Rossiya FaceTime videoaloqa xizmatini blokladi
Roskomnadzor Apple kompaniyasining FaceTime videoaloqa xizmatini go‘yoki jinoyat maqsadlarida foydalanilayotgani bilan izohlab, uni bloklaganini ma’lum qildi. Rossiyadagi foydalanuvchilar bir necha haftadan beri ilova faoliyatidagi uzilishlardan shikoyat qilib kelmoqda.
Gazeta.ru nashri 4-dekabr, payshanba kuni Roskomnadzor matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, idora FaceTime – Apple’ning videoqo‘ng‘iroqlar ilovasiga nisbatan “cheklovchi choralar”ni joriy qilgan. Roskomnadzor vakillarining aytishicha, Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari ma’lumotlariga ko‘ra, FaceTime “mamlakat hududida terrorchilik harakatlarini tashkil etish va amalga oshirish”, “ijrochilarni yollash”, shuningdek fuqarolarga qarshi “firibgarlik va boshqa jinoyatlar sodir etish” uchun ishlatilmoqda.
FaceTime qo‘ng‘iroqlar xizmati iPhone, iPad va Mac foydalanuvchilariga internet orqali bir-birlari bilan bepul muloqot qilish imkonini beradi. Rossiyalik foydalanuvchilarning uning ishlashida muammolar borligi haqidagi dastlabki ommaviy shikoyatlari oktyabr o‘rtalarida paydo bo‘la boshlagan.
Boshqa servislarning bloklanishi
Sentyabr oyining boshida Davlat dumasi Mulk masalalari qo‘mitasi raisi Sergey Gavrilov FaceTime firibgarlar qo‘lidagi yangi vositaga aylanganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kiberxavfsizlik mutaxassislari va foydalanuvchilar jinoyatchilar Apple’ning videoaloqa xizmatidan aldov qilish maqsadida qo‘ng‘iroqlar uchun foydalanayotganini qayd etishgan, avval bunday hujumlar messenjerlar yoki raqamlarni almashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladigan telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bo‘lgan.
Avgust oyida Roskomnadzor WhatsApp va Telegram’dagi qo‘ng‘iroqlarni bloklaganini e’lon qilgan edi. O‘shanda idora ushbu messenjerlar “firibgarlik, tovlamachilik va Rossiya fuqarolarini diversiya va terrorchilik faoliyatiga jalb etishda foydalanilayotgan asosiy ovozli servislar”ga aylanganini bildirgan. Cheklovlar joriy etilgach, Rossiyada eng ko‘p yuklab olinayotgan ilovalardan biri Google Meet bo‘ldi, biroq avgust oyining oxiridan boshlab u ham uzilishlar bilan ishlay boshladi.
VPN ga qarshi kurash kuchaytirilmoqda
RBC agentligi telekommunikatsiya va axborot xavfsizligi bozoridagi uch manbaga tayanib xabar berishicha, Roskomnadzor VPN xizmatlariga qarshi kurashni ham kuchaytirmoqda. Gap aloqa operatorlari tarmoqlarida o‘rnatilgan va tashqi tahdidlar, jumladan DDoS-hujumlarni qaytarish hamda taqiqlangan resurslarga kirishni cheklash uchun ishlatiladigan uskunalar haqida bormoqda. Endilikda yana uchta VPN protokoli ham blokka tushdi: SOCKS5, VLESS va L2TP.
RBC so‘roviga javob bergan ekspertlarning ta’kidlashicha, VLESS uzoq vaqt davomida ishonchli aniqlab bo‘lmaydigan kam sonli protokollardan biri bo‘lib kelgan. Endi tizimlar uni bilvosita belgilar orqali, masalan, xorijiy IP-manzillardan kelayotgan trafik yoki domen nomining ma’lumot manbasiga mos kelmasligi orqali aniqlayapti.
Agentlik suhbatdoshlari Roskomnadzorning VPN’larni bloklash imkoniyatlari kengayib borar ekan, foydalanuvchilar serverlar, protokollar yoki xizmatlarni doimiy ravishda o‘zgartirishga majbur bo‘lishini ogohlantirdi. Ularning fikricha, VPN’lar ishlashidagi muntazam uzilishlar endi yangi odatiy holga aylanmoqda.
Regulyator pozitsiyasi va VPN’dagi nosozliklar bo‘yicha shikoyatlar sonining ortishi
Roskomnadzor vakillari idora “Internet tarmog‘i va umumiy foydalanishdagi aloqa tarmog‘ining xavfsiz ishlash tizimlarini izchil rivojlantirib borayotgani”ni, ularni takomillashtirish esa “dolzarb texnologik va axborot tahdidlardan himoyalashga qaratilgani”ni ma’lum qildi.
XRay/VLESS protokolidan foydalanuvchi VPN’lar ishlashidagi jiddiy uzilishlar bo‘yicha dastlabki katta hajmdagi shikoyatlar noyabr oyining ikkinchi yarmida paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilar Tatariston, Udmurtiya, Nijniy Novgorod, Sverdlovsk, Novosibirsk, Tomsk va Volgograd viloyatlarida, shuningdek Primorye o‘lkasida muammolar kuzatilganini bildirgan.
