Davlat hisobidan to‘langan Tramp reklamalari: ijtimoiy reklamami yoki saylovoldi targ‘iboti?
AQShda oraliq saylovlarga bir necha hafta qolganda Tramp ma’muriyati prezident Donald Tramp aks etgan va uning siyosatini targ‘ib qiluvchi bir qator videoreklamalarni efirga chiqardi. Reklamalarda «AQSh hukumati tomonidan to‘langan» degan yozuv bor. The New York Times gazetasi AdImpact xizmatiga tayanib, ularni efirga uzatishga 1 million dollardan ortiq mablag‘ sarflangan bo‘lishi mumkinligini yozdi. Qaysi davlat idorasi pul to‘layotgani noma’lum.
Reklamalardan biri — Tramp 2024-yilgi saylov kampaniyasida ishlatgan «Final Battle» («So‘nggi jang») videosining deyarli aynan nusxasi. 2024-yilgi versiyalari Trampga ovoz berishga chaqiruv bilan tugagan edi. 24-sentabr kuni bir guruh demokrat qonunchilar Oq uy apparati rahbariga xat yo‘llab, reklamalar federal qonunni buzishini va efirdan olib tashlanishi kerakligini bildirdi.
Oq uy esa bular saylovoldi reklamasi emas, ijtimoiy reklama ekanini aytib, ularni Jorj Bush davridagi Medicare, Barak Obama davridagi Affordable Care Act va Jo Bayden davridagi COVID-19 emlash reklamalariga qiyosladi. Biroq PolitiFact (Poynter) va FactCheck.org 29-sentabrda e’lon qilgan tahlillarida so‘ralgan huquqshunoslar bu qiyosni asossiz deb topdi: oldingi kampaniyalar fuqarolarga davlat dasturlaridan qanday foydalanishni tushuntirgan, Tramp reklamalari esa bunday ma’lumot bermaydi.
Federal qonun davlat mablag‘larini «reklama yoki targ‘ibot» (publicity or propaganda) uchun sarflashni taqiqlaydi. AQSh Hisob palatasi (GAO) bu taqiq doirasiga o‘zini ulug‘lash, yashirin targ‘ibot va sof partiyaviy materiallarni kiritadi. Ayrim ekspertlarning aytishicha, reklamalar qonunni buzgan-buzmagani qaysi idoraning mablag‘i ishlatilganiga va o‘sha idoraning byudjet qonunida bunday taqiq bor-yo‘qligiga bog‘liq.
Manbalar: Poynter / PolitiFact (29-sentabr); FactCheck.org (29-sentabr)
