AQSH Green Card lotareyasini to‘xtatdi: U xavf manbaimi?
So‘nggi kunlarda AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem prezident Donald Tramp topshirig‘iga binoan “grin-karta lotereyasi” nomi bilan tanilgan Diversity Visa (DV) dasturini vaqtincha to‘xtatish haqida bayonot berdi. Qarorga asos sifatida Braun universiteti yaqinida sodir bo‘lgan otishma keltirildi. Vazirning aytishicha, gumonlanuvchi Klaudio Manuel Neves-Valente 2017-yilda aynan DV dasturi orqali AQShga kirgan va keyinchalik doimiy yashash huquqini olgan.
Mazkur bayonot ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim OAVlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ayrim izoh va sarlavhalarda jinoyatchilikning asosiy qismi aynan Green Card lotereyasi orqali kelgan muhojirlar hissasiga to‘g‘ri kelayotgandek tasavvur uyg‘otildi. Ammo ochiq manbalar va mustaqil tadqiqotlar bunday umumlashtirishni tasdiqlamaydi.
AQSh Davlat departamenti yuritadigan Diversity Visa dasturi 1990-yildan buyon amal qilib keladi. Dastur har yili AQShga immigratsiya darajasi past bo‘lgan davlatlar fuqarolari orasida taxminan 50 mingtagacha immigratsion vizani tasodifiy tanlov asosida taqdim etadi. Lotereyada yutgan shaxslar avtomatik tarzda AQShga kiritilmaydi. Ular majburiy konsullik suhbatlari, biometrik tekshiruvlar, xavfsizlik va jinoyat tarixini o‘z ichiga olgan standart tekshiruvlardan o‘tadi. Rad etish holatlari amalda mavjud.
Jinoyatchilik va immigratsiya bo‘yicha statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, AQShda jinoyat sodir etgan shaxslarning mutlaq aksariyati AQSh fuqarolari hisoblanadi. Cato Institute, Pew Research Center va boshqa tadqiqot markazlari e’lon qilgan tahlillarga ko‘ra, muhojirlar, jumladan qonuniy yo‘l bilan kelganlar, AQShda tug‘ilgan aholiga nisbatan kamroq jinoyat sodir etadi. Ushbu tadqiqotlarda Diversity Visa g‘oliblari alohida xavf guruhi sifatida ajratib ko‘rsatilmagan.
DV dasturi bilan bog‘liq ayrim jinoyat holatlari tarixda qayd etilgan. Jumladan, 2017-yil Nyu-Yorkda sodir etilgan terakt yoki hozir muhokama qilinayotgan Braun universiteti voqeasi. Biroq ekspertlar bunday alohida holatlar butun dastur xavfli degan xulosaga asos bo‘la olmasligini ta’kidlaydi. Chunki o‘nlab yillar davomida millionlab insonlar ushbu dastur orqali AQShga ko‘chib kelgan va ularning mutlaq ko‘pchiligi jinoyatchilik bilan bog‘liq emas.
Immigratsiya huquqi bo‘yicha mutaxassislar ham Diversity Visa dasturining o‘zi emas, balki umumiy xavfsizlik tekshiruvlari va ijtimoiy muammolarni jinoyatchilik bilan bog‘lashga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozimligini qayd etmoqda. Ularning fikricha, jinoyat sodir etgan shaxsning immigratsiya yo‘li uning harakatlarini avtomatik ravishda tushuntirib bera olmaydi.
