Feyk

Gulnora Karimova o‘z joniga qasd qilgani haqidagi gaplar feykmi?

Joriy yilning oktyabrida Gulnora Karimovaning qizi onasining sog‘ligidan xavotirdaligini yozgan edi. Iman Karimovaning aytishicha, bir necha kun ichida onasining sog‘ligi yomonlashgan va shifoxonaga yotqizilib, ikki tomonlama o‘tkir «pnevmoniya» tashxisi qo‘yilgan. Ta’kidlanishicha, bu haqda Karimovaning advokatlariga xabar berilgan. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda Karimova o‘z joniga qasd qilgani haqida ham axborotlar tarqalib ketdi.

Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning jazoni ijro etish muassasasida sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

12-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mutasaddilar Gulnora Karimovaning koronavirusga chalingani, ahvoli og‘irlashgani yoki o‘z joniga qasd qilgani haqida tarqalgan xabarlar qanchalik haqiqatga mosligi haqida savolga javob berdi. Daryo.uz nashrining yozishicha, IIV polkovnigi Umida Abdullayeva mazkur masala yuzasidan bayonot berar ekan, «O‘z joniga qasd qildi degan yoki boshqa noxush holat haqidagi gaplar asossiz. Gulnora Karimova sud tomonidan belgilangan jazo muddatini o‘tamoqda», — dedi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva esa bu gaplarni “mish-mishlar” deb atadi.

“Bularning bari, aytganingizdek, mish-mishlar, asoslanmagan faktlar”, — dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva jurnalistga javoban. “O‘z joniga qasd qildi degan yoki boshqa noxush holat haqidagi gaplar asossiz. Gulnora Karimova sud tomonidan belgilangan jazo muddatini o‘tamoqda”, — deya qo‘shimcha qildi IIV polkovnigi Umida Abdullayeva.

Karimova mavzusidagi soʻzi davomida Tanzila Norboyeva “Gender tengligi haqida gapiryapmiz — ayolmi, erkakmi, jinoyat qilsa, teng javob berishi kerak”, deya taʼkidlagan.

«Gazeta.uz» nashri o’z ishonchli manbasiga tayanib xabar berishicha, Gulnora Karimova ikki marotaba koronavirusga test topshirgan va har safar uning javobi salbiy chiqqan. Unga yordam ko‘rsatilmayotgani va tazyiq o‘tkazilayotgani ham o‘z tasdig‘ini topmadi.

Oktabr oyida ijtimoiy tarmoqlar va OAVda belgilangan jazo muddatini Zangiotadagi koloniyada o‘tayotgan Gulnora Karimovaning salomatligi yomonlashgani, u o‘pka yallig‘lanishi tashxisi bilan sanitariya qismiga yotqizilgani, u koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Bu haqda, jumladan, Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova tomonidan yuritilishi taxmin qilinadigan Instagram’dagi @iman.k17 akkauntida ham xabar qoldirilgan.

Eslatib o’tamiz, Gulnora Karimova jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017-yil 18-dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan (bu Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan bir necha jinoyat ishlaridan faqat biri bo‘yicha chiqarilgan hukm), biroq sudning 2018-yil 1-iyuldagi ajrimiga muvofiq, “insonparvarlik nuqtayi nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganligini e’tiborga olgan holda”, unga tayinlangan jazoni 5 yillik uy qamog‘iga almashtirilgan.

Shundan so‘ng Gulnora Karimova, ma’lum bir cheklovlarga rioya etish sharti bilan, qizi Imon Karimovaning Toshkentdagi uyida yashay boshlagan. Biroq jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi uchun (e’tiborga molik tomoni, bu belgilangan tartibning birinchi marta buzilishi bo‘lmagan) u jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi qarori bilan 2019-yil 5-mart kuni uy qamog‘idan Zangiota tumanidagi 21-son umumiy tartibdagi koloniyaga o‘tkazilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xabarlar sabab, Karimovaning qamoqxonadagi sharoitlari yuzasidan Ombudsman, Adliya vazirligi va IIV o‘rganish va suhbatlar o‘tkazgan edi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.