Mediasavodxonlik

“Xato qildikmi shundoq mavzuni yopmaymiz” – oʻzbek jurnalistlari faktcheking haqida

Factchecking.uz loyihasi oʻzbekistonlik taniqli jurnalistlarga faktchekingning ahamiyati, sohadagi vaziyat, zarur instrumentlardan foydalanish, feyklar bilan bogʻliq shaxsiy tajribalar kabi bir necha savollar bilan murojaat qildi.

– Faktcheking qilish jurnalist uchun qanchalik muhim?

Blue-and-Orange-Book-Day-Modern-Facebook-Post

Jamshid Niyozov, kun.uz sayti jurnalisti:

– Jurnalistikadagi eng muhim qonuniyatlardan biri maʼlumotning haqqoniyligini tekshirish. Bitta maʼlumotni bir-biridan mustaqil kamida ikki yo uchta manba tasdiqlashi kerak. Keyingi paytda bolalar, qizlar oʻgʻirlanayotgani haqida koʻplab audio va videolar tarqalmoqda. Deylik, yaqinda Surxondaryoda dahshatli zilzila boʻlishi haqida gap-soʻz tarqalib odamlar koʻchaga chiqib olishdi. Bu haqda xabar berganlardan soʻrab surishtirsangiz karnayda eʼlon qilindi, falonchi qarindoshimizning ishxonasida ogohlantiribdi, falonchi qoʻshnim aytdidan joʻyaliroq gapni aytisholmadi. Bu xabarni tarqatgan ilk manbani-ku topishning imkoni ham boʻlmadi. Odatda vahimali axborot tez tarqaladi.

Afsuski, jurnalistlar ham bu maʼlumotlarni tarqatuvchilari boʻlib qolishadi. Bunga esa foto, video va audio koʻrinishidagi maʼlumotlarni faktcheking qilish bilan bogʻliq malaka yetishmasligi sabab boʻladi deb oʻylayman. Jurnalistlarga har chorakda kamida bir marta shu mavzuda seminarlar oʻtkazib borilishi kerak, nazarimda.

Mirolim

Mirolim Isajonov, Gazeta.uz jurnalisti:

– Jurnalistni professional sifatida shakllantiruvchi omillardan biri bu faktchekingdir. Aynan faktcheking jurnalist va blogerni ham bir biridan ajratib turadi. Yaʼni jurnalist faktcheking qilish orqali axborotni ommaga uzatadi, aynan shu omil professionallikdan dalolat desam adashmagan boʻlaman.

Jurnalist faktcheking qilmasa va natijada axborot yolgʻon boʻlib chiqsa, oʻquvchilarning jurnalistga ishonchi soʻnishi mumkin. Xulosa qilib aytganda faktcheaking professionallikning bir jihati.

Shuningdek jurnalist faktcheking qilib axborot bermasa u javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Chunki u ikkala tomonni ham eshitmasa, tinglanmagan ikkinchi tomon uni sudga berishi mumkin. Shu uchun ham jurnalist birlamchi axborotga ishonib qolmay, uni atroflicha oʻrganib keyin uni ommaga berishi kerak.

Blue-and-Orange-Book-Day-Modern-Facebook-Post

Zebo Namozova, “Ishonch” gazetasi jurnalisti:

– Faktcheking qilish bugungi kunda juda ham muhim. Sababi axborot juda koʻp. Bitta maʼlumotga turli qarashlar mavjud. Agar maʼlumot tekshirilmasa, oʻrganib chiqilmasa yolgʻon maʼlumotni eʼlon qilish ehtimoli katta. Bu esa auditoriyani ushbu nashrga nisbatan ishonchini yoʻqotadi, sudma-sud yurishga olib kelishi mumkin. Shuningdek mazkur axborotni eʼlon qilgan jurnalistning nufuzi ham tushadi. Shu bilan birga yolgʻon axborot eʼlon qilinishi ommaga turlicha taʼsir qilishi mumkin. Deylik u xalq hayotiga tegishli boʻlsa, odamlarning siqilishiga va stressiga ham sabab boʻlishi mumkin.

yulduz

Yulduz Olimova, “Mening yurtim” telekanali jurnalisti:

