Yangiliklar

Yevropa Qo‘shma Shtatlarning so‘z erkinligi borasidagi tanqidini rad etdi

Yangi milliy xavfsizlik strategiyasida Tramp administratsiyasi Yevropada demokratiya va so‘z erkinligi susayib borayotgani haqida e’tiroz bildirdi. Berlin va Bryussel bu fikrlarni qabul qilmayapti.

AQShning milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi strategiyasi Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarida keskin tanqidga uchradi. Bu hujjat 5-dekabr, juma kuni e’lon qilingach, dpa agentligi xabariga ko‘ra, darhol munozaralarga sabab bo‘ldi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful AQShning Yevropadagi so‘z erkinligi haqidagi tanqidlariga javoban, “bizga kimdir maslahat berishi shart deb o‘ylamayman”, deya ta’kidladi. Shu bilan birga, u AQSh Germaniyaning NATOdagi eng muhim ittifoqchilaridan biri bo‘lib qolayotganini aytdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada ijro, qonunchilik va sud hokimiyatidan tashqari mustaqil ommaviy axborot vositalari mavjud va bu juda katta ahamiyatga ega. U “biz bu masalalarni mamlakat ichida muhokama qilib, hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan mamnunmiz. Kelajakda ham buni o‘zimiz mustaqil hal qila olishimizga ishonamiz”, dedi.

Germaniya hukumatining transatlantik munosabatlar bo‘yicha koordinatori Metin Xakverdi ham mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi. U dpa agentligiga bergan izohida Yevropa iqtisodiy va harbiy jihatdan kuchliroq bo‘lishi kerakligini tan oldi. “Biz bu yo‘nalishda tinmay ishlayapmiz”, dedi u. Siyosatchi Yevropa davlatlari AQSh bilan hamkorlikdan mamnunligini, ammo “ichki siyosatga aralashuvni qabul qilmasligini” qayd etdi.

Bryussel siyosiy erkinlikni cheklash haqidagi da’volarni rad qildi

Yevrokomissiya ham AQSh strategiyasidagi ayblovlarni qat’iyan rad etdi. Jurnalistlar savoliga javoban, Yevrokomissiya vakili Paula Pino Yevropa Ittifoqi siyosiy erkinlik va suverenitetni cheklaydi, migratsiya siyosati orqali qit’aga zarar yetkazadi yoki so‘z erkinligiga to‘sqinlik qiladi degan fikrlarni “mutlaqo noto‘g‘ri” deb atadi.

Biroq u AQShning yangi strategiyasini batafsil sharhlashdan tiyildi. “Biz hali hujjat bilan tanishib chiqmadik, shu sabab hozircha izoh bera olmaymiz”, dedi u.

AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasida Tramp administratsiyasi Yevropa Ittifoqi davlatlarida so‘z erkinligi va siyosiy muxolifatni cheklash holatlari borligi haqida xavotir bildiradi. Hujjatda, shuningdek, Yevropa rahbarlari Ukraina urushining natijasi borasida “haqiqatdan yiroq kutishlarga” ega ekani qayd etilgan. “Ko‘pchilik yevropaliklar tinchlikni istaydi, ammo bu istak siyosatda aks etmayapti. Buning sababi, hukumatlar demokratik jarayonni susaytirayotgani”, deyiladi hujjatda.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.