Feyk

Dalia Mogahed kim? U Obamaning kotibasi boʻlganmi?

Barak Obama AQSh prezidentligini Donald Trampga topshirganiga qariyb 4 yil boʻldi. Shunday qilib u Katta Bush (2018-yilda vafot etdi), Klinton, Karter va kichik Bush bilan birga isteʼfoga chiqqan Amerikaning beshinchi tirik prezidenti boʻldi. Uning salaflari allaqachon 70 yoshlarni bosib oʻtgan boʻlsa, Obama atigi 59 yoshda.

Barak Obama prezidentlikni topshirishi bilanoq nihoyat toʻyib uxlayotganini aytgan edi. Sobiq prezident shahzoda Garri bilan BBC Radio 4-ga bergan intervyusida Obama isteʼfoga chiqqandan keyin uning hayoti keskin oʻzgarganini tan oldi. Masalan, endi u yetarli darajada uxlashi, rafiqasi bilan soatlab suhbatlashishi, tinchgina nonushta qilishi va ishiga ham shoshilmasdan kirishishi mumkin.

Janob Obama prezidentlik davrida ham yuzlab feyk axborotlarning qahramoni boʻlgan. Ulardan eng yorugʻ “chaqnagani” 2017-yildagi Vashington universiteti tadqiqotchilaring kashfiyoti boʻldi. Buni albatta feyk deb atash notoʻgʻri boʻlar, biroq videotasvirda sobiq prezident hayotida aytmagan soʻzlarni aytib turishi juda koʻpchilikni ham hayron qoldirdi ham tashvishlantirdi.

Obama hukumatdan ketgandan soʻng ham yangiliklar, xususan feyk yangiliklar sarlavhasidan tushmadi. Obama goh “sherigi” Bayden bilan “Rossiya fitnasi”da gumon qilingan boʻlsa, goh jamiyatning turli arboblari uning xodimlari yoki “hamtovoqlari” ekanligi haqidagi turli xabarlar iskanjasida qoldi.

Xususan, Dalia Mogahed — kelib chiqishi Misrlik boʻlgan amerikalik maslahatchi asosan Facebookda foydalanuvchilar tomonidan Obamaning kotibasi boʻlganligi haqidagi postlar bugungacha qayta qayta qoʻyilmoqda. Factchecking.uz Mogahedning aslida kimligi va Barak Obama bilan qanday aloqalari borligini oʻrgandi.

Dalia Mogahed (1975-yilda tugʻilgan) — kelib chiqishi Misrlik boʻlgan amerikalik konsultant. U Vashingtondagi Ijtimoiy Siyosat va Tushunish Instituti (ISPU) tadqiqotchi direktori, shuningdek, musulmon jamiyatlari va Yaqin Sharqga ixtisoslashgan (Vashingtonda joylashgan) ijrochi murabbiylik va konsalting firmasi — “Mogahed Consulting” prezidenti va bosh direktori. Mogahed butun dunyo musulmonlarining fikrlarini aks ettirish uchun maʼlumotlar va tahlillarni taqdim etgan, partiyasiz tadqiqot markazi — Gallup musulmonlarni oʻrganish markazining sobiq ijrochi direktori. U oʻshanda AQSh prezidenti Barak Obama tomonidan Oq uyning diniy va qoʻshnichilik sherikligi idorasida maslahatchi sifatida tanlangan.

Mogahed AQSh Senatining Xalqaro aloqalar qoʻmitasi oldida AQShning musulmon jamoalari bilan aloqasi toʻgʻrisida guvohlik berishga taklif qilingan va Milliy xavfsizlik boʻyicha maslahat kengashining ekstremizmiga qarshi ishchi guruhiga katta hissa qoʻshgan. U Madeleine Olbrayt va Dennis Ross bilan AQSh-Musulmonlarni jalb qilish loyihasida siyosiy tavsiyalar ishlab chiqishda jonbozlik koʻrsatgan — ularning aksariyati Prezident Barak Obama maʼmuriyati tomonidan qabul qilingan.

Снимок
© Facebook foydalanuvchilaridan biri qoldirgan postdan skrinshot

Facebookda Mogahedning surati joylashtirilgan postlarda u Obamaning kotibasi deya tanishtiriladi va konsultant oʻzining libosi haqida bildirgan fikrlari iqtibos sifatida keltiriladi.

Postdagi (oʻzgartirishsiz, toʻliq) matnda shunday deyiladi:

Suratdagi ayol Obama kotibasi. Undan kiygan kiyimi, hijobi qoloqlik emasmi, bu kiygan kiyimingiz sizning ilmingiz, mansabingiz darajasini aks ettirmaydimi deb soʻrashganida, u “Ilk asrlarda insonlar yarim yalangʻoch kiyingan, insoniyat fikri rivojlangan sari kiyim kiya boshlagan…. Bugun men kiygan kiyim insoniyatning asrlar osha taraqqiy etgan fikrining choʻqqisidir, bu qoloqlik emas…Kiyimsizlik esa inson fikrining qoloqligi va ilk asrlarga qaytishining belgisidir. Agar kiyimsizlik bilan rivojlanish boʻlganida, hayvonlar allaqachon rivojlanib ketgan boʻlar edi” deb javob bergan ekan.

