Yangiliklar

App Store’da firibgarlik: feyk kriptoilova bir haftada millionlarni o‘g‘irladi

Apple zudlik bilan App Store’dan bir vaqtning o‘zida ikkita bahsli ilovani olib tashladi va har ikkala holat ham do‘kon moderatsiyasi obro‘siga jiddiy zarba berdi. Gap foydalanuvchilarni millionlab dollar yo‘qotishga olib kelgan soxta kriptohamyon hamda oson daromad va’dasi ostida shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ishda gumon qilingan Freecash xizmati haqida bormoqda.

CoinDesk ma’lumotlariga ko‘ra, soxta Ledger Live ilovasi 7-aprel kuni App Store’da paydo bo‘lgan va atigi bir necha kun ichida kamida 50 nafar foydalanuvchini talon-toroj qilgan. Bitcoin, Ethereum, Solana, Tron va XRP egalari jabrlangan. Uch nafar foydalanuvchi ayniqsa katta miqdordagi mablag‘ni yo‘qotgan, jumladan 3,2 million dollardan ortiq USDT, 2 million dollardan ziyod USDC hamda qariyb 2 million dollar miqdorida Bitcoin, Ethereum va stETH.

Ma’lum qilinishicha, o‘g‘irlangan mablag‘lar izi kriptovalyuta tranzaksiyalarini yashirishga xizmat qiluvchi servis bilan bog‘liq KuCoin platformasidagi to‘ldirish manzillariga olib borgan. Material e’lon qilingach, Apple soxta Ledger Live’ni olib tashladi va keyinchalik ishlab chiquvchi akkauntini ham yopdi.

Deyarli bir vaqtning o‘zida Apple Freecash ilovasini ham do‘kondan o‘chirib tashladi. TechCrunch ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ilova TikTok’da video tomosha qilish orqali daromad topish va’dalari bilan faol targ‘ib qilingan, ammo amalda model foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini mukofot evaziga yig‘ishga asoslangan. Servis sog‘liq, din, irq, jinsiy hayot kabi sezgir ma’lumotlarni to‘plagan va ularni mobil o‘yinlar hamda reklama takliflari uchun auditoriya tanlashda ishlatgan.

Freecash tarixining o‘zi ham qo‘shimcha savollarni keltirib chiqardi. Ilovaning Almedia GmbH tomonidan chiqarilgan avvalgi versiyasi 2024-yil o‘rtalaridayoq App Store’dan olib tashlangan edi. Keyinchalik Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan 256 Rewards Ltd kompaniyasining Rewards nomli ilovasi Freecash deb qayta nomlanib, reytinglarda yuqori o‘rinlarga ko‘tarilgan.

Jurnalistlar bu qaytish avvalgi cheklovlarni chetlab o‘tish uchun boshqa ishlab chiquvchi akkaunti orqali amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Nashr murojaatidan so‘ng Apple Freecash’ni ham olib tashladi va firibgarlik hamda aldamchi harakatlarga qarshi qoidabuzarliklarni sabab qilib, ishlab chiquvchi akkauntini blokladi.

Apple eslatishicha, o‘tgan yilning o‘zida kompaniya xizmat mohiyatini soxtalashtirgani uchun 17 mingdan ortiq ilovani rad etgan yoki o‘chirgan, 320 mingdan ziyod yig‘ilmani spam va firibgarlik usullari sabab bekor qilgan, shuningdek 37 mingdan ortiq potensial zararli dasturlarni e’lon qilinishidan oldin bloklagan. Shunga qaramay, so‘nggi hodisalar shuni ko‘rsatadiki, bunday keng ko‘lamli filtrlash tizimlariga qaramasdan ham xavfli ilovalar “olma do‘koni”ga kirib borish yo‘lini topmoqda.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.