Axborot xavfsizligi

Feyk axborotning siyosiy oqibatlari

Axborot asrida feyk yangiliklarning tarqalishi odatiy holga aylandi. Ular asosan siyosiy, iqtisodiy, shou-biznesga aloqador mavzularni qamrab olmoqda. Aynan shu sohaga aloqador feyk yangiliklar boshqalaridan salbiy his-tuygʻularni keltirib chiqarishi, gʻazab, tashvish, qoʻrquv, nafrat uygʻonishiga sabab boʻlishi bilan farq qiladi.

Pensilvaniya shtati universiteti olimlari feyk yangiliklarning son-sanoqsiz misollarini tahlil qilib, ularni yettita asosiy toifaga guruhlagan.

Tadqiqotchilar Feyk yangiliklarning quyidagi turlarini aniqlashgan: gazeta “oʻrdaklari” (tasdiqlanmagan), noxolis fikr, kinoya, ishonchsiz maʼlumotlar, sharhlar, ishonarli (ishontiruvchi) maʼlumotlar va shahar jurnalistikasi.

XVII asrning oʻrtalarida Germaniyada paydo boʻlgan “gazeta oʻrdak”ning yoqimli patli parranda bilan hech qanday aloqasi yoʻq. U jurnalistlarning sensatsiyaga boʻlgan “abadiy tashnaligi” tufayli hayotga keldi.

Muharrirlar uchun gazetada hatto eng kulgili va ishonchsiz yangiliklarning boʻlishi ham juda foydali edi, chunki bu nashrga mashhurlik keltirdi, ammo shunga qaramay, faktlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishdan qoʻrqib, jurnalistlar materiallarga “NT” harflari bilan imzo qoʻyishardi. Yaʼni “Non testatur” (“Tasdiqlanmagan”) — eshitish idrokiga koʻra, “ente” deb oʻqiladigan bu harflar nemischa ente (oʻrdak) soʻzi bilan mos keladi. Shunday qilib, begunoh parranda uyatsiz jurnalistik “uslub” bilan eslana boshlandi.

Bu haqda American Behavioral Scientist jurnalida chop etilgan maqolani mutolaa qilishni maslahat beramiz.

Yuqorida keltirilgan feyk yangiliklar turlarining paydo boʻlishi maqsadga bogʻliq. Masalan, feykning targʻibot turi. Bunda targʻibot uchun notoʻgʻri maʼlumotlar yoki notoʻgʻri faktlar qoʻllanadi. Uning vazifasi odamlarni yoʻldan ozdirish va siyosiy dastur yoki notoʻgʻri nuqtayi nazarni ilgari surishni nazarda tutadi.

Yangiliklar tez tarqaladigan bugungi davrimizda feyk xabarlarning tarqalishi davlatlarning siyosati, iqtisodiyoti va hatto xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Dunyoda yuz berayotgan urushlar, milliy yoki diniy qarama-qarshiliklar, ichki siyosiy mojarolar – bularning barchasiga koʻpincha ushbu voqealarga turtki boʻlgan Feyk maʼlumotlarga asoslanadi.

Feyk yangiliklarning siyosiy oqibatlari nimalarda namoyon boʻlishini tahlil etadigan boʻlsak, shu maʼlum boʻladiki, feyk maʼlumotlarning sabab yuzaga kelgan salbiy siyosiy natijalardan asosan oddiy insonlar yutqazadi.

Feyk maʼlumotlarni tarqatishning asosiy maqsadi – eʼtiborni jalb qilish, odamlarni yolgʻonga ishontirishga, jamiyatda amaldagi hukumatga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqarishga va mamlakatda beqarorlikni keltirib chiqarishdan iborat.

Misol tariqasida saylov kampaniyalarini olishimiz mumkin. Koʻpincha saylovlardan oldin saylovga qatnashmaslik, qatnashishgan taqdirda ham hech narsa oʻzgarmasligi haqida maʼlumotlar tarqatiladi. Aksariyat odamlar bu gaplarga laqqa tushib, oʻzi, kelajagi uchun muhim boʻlgan siyosiy tadbir – saylovga bormaydi. Taassufki, bunday vaziyatlardan saylov tashkilotchilari “unumli” foydalanib qolishadi. Yutqazgan baribir oddiy xalq boʻladi.

Feyk yangiliklar va dezinformatsiya saylovlarga qanday taʼsir qiladi? Markaziy Florida universitetining psixologiya boʻyicha oʻqituvchisi Krizalis Rayt 2016-yilgi AQSH prezidentiga saylovlarni esga oladi. Saylovlar yaqinlashganida Rayt ijtimoiy tarmoqlarni kuzatgan va xorijiy shaxslarga odatdagidan koʻproq duch kelgan.

