toʻgʻri emasligini anglash
