Yangiliklar

Toshkent uchun yangi aeroport qurilgach, hozirgi aeroport yopiladi

Toshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurilishi 2026 yil iyul oyida boshlanishi rejalashtirilmoqda. Yangi aeroport foydalanishga topshirilgach, hozirgi aeroport faoliyati to‘xtatiladi. Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qilgan.

Unga ko‘ra, loyiha bo‘yicha konseptual yechim va xususiy hamkor bilan asosiy kelishuvlar allaqachon ishlab chiqilgan. Hozirgi aeroport hududidan keyinchalik qanday foydalanilishi esa hali aniq emas.

Ma’lum qilinishicha, davlat-xususiy sheriklik asosidagi bitim yakuniy bosqichga yetgan bo‘lib, uni may oyi o‘rtalarigacha imzolash rejalashtirilgan. Shundan so‘ng loyiha hukumat tomonidan ko‘rib chiqiladi va barcha ruxsatnomalar olingach, qurilish ishlari boshlanadi. Prezident tomonidan iyul oyidan ishlarni boshlash bo‘yicha topshiriq berilgan.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, Toshkent aeroportida yo‘lovchilar oqimi yildan yilga tez sur’atlarda oshmoqda. Prognozlarga ko‘ra, mavjud aeroport 2029 yilga kelib o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga solib bo‘ladi. Shu sababli yangi aeroportning quvvati hozirgisidan kamida ikki baravar katta bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Yangi xalqaro aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, 1300 gektar maydonda barpo etiladi. Qurilish loyihasi Saudiya Arabistonining Vision Invest, Yaponiyaning Sojitz va Koreyaning Incheon kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Loyihaning birinchi bosqichida 2,5 milliard dollar evaziga aerovokzal va aerodrom qurilishi rejalashtirilgan. Yangi aeroport yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyasini amalga oshirish, 14 ta teleskopik trapdan foydalanish va bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni joylashtirish imkoniyati yaratiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2025 yillarda Toshkentga aviayo‘lovchilar oqimi uch baravar oshib, yiliga 9 million kishiga yetgan. 2040 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 24 milliondan oshishi prognoz qilinmoqda. Hozirgi aeroport esa yiliga 11 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, shahar hududida joylashgani sababli uni kengaytirish imkoniyati cheklangan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.