Feyk: Oʻzbekistonda UzCard toʻlov tizimi ishlamay qoldi
Ijtimoiy tarmoqlar hamda Telegram messenjerida O‘zbekiston bo‘ylab UzSard to‘lov tizimi ishlamayotgani haqida xabarlar tarqatilmoqda. Kompaniya rasmiy Telegram kanalida maʼlum qilinishicha, mazkur xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.
Xabar qilinishicha, tizim odatdagiday ishlashda davom etmoqda.
UzCard tizimi faoliyatida uzilishlar bo‘lib turadi. Nosozliklar 2018-2019 yillarda bir necha bor takrorlangan. O‘shganda xizmat bu kabi uzilishlarni bayram munosabatlari bilan tranzaksiyalarning soni oshishi bilan izohlagan edi.
Tizimdagi eng uzoq nosozlik 2018-yil 15-sentyabrdan 17-sentyabrgacha butun respublika bo‘yicha kuzatilgan edi. Natijada ikki kun mobaynida millionlab o‘zbekistonliklar xarid qobiliyatidan mahrum bo‘lib qolishgan.
Tizim ishdan chiqishi O‘zbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga taʼsir ko‘rsatdi. Ushbu nosozlik oqibatida davlat, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, uch kunda taxminan 27 milliard so‘m pul yo‘qotgan. O‘sha nosozliklardan so‘ng, Uzcardʼga raqobatchi boshqa protsessing markazi ishga tushirilishi maʼlum bo‘lgandi.
Ayni vaqtda mamlakatda Humo brendi ostidagi yangi protsessing markazi ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
