Yapon maktab o‘quvchisi internet-kafe ilovasini sun’iy intellekt ko‘rsatmasi yordamida buzdi
Yil boshida Yaponiyada Kaikatsu Club internet-kafesi bilan bog‘liq yirik ma’lumotlar sizishi mojarosi yuz berdi. Huquq-tartibot organlari tergovi ushbu hodisaga Osaka prefekturasida yashovchi voyaga yetmagan o‘smir aloqadorligini aniqladi. SecurityLab yozishicha, tergov versiyasiga ko‘ra, u tarmoqqa tegishli mobil ilovaning himoya tizimini aldab o‘tib, uning ayrim funksiyalarini ishdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘smir raqamli to‘siqlarni sun’iy intellektdan olingan ko‘rsatmalar yordamida chetlab o‘tgan.
Tokio politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, yanvar oyida internet-kafe operatorining rasmiy ilovasi kuchli avtomatlashtirilgan hujumlarga uchragan, umumiy so‘rovlar soni 7,2 milliondan oshgan. Bu kompaniyani ilovaning ayrim imkoniyatlarini vaqtincha o‘chirib qo‘yishga majbur qilgan.
Shundan so‘ng 17 yoshli maktab o‘quvchisi qo‘lga olingan. Tergov materiallariga ko‘ra, u bolaligidan dasturlashga qiziqqan va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlardan birida mukofot ham olgan. Tergovchilarning fikricha, zararli kodni u mustaqil yaratgan.
Kompaniya g‘ayritabiiy faollikni o‘z vaqtida payqab, hujumni to‘xtatishga uringan. Shunda, tergov iddaosiga ko‘ra, o‘smir himoyani chetlab o‘tish yo‘llarini tushuntirib berishni so‘rab sun’iy intellektga murojaat qilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushlangan yigit unga qo‘yilgan ayblovlarni umuman olganda tan olgan.
2023-yilda Rossiya davlat gumanitar universiteti (RGGU) talabasi Aleksandr Jadan sun’iy intellekt – ChatGPT yordamida yozilgan bitiruv malakaviy ishi bilan diplom olgan edi. Bu hodisa OAVda keng tarqalganidan so‘ng ma’lum bo‘ldi: talaba neyrotarmoqdan avval diplom rejasi, so‘ng esa shu reja asosida butun matnni yozib berishni so‘ragan. Ish “antiplagiat” tekshiruviga 82 foiz noyoblik ko‘rsatkichi bilan muvaffaqiyatli o‘tgan va o‘qituvchilar tomonidan qabul qilingan. Talabaning aytishicha, ish bir necha kun davom etgan boʻlsa-da, umumiy sarflangan vaqt 23 soatni tashkil etgan. U diplomini “qoniqarli” bahoga himoya qilgan.
