Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqi: yoshni tekshirish tizimida muammo aniqlandi
Sinov guruhi ro‘yxatdan o‘tishda o‘z yoshini 16 deb ko‘rsatib, akkauntlarga hech qanday to‘siqsiz kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Avstraliyada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarning yoshini tekshirish tizimi kutilganidek ishlamayotgani ma’lum bo‘ldi. Muammo mamlakat hukumati 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning onlayn platformalardan foydalanishini taqiqlaganidan ko‘p o‘tmay aniqlandi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
2025-yil dekabr oyidan boshlab Avstraliya qonunchiligiga ko‘ra, Instagram, Snapchat va YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlar 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga akkaunt ochishga ruxsat bera olmaydi. Shu bilan birga, hukumat platformalarga foydalanuvchilarning yoshini aniqlash uchun bir necha bosqichli tekshiruv tizimlaridan foydalanishni tavsiya qilgan.
Mazkur cheklovlarni joriy etish bo‘yicha Avstraliya hukumatiga maslahat berayotgan kompaniya o‘tkazgan tadqiqot esa amalda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilardan yoshini tasdiqlovchi qo‘shimcha ma’lumot yoki hujjat talab qilmayotganini ko‘rsatdi.
Dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazuvchi mutaxassislar 1 mingdan ortiq avstraliyalik ishtirokida yoshni tasdiqlash mexanizmlarini tekshirish jarayonida taqiq ostidagi 10 ta platformada jami 50 ta akkaunt yaratdi. Ro‘yxatdan o‘tishda tadqiqotchilar o‘z yoshini 16 deb ko‘rsatdi va barcha akkauntlarga hech qanday qo‘shimcha tekshiruvsiz kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Faqat Kick jonli efir platformasi bundan mustasno bo‘lib, foydalanuvchining yoshiga shunchaki ishonib akkaunt ochishni rad etdi.
Jurnalistlar faqat Meta kompaniyasi vakilidan izoh olishga muvaffaq bo‘ldi. Boshqa ijtimoiy tarmoqlar esa so‘rovga javob bermadi yoki uni e’tiborsiz qoldirdi. Meta vakili tadqiqotchilar xulosalariga qo‘shilmasligini bildirib, o‘tkazilgan tajriba davlat regulyatori ko‘rsatmalariga to‘liq mos kelmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshni qo‘shimcha tekshirish faqat foydalanuvchining xatti-harakatlari uning ro‘yxatdan o‘tish uchun yetarli yoshda emasligini ko‘rsatganida yoki akkaunt yuzasidan tegishli shikoyatlar kelib tushgan taqdirdagina amalga oshirilishi kerak.
