Yangiliklar

Amaldorlarga eng yaxshi nomlar ajratiladi. WhatsApp foydalanuvchi nomlarini oldindan band qilishni boshlaydi

Messenjyerlar tobora ko‘proq shaxsiy muloqotni telefon raqamidan ajratishga intilmoqda. WhatsApp esa foydalanuvchilar uzoq kutgan imkoniyatni — begona odamlar bilan muloqotda telefon raqamini yashirish funksiyasini joriy etishga tayyorlanmoqda. Kompaniya ushbu yangi maxfiylik funksiyasining asosi bo‘ladigan foydalanuvchi nomlarini (username) oldindan band qilish imkoniyatini ishga tushirdi.

Hozircha WhatsApp barcha foydalanuvchilar uchun funksiyani to‘liq ishga tushirmayapti. Ayni paytda faqat foydalanuvchi nomini oldindan band qilish imkoniyati bosqichma-bosqich taqdim etiladi. Kelgusi bir necha oy davomida bu imkoniyat mamlakatlar kesimida navbatma-navbat ochiladi va uning mavjudligi haqida foydalanuvchilarga alohida xabar yuboriladi.

Funksiya ishga tushirilgach, kontaktlar ro‘yxatida foydalanuvchining telefon raqami saqlanmagan odamlar uning @user ko‘rinishidagi foydalanuvchi nomini ko‘ra oladi. Bunday ilk muloqotda telefon raqami yashirin qoladi. Shu bilan birga, foydalanuvchi nomlari bo‘yicha ochiq katalog yoki qidiruv tavsiyalari bo‘lmaydi. Kim bilandir bog‘lanish uchun uning aniq foydalanuvchi nomini bilish kerak bo‘ladi.

WhatsApp qo‘shimcha ravishda foydalanuvchi nomi uchun ixtiyoriy maxsus kalit (username key) funksiyasini ham joriy etadi. Yangi foydalanuvchi nomi orqali ilk bor bog‘lanmoqchi bo‘lgan shaxs ushbu kalitni ham bilishi kerak bo‘ladi. Bu mexanizm foydalanuvchi nomi begona odamlarga ma’lum bo‘lib qolgan taqdirda ham keraksiz xabarlar xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Oldindan band qilingan foydalanuvchi nomini istalgan vaqtda o‘zgartirish yoki o‘chirib tashlash mumkin. Biroq nom o‘chirib tashlansa, uni boshqa foydalanuvchi egallashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, WhatsApp ayrim foydalanuvchi nomlarini oldindan davlat idoralari, jamoat arboblari va kompaniyalar uchun zaxirada saqlaydi. Bu ularning nomlari oddiy akkauntlar tomonidan egallab olinmasligi uchun qilinadi.

Funksiya to‘liq ishga tushirilguniga qadar foydalanuvchilarga WhatsApp’ni so‘nggi versiyaga yangilash va Sozlamalar → Hisob → Foydalanuvchi nomi (Username) bo‘limini tekshirib turish tavsiya etiladi. Foydalanuvchi nomini tanlashda uni keyinchalik o‘chirib tashlasangiz, boshqa odam egallashi mumkinligini yodda tutish lozim. Shuningdek, yangi foydalanuvchi nomi orqali siz bilan bog‘lanishni yanada qat’iy cheklamoqchi bo‘lsangiz, qo‘shimcha xavfsizlik kalitini yoqish tavsiya etiladi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.