Qozog‘iston migrantlar markazlari ochilishi haqidagi xabarlarni rad etdi
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hududida Yevropa Ittifoqi tomonidan deportatsiya qilinadigan migrantlarni joylashtirish bo‘yicha markazlar tashkil etilishi haqidagi xabarlarni rad etdi.
TIV rasmiy vakili Yerlan Jetiubayevning ma’lum qilishicha, Qozog‘iston hozirda Yevropa Ittifoqi bilan boshpana berish rad etilgan migrantlarni mamlakat hududiga qabul qilish masalasi bo‘yicha hech qanday muzokaralar olib bormayapti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim ommaviy axborot vositalarida tarqalgan Qozog‘istonning Yevropa migratsiya tashabbuslarida ishtirok etishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bilan birga, Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik davom etmoqda. Jumladan, tomonlar Qozog‘iston fuqarolari uchun viza rejimini soddalashtirish masalasini muhokama qilmoqda. Bundan tashqari, readmissiya to‘g‘risidagi kelishuv yuzasidan maslahatlashuvlar olib borilmoqda.
TIV vakilining ta’kidlashicha, readmissiya kelishuvi faqat Yevropa Ittifoqi hududiga noqonuniy kirgan yoki u yerda noqonuniy qolib ketgan Qozog‘iston fuqarolarini vatanga qaytarishni nazarda tutadi. Bu jarayon uchinchi davlat fuqarolarini qabul qilish bilan bog‘liq emas.
Avvalroq Politico nashri Yevropa Ittifoqi Qozog‘iston va O‘zbekistonni migratsiya sohasidagi potensial hamkorlar sifatida ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi. Nashrga ko‘ra, Yevropada boshpana olish so‘rovi rad etilgan migrantlar uchun Markaziy Osiyo davlatlarida maxsus “qaytish markazlari” tashkil etilishi ehtimoli muhokama qilinmoqda.
Biroq Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bunday markazlarni tashkil etish masalasi mamlakat bilan muhokama qilinmayotganini va bu borada hech qanday kelishuv mavjud emasligini ma’lum qildi.
