Sun’iy intellektni chalg‘itadigan shaffof niqob yaratildi
Sun’iy intellekt asosidagi yuzni aniqlash tizimlari tobora keng tarqalib borayotgan bir paytda, dizaynerlar shaxsiy hayotni himoya qilishning yangi usullarini izlamoqda.
Niderlandiyalik dizayner kameralar va yuzni aniqlash algoritmlarini chalg‘itadigan, ammo insonning mimikasini yashirmaydigan shaffof niqob yaratdi. Shu sababli odamlar bir-birining haqiqiy his-tuyg‘ularini bemalol ko‘ra oladi. O‘ziga xos shakli tufayli niqob kameralar va algoritmlarning yuzni qanday qabul qilishini o‘zgartiradi.
Loyiha «Surveillance Exclusion» deb nomlanadi. Uning muallifi Yip van Levensteyn ushbu niqobni Utrext san’at maktabida tahsil olayotgan vaqtida yaratgan. Dastlab bu san’at loyihasi sifatida boshlangan bo‘lsa, keyinchalik texnologiya, dizayn va maxfiylikni himoya qilish sohasidagi mutaxassislarning e’tiborini tortdi.
Bugungi kunda ushbu ishlanma ommaviy videokuzatuv va sun’iy intellekt yordamida yuzni aniqlash texnologiyalariga oid bahslar kuchayib borayotgan bir paytda internetda muntazam ravishda virusdek tarqalmoqda. Loyiha jismoniy dizayn yordamida ham avtomatik identifikatsiya tizimlarining ishini ancha murakkablashtirish mumkinligini ko‘rsatadi.
