Yangiliklar

Nega jahon yulduzlari Markaziy Osiyoga kelmoqda? Shakira, Kanye West va J.Lo ortidagi sabablar

Konsertdagi tomoshabinlar
© Shixart1985 / Wikimedia Commons, CC BY 2.0

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo jahon miqyosidagi musiqachilar uchun tobora ko‘proq qiziq bo‘layotgan bozor sifatida namoyon bo‘lmoqda. Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda yirik xalqaro konsertlar o‘tkazilayotgani bunga misol.

Germaniyalik, Qozog‘istonda yashovchi Thorsten Gutmann LinkedIn’dagi maqolasida bu tendensiyaga e’tibor qaratdi. Uning yozishicha, Shakiraning Qirg‘izistondagi konserti Markaziy Osiyodagi ilk chiqishi bo‘lishi kutilmoqda. Muallif buni mintaqada yirik konsertlar uchun infratuzilma, auditoriya va biznes imkoniyatlari shakllanayotganining belgisi sifatida baholaydi.

Gutmann Markaziy Osiyoga kelgan jahon yulduzlari qatorida Jennifer Lopezni ham tilga oladi. Jennifer Lopez 2025-yilda Qozog‘iston va O‘zbekistonda chiqish qilgan. Xususan, u Ostona, Olmaota va Toshkentda konsert dasturlari bilan muxlislar oldida chiqish qilgan edi.

Demak, Markaziy Osiyo uchun jahon pop-madaniyatining eng yirik nomlari allaqachon yangi hodisa emas. J.Lo’ning mintaqadagi konsertlari ham buning amaliy misollaridan biri.

Shakira 2026-yil oktabr oyida Bishkekda konsert berishi rejalashtirilgan. Muallifning yozishicha, chiptalar savdosining dastlabki kunidayoq 13 mingdan ortiq chipta sotilgan va xaridorlar 22 mamlakatdan bo‘lgan.

2026-yil yozida Kanye West Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Markaziy stadionda chiqish qilgan. Konsertga qariyb 31 ming tomoshabin kelgani aytiladi.

Backstreet Boys ham Qozog‘istonda ikkita stadion konsertini o‘tkazgan. Ulardan biri uchun Ostona shahriga 45 mamlakatdan 12 mingdan ortiq muxlis kelgani qayd etiladi.

Bu raqamlar muhim bir jihatni ko‘rsatadi: yirik konsertlar faqat mahalliy auditoriyaga xizmat qilmayapti. Ular qo‘shni davlatlardan muxlislarni ham jalb qilmoqda.

Nega aynan Markaziy Osiyo?

Birinchisi — infratuzilma. Katta xalqaro konsertni o‘tkazish uchun katta stadion yoki arena kerak. Minglab, ba’zan o‘n minglab tomoshabinlarni sig‘dira oladigan maydon bo‘lmasa, bunday tadbir iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashi qiyin.

Masalan, Qirg‘izistonda yangi 51 ming o‘rinli arena qurilgani yirik xalqaro ijrochilar uchun imkoniyatlarni kengaytirishi mumkin.

Ikkinchisi — moliyaviy imkoniyat. Jahon yulduzining konserti faqat artist gonoraridan iborat emas. Tashkiliy xarajatlarga ijodkor va uning jamoasi parvozi, mehmonxona, texnik uskunalar, sahna, xavfsizlik va boshqa logistika xarajatlari ham kiradi. Shu sababli bunday konsertlarni tashkil etish uchun katta xususiy kompaniyalar va investorlarning ishtiroki muhim.

Uchinchisi — talab. Mintaqa aholisi xalqaro yulduzlarning konsertlariga pul to‘lashga va buning uchun boshqa shaharga yoki hatto boshqa davlatga borishga tayyor ekanini ko‘rsatmoqda.

Shakira konserti misolida Gutmann muxlislar uchun fan-zone chiptasi taxminan 460 dollar turishini yozadi. Bu Qirg‘izistondagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan juda katta summa bo‘lishiga qaramay, talabning mavjudligi mintaqadagi konsert bozori salohiyatini ko‘rsatadi.

Konsert — faqat musiqa emas

Yirik xalqaro konsertlarning iqtisodiy ta’siri sahnadagi ijro bilan tugamaydi. Minglab xorijiy muxlislarning kelishi aviaqatnovlar, mehmonxonalar, restoranlar, transport, savdo va turizm xizmatlariga qo‘shimcha talab yaratadi.

Shu ma’noda, Markaziy Osiyoda xalqaro konsertlar sonining ko‘payishi mintaqadagi event economy — tadbirlar iqtisodiyoti rivojlanayotganining belgisi bo‘lishi mumkin.

Bunda Qozog‘iston hozircha mintaqadagi eng faol bozorlardan biri sifatida ko‘rinmoqda. Ammo O‘zbekiston ham yirik xalqaro ijodkorlar uchun tobora muhim yo‘nalishga aylanmoqda. Jennifer Lopezning Toshkentdagi konserti bunga yaqqol misol.

Markaziy Osiyo musiqa bozoriga aylanmoqdami?

Birgina Shakira yoki Kanye Westning konserti asosida “Markaziy Osiyo jahon musiqa bozorining yangi markaziga aylandi”, degan xulosaga kelish erta bo‘lishi mumkin.

Biroq tendensiya aniq: xalqaro artistlar mintaqaga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda, yangi arenalar qurilmoqda, xususiy kompaniyalar yirik shoularga sarmoya kiritmoqda va muxlislar qo‘shni davlatlarga konsert uchun sayohat qilmoqda.

Bir vaqtlar global musiqa industriyasi uchun nisbatan noma’lum bo‘lgan Markaziy Osiyo endi yirik konsert turlarining xaritasida paydo bo‘lmoqda.

J.Lo’ning Toshkentdagi konserti esa bu jarayon hali boshlanishini kutayotgan hodisa emasligini ko‘rsatdi — u allaqachon sodir bo‘lgan.

Savol endi boshqa: Markaziy Osiyoga navbatdagi konsrti bilan kim keladi?

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.