– Oʻzini hurmat qilgan har bir jurnalist uchun faktcheking muhim hisoblanadi. Oʻzimdan misol qilib aytsam. Jurnalistsiz. Xato xabar yoki yolgʻon axborot berishga haqqingiz yoʻq Toʻgʻri xatolar qilinadi. Lekin imkon darajasida har bitta axborotni chigʻiriqdan oʻtkazib keyin ommaga taqdim etish lozim. Bunda soʻz masʼuliyati bor. Sizning nashringiz sizga katta ishonch bildirgan. Auditoriyangiz ishonchini poymol qilmaslik uchun ham faktcheking juda ham muhim narsa hisoblanadi. Oʻzi jurnalist zoti har bir narsaga shubha bilan qarashi lozim. Shaxsan oʻzim shundayman hech narsaga ishonmayman. Hatto rasmiy manbada keltirilganini ham tekshirib koʻrishga harakat qilaman.

– Oʻzbekistonda jurnalist va blogerlarning axborot taratishdan avval uni tekshirishi, faktlarni oʻrganib chiqishi boʻyicha vaziyat qanday?

Jamshid Niyozov: Jurnalistlarda bu yaxshiroq shakllangan. Chunki u nimanidir tarqatmoqchi boʻlgan bilan muharrirlari, boʻlim boshliqlari, bosh muharrir uni oʻtkazmaydi. Maʼlumotni tekshirishni talab qiladi. Ammo jurnalist yoki muharrirlar orasida ham ichki intuitsiya yoki koʻp yillik tajribasiga tayanib qaysidir maʼlumotni tekshirmasdan ommaga eʼlon qilib yuborish holatlari ham uchrab turadi. Bunday xabarlarni esa 404 taqdiri kutadi.

Blogerlar esa oʻziga xon, koʻlankasi maydon. Koʻp hollarda tekshirilmagan maʼlumotlar, feyklar, mish-mishlar aynan ular tomonidan tarqatiladi. Namanganda uyma-uy sakrab yurgan nomaʼlum maxluq paydo boʻlgani, bola oʻgʻrilari ularning organini olib sotish bilan shugʻullanishi (yana koʻplab vahimali feyklar bor, hozir esga tushmayapti) kabi mavzulardagi videolarni bunga misol keltirish mumkin.

Buning ortida koʻp prosmotr yigʻish, bu orqali obunachilarini koʻpaytirish yotibdi va buni nazorat qiluvchi organlar ham muammoga aytarli eʼtibor qaratmayapti.

Mirolim Isajonov: Oʻzbekistonda ayrim internet nashrlarigina axborotni oʻrganib, uni ommaga uzatadi. Biroq baʼzi xususiy saytlar birlamchi maʼlumotga tayanib ham axborotni uzatishiga koʻp guvoh boʻlyapmiz. Yaʼni ular blogerlar va rasmiy maqomga ega boʻlmagan kanallarga tayanib ham axborot berishadi. Menimcha, blogerdan internet saytlarining farqi shundaki nashrlar ikkala tomonni oʻrganib, xolis axborot beradi. Blogerlar esa eshitganini axborot sifatida eʼlon qilaveradi. Jurnalist esa faqatgina faktga tayanadi. Biroq ayrim saytlar faktcheking qilmaydi. Rasmiy axborot chiqishini kutmay, birlamchi axborotni eʼlon qilish holatlari ham yoʻq emas.

Agar saytlar birlamchi axborotni eʼlon qilsa-yu, undan soʻng rasmiy munosabatlar ham ommaga uzatilsa-da, oʻquvchining ongida birinchi yolgʻon yoki tekshirilmagan axborot qoladi. Keyingi maʼlumotlarga ishontirish qiyin. Rasmiy saytlarning farqi ham shundaki ular birlamchi maʼlumotdan soʻng rasmiy izohlar, munosabatlarni kutadi yoki oʻzi olib eʼlon qiladi.

Baʼzida ayrim mutasaddilarning OAVlarda bor vaziyatni yashirgan holda maqtovlardan iborat maʼlumotlarni aytadi. Bu xuddi shu tarzda ommaga ham eʼlon qilinadi. Biroq Statistika qoʻmitasi yoki Xalqaro tashkilotlarning axborotlarini solishtirganimizda mutasaddining axboroti haqiqatga toʻgʻri kelmasligini koʻrishimiz mumkin. Shu sabab har qaysi mutasaddining axborotini eʼlon qilayotganda faktchekingdan foydalanish lozim. Bu esa oʻz oʻrnida jurnalistni professionallik boʻyicha bir pogʻona yuqoriga koʻtaradi.

