Feyk

Instafeyk: Toshkentda yangi qurilgan turar joy binolarining zilzilaga bardoshliligi tekshirilmoqda

Instagramdagi @konstantin_fomin_design nomli foydalanuvchi Toshkentda yangi qurilgan turar joy binolarining zilzilaga bardoshliligi tekshirilib, testdan o‘tkazilayotgani haqida post joyladi.

«Umid qilamanki, bu butun dunyoda mutlaq standartga aylanadi. Arxitektorlar va texnologlar, qurilish kompaniyasi direktori, beton va armatura pudratchilari bilan birgalikda bino ichida turib, test qilishadi» – deydi bloger o‘z xabarida.

image
© Instagramdagi postdan skrinshot

Biroq, Konstantin Fomin joylagan video 2018-yilda suratga olingan. O‘zbekistonda vibrodinamik sinovlar qozog‘istonlik mutaxassislar – “KazNIISA” AJ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan edi. O‘shanda Toshkent shahridagi 9 qavatli yirik panelli binoning seysmik chidamliligi sinovdan o‘tkazilgan bo‘lib, uni “O‘zbekistonda arzon uy-joy” dasturi doirasida ommaviy ishlab chiqarishga kiritish rejalashtirilgan.

Instagramga 2023-yilning 20-fevral kuni joylashtirilgan videoda vibroseysmik tekshiruvlar go‘yoki Turkiya va Suriyada kuzatilgan daxshatli zilziladan so‘ng boshlanganiga sha’ma qilinadi.

Yaqin Sharqdagi zilziladan ikki kun o‘tib, O‘zbekiston prezidenti Toshkentdagi qurilish ishlarini to‘xtatishni buyurib, shaharning bosh rejasini kutishni buyurgan edi. Biroq, binolarning seysmik chidamliligi sinovdan o‘tkazilgani noma’lum.

Jurnalistlar fevral oyining boshida qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Odilovdan O‘zbekistonda qurilayotgan uylar zilzilaga qanchalik bardoshli ekani, necha ballgacha chidashiga kafolat borligi haqida so‘ragan edi.

“Bu yerda inson omili bor. Men 36 million odamning qilayotgan ishi uchun sizga garantiya bera olmayman. Men kafolatni davlat tomonidan o‘rnatilgan nazorat, joriy qilingan tartib-qoida va standartlar bo‘yicha bera olaman. Qurilish ishlariga javobgar organ birinchi bo‘lib uni qurgan buyurtmachi hisoblanadi. O‘zbekcha aytganda, obyektning egasi. Obyektni qurayotgan “boy ota” 100 foiz mas’ul”, – deb javob berdi Davron Odilov.

Vazir o‘rinbosarining bu javobi internetda ko‘p tanqidlarga uchradi. Chunki uy sotib olayotgan odam birinchi navbatda davlatga, davlatning har xil vazirliklariga, inspeksiyalariga, tayyor binoni qabul qilib olib, foydalanishga ruxsat bergan organlariga ishonadi. Oddiy xaridor uchun quruvchining halolligiga nisbatan ishonch eng oxirgi o‘rinda. Shunday sharoitda, davlatning katta bir amaldori, shu sohaning egasi, qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari asosiy mas’uliyatni quruvchiga tashlab qo‘yishi albatta e’tirozlarga sabab bo‘lishi tabiiy edi.

Markaziy Osiyodagi kuchli zilzilalar tarixiga boqadigan bo‘lsak, 1948-yilda Ashxobodda sodir bo‘lgan 7,3 magnitudali zilzilada o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan. 1966-yilgi Toshkent zilzilasida o‘lim ancha kam bo‘lgan, ammo u baribir mintaqadagi eng gavjum shaharning butun qismlarini vayron qilgan.

a9c9996f386b4ce0c5f00ace68ca2bc3
© Yuz.uz

O‘sha paytda Verniy deb atalgan va hozirgi 1,8 millionlik aholisining o‘ndan biri istiqomat qilgan Olmaota 1911-yilgi zilzila natijasida deyarli vayron bo‘lgan edi. Bu zilzila episentri hozirgi Qirg‘izistonda bo‘lgan, ungacha XX asr oxirida mintaqada yana ikkita kuchli zilzila bo‘lgan.

1991-yilda mustaqillikka erishgandan beri Markaziy Osiyo davlatlari unchalik kuchli silkinishlarni boshdan kechirmadi. Faqat 2008-yilda episentri Xitoy, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralari yaqinida bo‘lgan 6,6 magnitudali zilzila Qirg‘izistonning Nura qishlog‘ini vayron qilib, 70 dan ortiq odam hayotiga zomin bo‘lgan.

2023-yilning 6-fevral sanasida Turkiyaning janubi-sharqidagi 7,7 magnitudali zilzila qurbonlari soni 50 096 nafarga yetdi. Mamlakatda zilzilalardan jabrlanganlarning umumiy soni 107 ming 204 nafarni tashkil etmoqda. Zilzilalardan keyin mintaqada 35 mingdan ortiq qutqaruvchi ishlagan. Tabiiy ofatdan ko‘rilgan zarar 100 milliard dollardan oshdi.

Fevral oyi oxirida Turkiyada binolarning zilzilada qulab tushishi bo‘yicha tekshiruvlar boshlandi. 200 dan ortiq odam qamaldi, 1000 ga yaqin kishi qo‘lga olindi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, vayron bo‘lgan binolarning aksariyati sifatsiz materiallardan  foydalangan holda va qoniqarsiz usullar bilan qurilgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.