Hijob haqida gap ketgan ushbu postning asl manbasini topishning imkoni boʻlmadi. Katta ehtimol bilan matn Mogahedning mashhur teleboshlovchi Trever Noaning “The Daily Show“ koʻrsatuvidagi intervyusidan yoki Mogahedning TED sahnalarida chiqish qilgan maruzalaridan tarjima qilingan. Agarda tarjima rostdan ham aynan shu koʻrsatuvdan qilingan boʻlsa, unda Mogahedning gaplari Facebookda tarqalgan feyk postdan (Mofahed Obamaning kotibasi boʻlgan emas) ancha farq qiladi. Quyida dialog bilan tanishishingiz mumkin:

  • Noa: Odamlar kiyinishingiz sabab sizga hech zulm qilishganmi?
  • Mogahed: Doim shunday boʻladi.
  • Noa: Sizga zulm qilishadimi? Shunday ham boʻladimi? Oʻzi nega bunday kiyinasiz?
  • Mogahed: Juda yaxshi savol. Shu savolni berishingizni kutgandim. Unda eshiting! Asosiy sababi men hech qachon turmak qilinmagan (toʻzgʻin) sochlarim bilan yurishga majbur boʻlmayman (kuladi). Ikkilamchi sabablari ham bor, misol uchun, bu Allohga oʻzini bagʻishlash demak, yana eʼtiqodimga koʻra bu men rioya qilishim kerak boʻlgan qoida. Soʻrovnoma natijalaridan ham koʻrsangiz boʻladi, hijob oʻraydigan ayollarning aksariyati eʼtiqodi, Allohga boʻlgan sadoqati, oʻzini unga (Allohga) bagʻishlagani sababidan hijob oʻraydilar. Ularni kimdir majbur qilganidan emas, balki eʼtiqodlariga koʻra oʻzlari ishongan va toʻgʻri deb bilgan ish boʻlgani uchun ham hijob oʻraydilar. Men ham sizdan bir savol soʻramoqchiman.
  • Noa: Xoʻp.
  • Mogahed: Zulm haqida gapirarkansiz, umuman menimcha bu tushuncha juda muhim va juda qiziq avvalambor, chunki zulm — kimningdir kuchini tortib olish, toʻgʻrimi?
  • Noa: Toʻgʻri.
  • Mogahed: Hijobning ishi esa ayollarning iffatini yashirish, asosiy ishi shu, boʻldi. Shunday ekan, ayolning iffatini tortib olish yoki yashirish deganimizda, aslida nimani nazarda tutayotgan boʻlamiz? Ayolga nisbatan zulm qilayotgan boʻlamiz. Bu nima degani? Ayolning kuch manbayi nimada ekan?
  • Noa: Yaʼni, ayollar jamiyatda faqat koʻzga tashlanadigan darajada goʻzal boʻlsagina kuchli boʻladimi?
  • Mogahed: Ana topdingiz.
  • Noa: Toʻgʻri tushundimmi?
  • Mogahed: Ha.
  • Noa: Oʻzimga qoyil, men uchun ajoyib yakun boʻldi. Rahmat, rahmat kattakon.

Mogahed umuman intervyu orqali bermoqchi boʻlgan savol esa quyidagicha: “Nima, ayol kishi faqat “jinsiy goʻzal” boʻlib yursagina kuchli sanaladimi, hijob bilan badanni yashirib yursa, bu bilan u kuchsizlanib qoladimi?! Shunday hisoblashingizning oʻzi aslida zulm emasmi?” Demak HIJOB – ZULM deyishingiz bilan siz aslida ayol kuchini cheklab, uni kamsitib, jamiyatda uning faqat “jinsiy goʻzal” boʻlishigina uning oʻrnini belgilab beradi degan tamoyil bilan uni kamsitmayapsizmi?! — demoqchi.

Xulosa shuki, Dalia Mogohed yosh boʻlishiga qaramay nafaqat Islom olami muammolariga ixtisoslashgan dunyodagi eng taniqli sotsiologlardan biri, balki sobiq AQSh prezidenti Barak Obama tomonidan Oq uyning diniy va qoʻshnichilik sherikligi idorasida maslahatchi sifatida tanlangan.

Barak Obamaning kabineti — AQSh Prezidenti Barak Obamaning maʼmuriyati boʻlib, u Amerika Qoʻshma Shtatlarining ijroiya hokimiyatini 2009-yil 20-yanvardan 2017-yil 20-yanvargacha boshqargan. Oraliq davr Obamaning 2008-yil 4-noyabrda prezident etib saylanishidan boshlandi. Oraliq davrda Obama Vazirlar Mahkamasi tarkibi va AQSh Prezidenti maʼmuriyatini eʼlon qildi. 4-noyabrdagi saylovlardan koʻp oʻtmay, Obama Illinoys shtati vakili Ram Emmanuilni Oq uy apparati rahbari etib tanladi.

Mahkamaga dastlabki saylovlarda sobiq raqiblar kiritilgan: Hillari Rodxem Klinton davlat kotibi va Bill Richardson AQSh savdo kotibi sifatida.

1-dekabr kuni Obama Robert Geytsni mudofaa vaziri sifatida koʻrishni xohlashini eʼlon qildi, birinchi marta mudofaa vaziri prezidentlik partiyasini almashtirish paytida oʻz lavozimini saqlab qoldi.

 

Factchecking.uz

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.