Zebo Namozova: Men ishlayotgan nashrda tashkilotlarning nomi bilan bogʻliq yoki kichik kichik faktcheking qilmaslik oqibatida kichik xatolar boʻlgan. Bu esa shu xato kim tomonidan yoʻl qoʻyilganini aniqlashga kirishish sabab nizolarga ham olib kelgan. Lekin katta holatlar boʻlmagan. Biroq bundan keyin jurnalist faktcheking qilishi kerak degan xulosaga kelindi. Bu kelgusida bu jurnalistning sudma-sud yurishiga olib kelishi mumkin.

Yulduz Olimova: Bu borada vaziyatimiz yaxshi deya olmayman. Ahvol qoniqarsiz. Bu koʻp faktorlarga bogʻliq. Sababi hozir axborot zamoni, tezkorlik talab etiladi, raqobat juda kuchli. Jurnalistlar safiga blogerlar kirib kelgan.

Natijada axborotni men birinchi beraman deb tekshirib ham oʻtirishmayapti. Hatto rasmiy manbalar ham tekshirmay berishni odat qilishdi. Bu yaxshi holat emas. Reyting ortidan quvish sabab yolgʻon axborotlar koʻpaymoqda. Oqibatda ommaning jurnalistikaga va axborot tarqatuvchilarga nisbatan hurmati pasaymoqda. Kecha u gapni aytgandi endi bu gapni aytib oʻtiribdi, kabi gap-soʻzlar koʻpayadi. Ishonch esa yoʻqoladi.

–Oʻzingiz va siz ishlayotgan OAVda axborotni faktcheking qilmasdan berish ortidan muammolar yuzaga kelganmi va bu vaziyatdan qanday chiqilgan?

Jamshid Niyozov: Shu yil boshida kuzatilgan anomal sovuqda bir muxbirimiz Tomdida tuyalar boʻgʻziga qadar qorga botib qolgani haqidagi maʼlumotni tekshirmay saytga bervorgan. Muharrirlar ham negadir buning haqqoniyligiga ishonishgan. Keyinchalik izohlarda oʻquvchilarimiz bu voqea 2020-yilda Qozogʻistonda sodir boʻlganini aytishdi.

Mirolim Isajonov: Oʻzim faoliyat yuritayotgan nashr (gazeta.uz) da faktchekingga doimiy amal qilinadi. Doimo ikkinchi tomon ham tinglanadi. Birgina axborotga ishonib ommaga uzatilmaydi. Shu sabab hozirga qadar biron bir muammoga duch kelmaganmiz. Qanaqadir holat boʻlsa-yu uni barcha OAV eʼlon qilsa ham, rahbariyatimiz uni oʻzimiz aniqlashtirishimizni talab qiladi. Yoki tashkilot munosabatini kutishimizni aytadi. Biz xabarlarni kechroq bersak ham uni ishonchli va xolis berish shoiri ostida ishlaymiz.

Zebo Namozova: Juda aniq ayta olmayman. Oʻtgan yili temiryoʻl vokzali haqidagi xabarda muxbirimiz janubiy temiryoʻl vokzalida boʻlgan holatni adashib shimoliy temiryoʻl vokzalida boʻldi deya yozib yuborgan. Material gazetamizda eʼlon qilingan. Mutasaddilar esa xatolik haqida maʼlum qilishgan. Muxbir xatosi sabab materialda chalkashlik boʻlgan, faktcheking qilinmagan.

Yulduz Olimova: Bizda bunaqasi boʻlmagan deya olmayman. Albatta, boʻlgan. Hozir ham boʻlib turadi. Sababi jamoamiz yoshlardan iborat, ayrimlarida tajriba ozgina yetishmaydi. Xabarni tezkor uzatishga qiziqishadi.

