Yangiliklar

Tadqiqot: Yevropa va dunyoda dinga ishonmaydiganlar ulushi oshib bormoqda

Pew Research Centre tadqiqotchi olimlariga ko‘ra, tobora ko‘proq odamlar o‘zini biror diniy oqim bilan bog‘lashni istamayapti. Bundaylar hozirda Yer aholisi­ning qariyb chorak qismini tashkil etadi. Markaz mutaxassislari Yevropa aholisi o‘zgarayotgani bilan birga qit’aning diniy manzarasi ham o‘zgarayotganini ta’kidlashadi.

Mintaqada mavjud konfessiyalar sonini tahlil qilgan olimlar xristianlar ulushi kamayib borayotganini, biroq ular hanuz Yevropadagi eng yirik diniy guruh bo‘lib qolayotganini aniqlashdi.

Hisob-kitoblar 2010–2020-yillar oralig‘ini qamrab olgan. Pew Research Centre yozishicha, shu davrda Yevropada o‘zini xristian deb hisoblaydiganlar ulushi aholi tarkibida 74 foizdan 6 foizgacha kamaygan. “Yevropada hali ham har uch kishidan taxminan ikkitasi o‘zini xristian deb biladi. Ammo 2010-yilda bundaylar to‘rttadan uchtani tashkil etgan edi”, deya tushuntiradi markazning katta demografi Konrad Hakket.

Fransiya va Buyuk Britaniya xristianlar diniy ko‘pchiligini yo‘qotgan. Tadqiqotga ko‘ra, xristianlar ulushining kamayishidagi asosiy omil — diniy begonalashuv, ya’ni xristian oilasida tug‘ilgan odamlarning ulg‘aygani sari o‘zini diniy jihatdan hech bir oqimga mansub emas, deb tan ola boshlashidir.

Shu tariqa, hisobot berilgan 10 yil ichida Yevropada o‘zini ateist deb hisoblaydiganlar ulushi 37 foizga oshgan.

Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, hinduizm, iudaizm va son jihatdan kichikroq konfessiyalar tarafdorlari deyarli o‘zgarmagan, biroq buddistlar soni kamaygan.

2020-yilda Yevropada musulmonlar ulushi aholining 6 foizini tashkil etgan. O‘n yil avval, 2010-yilda bu ko‘rsatkich 5,3 foiz bo‘lgan, ya’ni o‘sish bir foizdan kam. Mutlaq raqamlarda esa, Yevropada (Turkiyasiz, ammo Rossiya bilan — tahr.) taxminan 753 million kishi yashaydi. Shundan musulmonlar soni o‘n yil ichida 39 milliondan 45 milliongacha ko‘paygan.

Pew Research Centre Yevropa aholisi qarib borayotgan mintaqa ekanini eslatadi. Iudeylar va xristianlar eng yuqori median yoshga ega guruhlar bo‘lib, mos ravishda 52 va 45 yoshni tashkil etadi. Musulmonlar esa eng yosh diniy guruh bo‘lib, ularning o‘rtacha yoshi 34 ga teng.

Pew Research Centre tadqiqoti aholini ro‘yxatga olish va so‘rovlar natijasida olingan ma’lumotlarga tayanadi. Biroq metodikalar har doim ham o‘zaro taqqoslanavermaydi. “Yevropadagi har bir mamlakatning o‘ziga xos jihatlari bor, — deydi Hakket. — Ba’zi joylarda aholini ro‘yxatga olishda din hisobga olinadi, ammo aksariyat mamlakatlarda yo‘q.”

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.