OpenAI atrof-muhitni anglay oladigan va harakatlana oladigan aqlli kolonka chiqarishni rejalashtirmoqda
OpenAI o‘zining ilk qurilmasini — insondek muloqot qila oladigan aqlli kolonkani taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bu esa aqlli kolonkalarga bo‘lgan talab pasayib borayotgan va kompaniyaning o‘zi milliardlab dollar zarar ko‘rayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Bu haqdagi ma’lumotni Bloomberg agentligi e’lon qildi. Jurnalist Mark Gurmanning yozishicha, yangi qurilma qayta zaryadlanuvchi kolonka bo‘lib, kamera, atrof-muhitni aniqlovchi sensorlar hamda harakatlanuvchi mexanik qismlar bilan jihozlanadi.
Joriy yil bahorida OpenAI’ning sobiq top-menejeri Fidzi Simo kompaniya xodimlarini Sora kabi qimmat va ikkinchi darajali loyihalar asosiy maqsaddan chalg‘itishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Aprel oyida Sora loyihasi yopilgan. Ayrim mutaxassislar yangi kolonkani ham shunday tavakkal loyihalardan biri deb hisoblamoqda.
Aqlli kolonka va aqlli displeylar bozori bir necha yildan beri qisqarib bormoqda. IDC tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda yetkazib berish hajmi 16,3 foizga, 2024-yilda esa yana 11,8 foizga kamaygan. 2025-yilda Alexa+ ishga tushirilishi pasayishni biroz sekinlashtirgan bo‘lsa-da, bozor yana 6,7 foizga qisqargan. 2026-yil oxiriga borib yana 9,6 foizlik pasayish kutilmoqda, shundan keyingina bozor barqarorlashishi prognoz qilinmoqda.
IDC’ning qurilmalar bo‘yicha tadqiqotlar direktori Jitesh Ubranining fikricha, foydalanuvchilar eski aqlli kolonkasini yangisiga almashtirishga ehtiyoj sezmayapti. Chunki yangi funksiyalar asosan bulut orqali qo‘shiladi, qurilmalarning o‘zi esa asosan musiqa tinglash, podkast eshitish yoki taymer o‘rnatish kabi oddiy vazifalar uchun ishlatiladi.
OpenAI uchun bu bozorga kirish oson bo‘lmaydi. Bozorda yirik kompaniyalar allaqachon mustahkam o‘rin egallagan, mahsulotlar esa bir-biridan unchalik farq qilmaydi. Bundan tashqari, narx ham muhim omil. Tarixan 100 dollargacha bo‘lgan arzon kolonkalarga talab yuqori bo‘lgan, kamera va harakatlanuvchi mexanizmlarga ega yangi qurilma esa ancha qimmatga tushadi. Ubranining fikricha, ko‘pchilik 300 dollarlik kolonkani xarid qilishga tayyor emas, shu sababli OpenAI arzonroq variantlarni ham taklif qilishi kerak bo‘ladi.
OpenAI yangi qurilmaning asosiy ustunligi sifatida uning inson darajasida muloqot qila olishini ko‘rsatmoqda. Bunga dupleks arxitekturasi asosida yaratilgan GPT-Live-1 ovoz modeli yordam beradi. Ushbu model foydalanuvchi nutqini tinglash va javobni bir vaqtning o‘zida qayta ishlaydi. Natijada suhbat tabiiyroq kechadi, tizim vaqtni yaxshiroq tushunadi va real vaqt rejimida tarjima qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shunga o‘xshash imkoniyatlarni Amazon ham o‘tgan yili Alexa+ taqdimotida va’da qilgan edi. Alexa+ foydalanuvchining kayfiyatini aniqlash va avvalgi suhbatlarni eslab qolish funksiyalariga ega bo‘ldi. Biroq bu bozor rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmadi.
Yana bir muhim savol — daromad masalasi. Bozor yetakchisi Amazon ham yillar davomida Alexa’dan barqaror foyda ololmadi. Echo kolonkalari deyarli tannarxda sotilgan, musiqa qo‘yish kabi oddiy buyruqlar esa kompaniyaga deyarli daromad keltirmagan. 2022-yil boshida Alexa, Echo va Prime Video yo‘nalishlari uchun mas’ul bo‘linma 3 milliard dollar operatsion zarar ko‘rgan, uning katta qismi aynan Alexa bilan bog‘liq bo‘lgan.
Shunga qaramay, OpenAI’ning apparat qurilmalari bozoriga kirishida mantiq bor. Sun’iy intellekt faqat brauzer ichida ishlash bilan cheklanib qolmasligi, atrofdagi dunyoni ham tushuna olishi kerak. Buning uchun esa o‘ziga tegishli apparat platformasi zarur. Aqlli kolonka yaratish esa smartfon yoki aqlli ko‘zoynak ishlab chiqishga qaraganda arzonroq va texnik jihatdan soddaroq hisoblanadi.
Shu bilan birga, OpenAI hali ham zarar bilan ishlamoqda. Moliyaviy hisobotlar sizib chiqishiga ko‘ra, kompaniya 2024-yilda 5,09 milliard, 2025-yilda esa 38,5 milliard dollar zarar ko‘rgan. Kamida 2030-yilgacha foyda olish rejalashtirilmayapti. Shu sababli ko‘plab mutaxassislar yangi aqlli kolonka kompaniyaning moliyaviy holatini tubdan o‘zgartira olmaydi, deb hisoblamoqda. Ularning fikricha, xavflarni kamaytirish uchun OpenAI narx siyosatini puxta ishlab chiqishi va bozorga bosqichma-bosqich kirishi maqsadga muvofiq.