Bir muxbirimiz qalampir.uz saytida chiqqan xabarga tayanib material tayyorlagan. Unda Oʻzbekistonda koronavirusning omikron shtammi kirib kelgani aytilgan. Xabarda mutaxassisning omikron haqidagi intervyusi ham joylashtirilgan. Biroq unda omikron kirib kelgani haqida gap-soʻz yoʻq. Muxbirimiz qalampir.uz saytidagi xabarni koʻrgach oʻzida bor eski intervyuni qoʻshib chiqarib yuborgan. Vaholanki oʻsha paytda Oʻzbekistonga omikron kirib kelmagan edi. Material efirga ketganidan keyin shov-shuv boʻldi, ommada vahimaga tushdi. Bizga eʼtirozlar koʻpaydi. Biz holatni tekshirib, muxbirdan axborotni qayerdan olganini soʻraganimizda qalampir.uzdan olganini aytdi. Saytga kirsak xabar saytdan olib tashlagan. Saytlarda oson, oʻchirib tashlash mumkin. Efirga ketgan xabarni esa oʻchirib tashlab boʻlmaydi. Muxbirimiz isbotlab berolmay qoldi. Lavhada manbani ham keltirmagan. U shoshmasdan hech boʻlmasa havola, yoki xabar skrinshotini berganida ham aybni biroz oʻzidan soqit qilgan boʻlardi. Keyingi materialda esa holat obdon oʻrganilib, Oʻzbekistonga omikron kirib kelmagani eʼlon qilingan.

Odatda biz bu kabi holatlardan qanday chiqamiz? Keyingi materialni tayyorlab, atroflicha oʻrganib, uzr soʻraymiz. Yaʼni biz xato qildikmi shundoq mavzuni yopmaymiz. Bu mavzuni kengroq oʻrganib, xatolik uchun uzr soʻraymiz.

– Oʻzbek jurnalistlari maʼlumot, foto, videolarni mustaqil faktcheking qilish, instrumentlardan foydalanish koʻnikmasi qanday?

Jamshid Niyozov: Bu borada xalqaro tashkilotlar tomonidan tez-tez treninglar, seminarlar oʻtkazib turiladi. Ana shunday seminarlarda doimiy qatnashuvchilarda bu malaka yaxshi shakllangan. Chunki u yerda fotofeyk, videofeyklarni qanday ajratish, ularning haqiqiyligi, qayerda olinganini topishni oʻrgatadi. Ammo bu kabi instrumentlar borligidan mutlaqo xabarsizlar soni ancha koʻp deb bilaman.

Mirolim Isajonov: Jurnalistlarda faktcheking qilish koʻnikmasi u qadar yuqori deya olmayman. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlarning tekshirilmagan axborotni eʼlon qilishi va unga munosabat bildirishini koʻramiz. Toʻgʻri, u bu fikrlarni oʻzining shaxsiy sahifasida yozgan. Ammo baribir u faktcheking qilishi kerak.

Zebo Namozova: Menimcha, maʼlum bir auditoriya faktcheking qilish instrumentlari yaxshi oʻzlashtirgan va yaxshi biladi. Biroq hamma ham biladi deya olmayman. Jurnalistlarimizni bu boʻyicha oʻqitish lozim, treninglar tashkil etish kerak.

Yulduz Olimova: Oʻzbek jurnalistikasida bunday koʻnikma u qadar shakllanmagan. Oʻzim faoliyat yuritayotgan OAVda ham ixtisoslashgan OTMlarni bitirib kelgan talabalar ishlaydi. Ammo bilishmaydi. Menimcha, OTMlarda yaxshi oʻtilmayapti shekilli. Oʻzim esa treninglarda ishtirok etib oʻrganganman. Baribir eng asosiysi har bir maʼlumotga shubha bilan qarash kerak. Shundagina axborotni tekshirishga nisbatan xohish boʻladi. Xato fakt esa uquvli jurnalistga gʻalizdek, shubhalidek tuyuladi. Boshqalarni bilmadim. Men sezaman, negadir gʻalati tekshirib koʻrish kerak deyman.

– Sizningcha mediada yolgʻon axborotlar, soxta xabarlar sonini kamaytirish, mediasavodxonlik darajasini oshirish uchun nima qilish kerak?

