To‘xtang, tekshiring, toping, kuzating: har kim qo‘llay oladigan SIFT faktcheking usuli
Har kuni telefonimizga yuzlab xabar, video va skrinshot keladi. Ularning har birini chuqur tekshirishga vaqt yo‘q — lekin bunga ehtiyoj ham yo‘q. Raqamli savodxonlik bo‘yicha amerikalik tadqiqotchi Mayk Kolfild (Mike Caulfield) professional faktcheklar ish uslubiga tayanib, bir necha daqiqada qo‘llash mumkin bo‘lgan oddiy usulni ishlab chiqqan. U SIFT deb ataladi — inglizcha to‘rt qadamning bosh harflaridan: Stop, Investigate, Find, Trace.
1. To‘xtang (Stop)
Birinchi qadam eng oddiy, ammo eng muhimi: xabarni ulashishdan oldin to‘xtang. Ayniqsa, u sizda kuchli his-tuyg‘u — g‘azab, qo‘rquv, hayrat yoki «hammaga tezroq aytish kerak» degan istak uyg‘otgan bo‘lsa. Dezinformatsiya aynan shu reaksiyaga tayanadi.
O‘zingizga ikki savol bering: bu manbani bilamanmi va u qanchalik ishonchli? Agar javob «yo‘q» bo‘lsa, keyingi qadamlarga o‘ting.
2. Manbani tekshiring (Investigate the source)
Maqsad — o‘qishdan oldin kimni o‘qiyotganingizni bilish. Buning uchun «lateral o‘qish» usulidan foydalaning: sahifaning o‘zi o‘zi haqida nima deyishiga emas, boshqalar u haqida nima deyishiga qarang. Yangi oynada sayt yoki muallif nomini qidiring. Bu rasmiy idorami, tanilgan nashrmi, yoki bir hafta oldin ochilgan noma’lum kanalmi?
Masalan, yaqinda Rossiyadan qaytayotgan yo‘lovchilarga «Uzautotrans Service» nomidan chipta sotgan sahifalar kompaniyaning haqiqiy avtobus suratlaridan foydalangan. Tanish surat ishonch uyg‘otadi, ammo manba — rasmiy kassa emas, noma’lum e’lon edi.
3. Yaxshiroq yoritilganini toping (Find better coverage)
Ba’zan manbani tekshirishdan ko‘ra, shu da’voni boshqa ishonchli manbalar qanday yoritganini topish tezroq. Agar muhim voqea haqiqatan ro‘y bergan bo‘lsa, u haqda bir nechta mustaqil nashr yoki rasmiy idora yozgan bo‘ladi. Faqat bitta kanal tarqatayotgan «sensatsiya» shubhali.
Oktabr boshida MrBeast’ning Lamborghini’si Toshkentda avariyaga uchragani haqidagi xabar shunday holatlardan biri edi. Bir necha soat ichida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi uni rad etdi, bloger esa mashina Dehlida shikastlanganini aytdi. Rasmiy raddiyani qidirgan odam yolg‘onni ulashmagan bo‘lardi.
4. Asl manbagacha boring (Trace)
Internetdagi ko‘p ma’lumot asl kontekstidan uzilgan holda tarqaladi: iqtibos qisqartiriladi, surat boshqa voqeaga «yopishtiriladi», raqam yarmi bilan keltiriladi. Shuning uchun da’vo, iqtibos yoki suratning ilk manbasini toping va u yerda aynan nima deyilganini o‘qing.
Masalan, «Amudaryo qurib qoldi» degan postlarni tekshirish uchun Suv xo‘jaligi vazirligining asl ma’lumotiga qarash kifoya: unda kuzgi pasayish mavsumiy ekani va daryoda soniyasiga yuzlab kubometr suv oqib turgani ko‘rsatilgan. Suratlar uchun teskari qidiruv (Google Lens, Yandex, TinEye), o‘chirilgan sahifalar uchun esa Wayback Machine arxivi yordam beradi.
Nega bu usul samarali?
SIFT’ning afzalligi — soddaligi. U har bir xabarni to‘liq tergov qilishni talab qilmaydi. Ko‘p hollarda birinchi ikki qadamning o‘zi yetarli: to‘xtab, manbaga qarash shubhali xabarlarning katta qismini filtrlaydi. Usul ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar, Telegram kanallar va yangiliklar saytlaridagi ma’lumotlar uchun mos.
Eng muhimi, SIFT — bir martalik qoida emas, odat. Uni bir necha marta qo‘llagach, «ulashish» tugmasini bosishdan oldin avtomatik ravishda o‘zingizdan «Bu kimdan? Boshqalar nima deyapti? Asli qayerda?» deb so‘raydigan bo‘lasiz. Bu oddiy savollar oilaviy chatlar va do‘stlar guruhlarida yolg‘on tarqalishini to‘xtatishning eng samarali yo‘li.
Manba: Mike Caulfield, «SIFT (The Four Moves)»
