Feyk: mashinalarga “sirena” va “migalka”lar oʻrnatish uchun pullik ruxsatnoma beriladi
4-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda “2021-yil 1-yanvardan boshlab transport vositalariga maxsus tovushli ishoralar beruvchi moslama “SIRENA” yoki yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha “MIGALKA” oʻrnatish uchun bir yiliga BXMning 50 foizi (1 431 660 soʻm) miqdorida pul toʻlab ruxsatnoma berilishi belgilandi”, degan asoslanmagan yolgʻon xabar tarqaldi. Bu haqda IIV YHXBB xabar berdi.
«Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan »Yoʻl harakati qoidalari»ning 3-ilovasi (Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar) 7.21-bandiga koʻra, transport vositalari oʻzboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan boʻlsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli grafik chizmalar, yozuvlar va belgilar boʻlsa bunday transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-noyabrdagi “Avtomototransport vositasi konstruksiyasini va (yoki) uning qismini oʻzgartirish bilan bogʻliq faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnomani taqdim etish va avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 758-son qarorida transport vositalariga toʻlov asosida yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar oʻrnatish uchun ruxsatnoma berilishi boʻyicha maʼlumotlar mavjud emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 127-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni oʻrnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini koʻrish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga toʻsqinlik qiladigan turli ashyolar oʻrnatish va qoplama surtish — ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ijtimoiy tarmoqdagi barcha norasmiy sahifalar egalaridan asoslanmagan, yolgʻon maʼlumotlarni oʻz sahifalarida eʼlon qilmasliklarini soʻrab, yolgʻon maʼlumot tarqatganlik uchun tegishli tartibda javobgarlik mavjudligi haqida ogohlantiramiz», deyiladi xabarda.