Jamshid Niyozov: Bugungi kunda oldi-qochdi Telegram kanallari, Youtube yolgʻon maʼlumot tarqatuvchi asosiy platformaga aylanib qoldi. Odamlarimizda axborotni saralash malakasi, toʻgʻrini notoʻgʻridan, rasmiy manbalarni norasmiylaridan farqlash salohiyati yetishmasligi bois buning zarari hozircha u qadar yuqori deb boʻlmasa-da, aholi oʻrtasida yoppasiga vahima tarqaladigan paytlarda haqiqiy boshogʻriqqa aylanadi, qaysidir maʼnoda parokandalikka olib keladi deb oʻylayman. Ularni taqiqlash masalaga yechim boʻla olmaydi. Ana shunday kanallarning maʼmurlarini topish, ularni oʻqitish, nima toʻgʻri nima notoʻgʻri ekanini oʻrgatish, oqibatlaridan ogohlantirish, boshqalar qoʻlida qurolga aylanib qolmasliklarining oldini olishda muhim qadam boʻladi deb hisoblayman. Qolaversa, tegishli tashkilotlar (masalan, AOKA) tomonidan bunday kanal maʼmurlari bilan aloqa oʻrnatilishi notoʻgʻri axborot tarqatilganda ularni zudlik bilan oʻchirish, raddiya berish imkoniyatini ham beradi.

Mirolim Isajonov: Mediada yolgʻon axborotlar va soxta xabarlar sonini kamaytirish uchun avvalo davlat tashkilotlarining matbuot kotiblari OAV va jamoatchilikka doimo ochiq boʻlishi kerak. Masalan, tarmoqlarda qanday axborot tarqalishidan qatʼiy nazar tegishli tashkilot holat yuzasidan tezkor izoh yoki munosabatni eʼlon qilishi kerak. Bu bizga aloqador emas yoki muhim emas, bu eski xabar degan gap-soʻzlar va vajlarni unutish kerak. Deylik eski video tarqaldi. U boʻyicha ham baribir munosabat eʼlon qilish lozim. Agar davlat tashkilotlari OAV va jamoatchilikka yopiq boʻlsa, uning faoliyatiga nisbatan shubhalar va gumonlar paydo boʻladi va yolgʻon axborotlar urchib boradi. Bu oʻz navbatida ommaning jurnalistga va hukumatga nisbatan nafrati va ishonchsizligiga sabab boʻladi.

Misol keltiraman, koronavirus avj olgan vaqtda SSVning faoliyatidan koʻrishimiz mumkin. Biz oʻsha davrda bolalarning virusga chalinayotgani yoki qaysi amaldorlar virusga chalingani haqidagi savollarimizga javob ololmaganmiz. Matbuot anjumanlari ham juda kam oʻtkazilgan edi.

Yana bir omil tashkilot rahbari ham OAVga ochiq boʻlishi lozim. Matbuot kotiblari esa axborot berishdan qoʻrqmasligi kerak. Tanqiddan qachongacha qochishadi?! Toʻgʻri xato axborot berilishi mumkin, yanglish fakt berishar. Biroq asta-sekin xatoliklar tuzatiladi. Qoʻrqib maʼlumot bermagandan oʻz ustida ishlagan yaxshi.

Zebo Namozova: Treninglar oʻtkazish kerak, kurslar tashkil etish kerak jurnalistlar uchun. Ularda jurnalistlarga faktcheking instrumentlaridan foydalanishni oʻrgatish lozim.

Yulduz Olimova: Mediada yolgʻon axborotni urchishini tartibga solish juda ham qiyin vazifa. Sababi media maydonida faqatgina jurnalistlar faoliyat yuritmayapti. Bu maydonda blogerlar bor, shuningdek oʻzini blogerman deb atayotgan axborot yetkazuvchilar juda koʻpayib ketdi. Va ularning asosiy manfaati moddiydir. Feyklarni kamaytirish uchun axborot maydonidagi ishtirokchilarni tartibga solish kerak. Shundagina yolgʻon va soxta xabarlar sonini kamaytirish mumkin. Yaʼni bu maydonda savodlilarni sonini koʻpaytirib, savodsizlarga tushuntirish ishlarini olib borish kerak, menimcha. Hozir istagan inson istagan narsasini yozyapti. Men soʻz erkinligini cheklash kerak demayapman. Axborot yetkazuvchilarni tartibga solish, har xil oʻquv seminarlari tashkil etish, jurnalistikaga ixtisoslashgan universitetlarda shu kabi darslarni koʻpaytirib, amaliyotni kuchaytirish kerak.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.