“Biz saylovlarga Rossiyaning aralashuvini bilamiz, ammo unda boshqa davlatlarning ham ishtiroki boʻlishi mumkin. Ular feyk yangiliklar yaratib, ijtimoiy media platformalarimizda baham koʻrishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda qilgan postlarining maqsadi juda aniq edi. Ular bizni ikkiga boʻladigan va hali ham bir millat sifatida muhokama qilayotgan, masalan, qurolga egalik qilish huquqlari, irqiy munosabatlar, immigratsiya muammolari kabi dolzarb mavzularni tanlaydilar va buni bizga qarshi ishlatishadi. Ularning butun maqsadi bizni ikkiga ajratish va bir-birimiz bilan jang qilishga majbur qilishdir. Negaki bizni ichkarida bir-birimiz bilan jang qilishimizga majbur qilishsa, ular hech narsa qilishlari shart emas. Bu albatta oxir oqibat ularning gʻalabasi boʻladi. Agar siz bugungi kunda baʼzi koʻchalarimizda koʻrayotgan ijtimoiy tartibsizliklarga eʼtibor qaratsangiz, buning bir qismi feyk xabarlarning oqibatidir.

Yana bir soddaroq misol. Koʻpincha ijtimoiy tarmoqlarda biror mahsulotning narxi bexosdan koʻtarilib ketgani haqidagi feyk xabarlar tarqaladi. Bu odatda biznes egalari – tadbirkorlar tarafidan tashkillanadi. Hech narsadan xabari yoʻq oddiy odamlar esa narx oshgani haqidagi xabarni tekshirib oʻtirmasdan yaqinlariga, tanishlariga tarqataverishadi. Oqibatda kecha 100 soʻm boʻlgan mahsulot narxi bugun 500 soʻmga chiqadi. Aholi esa davlatdan noroziligicha qolaveradi. Davlat narxni nazoratga oladi va barqarorlashtiradi. Biroq narx bari bir avvalgi holiga qaytmaydi. 500 soʻmga chiqib borgan mahsulot davlat nazorati bilan endi 300 soʻmdan sotila boshlaydi. Ammo uning asl bahosi 100 soʻm edi. Yutqazgan yana oddiy odamlar boʻlib qolaveradi.

Hozirgi vaqtda feyk yangiliklar dunyoda tobora koʻpayib bormoqda va bu global tashvish uygʻotmoqda, ayniqsa soxta yangiliklarning saylov natijalariga taʼsiri. Muqobil axborot vositalarining oʻsishi va ijtimoiy tarmoqlarning feyk yangiliklar platformasi sifatidagi roli soxta yangiliklarning har qachongidan ham dolzarbroq ekanini koʻrsatadi.

Feyk yangiliklarning siyosiy qarashlarga taʼsirini aniqlash borasida tadqiqot oʻtkazilgan. Chunki feyk yangiliklar mavzusi jamiyatimizda ham, akademik tadqiqotlar sohasida ham nisbatan yangi mavzudir. Tadqiqot 2017-yilda Gollandiyada boʻlib oʻtgan umumiy saylovlar misolida oʻtkazilgan.

Ishtirokchilar uchta eksperimental shartga muvofiq taqsimlandi: soxta yangiliklarga duchor boʻlingan holat, soxta yangiliklar yuqori darajada qabul qilingan holat va ishonchli yangiliklarga duchor boʻlingan holat. Tanlangan ishtirokchilar quyi va yuqori kurs talabalaridan iborat edi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, feyk yangiliklar siyosiy kayfiyatga ularning qabul qilingan soxtaligi darajasiga qarab sezilarli taʼsir koʻrsatadi.

Shu sababdan nafaqat jurnalistu blogerlar, balki oddiy odamlarda ham axborotdan foydalanish madaniyati shakllanmas ekan, ular feyk maʼlumotlar qurboni boʻlib qolaveradi.

Xulosa shuki, Fake News shunchaki trendga chiqqan navbatdagi mashhur soʻz emas. U allaqachon oʻzing salbiy oqibatlarini koʻrsatgan hodisadir. Hukumat va tadbirkorlar feyk (qasddan yoki tasodif) yangiliklardan millionlab dollar yoʻqotishadi — ammo bunday xabarlarni yaratish narxi taxminan bir xil. Bizda faqatgina bir savol qoladi — Davlatlar fake news bozoriga aralashib, ularni  tartibga solishi kerakmi yoki ularning mavjudligi soʻz erkinligining bahosimi?

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.