Yangiliklar

Tramp administratsiyasi H-1B vizalari bo‘yicha tekshiruvlarni keskin kuchaytirdi

Donald Tramp administratsiyasi malakali mutaxassislar uchun mo‘ljallangan H-1B vizasiga murojaat qiluvchilarni tekshirishni kuchaytirdi. Yangi tartib, xususan, nomzodlarning AQShda so‘z erkinligini cheklashdagi ehtimoliy ishtirokiga alohida e’tibor qaratadi. 2-dekabr kuni barcha Amerika diplomatik missiyalariga yuborilgan Davlat departamenti ko‘rsatmasiga ko‘ra, konsullik xodimlari ariza topshirayotganlar va ular bilan birga ketayotgan oila a’zolarining rezyumesi va LinkedIn profillarini tekshirishi lozim. Maqsad, ular kontent moderatsiyasi, dezinformatsiyaga qarshi kurash, faktcheking, komplaens yoki onlayn xavfsizlik sohalarida ishlagan ishlamaganini aniqlash.

H-1B vizalari Amerika kompaniyalariga yuqori texnologiyalar va ixtisoslashgan sohalardagi xorijiy mutaxassislarni jalb qilish imkonini beradi. Bu vizalar AQShning IT kompaniyalari uchun ayniqsa muhim, chunki ular Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlardan ko‘plab kadrlarni yollaydi. Bunday kompaniyalar rahbarlarining bir qismi so‘nggi prezidentlik saylovlarida Trampni qo‘llab-quvvatlagan.

Agar tekshiruv chog‘ida arizachining AQShda qonun bilan himoyalangan so‘z erkinligini cheklash yoki senzura bilan aloqadorligi aniqlansa, konsullik xodimlariga uni immigratsiya qonuni bo‘yicha mamlakatga kirishga yaroqsiz deb topishga urinish tavsiya etiladi. Qoidalar barcha vizalarga taalluqli bo‘lsa ham, alohida e’tibor H-1B nomzodlariga qaratiladi, chunki ular Tramp administratsiyasi fikriga ko‘ra qonuniy fikr bildirishni bostirishga aralashishi mumkin bo‘lgan texnologik va moliyaviy kompaniyalarda ishlaydi. Yangi talablar birinchi bor viza olayotganlarga ham, uzaytirayotganlarga ham tegishli.

Davlat departamenti vakili AQShga kelib, “amerikaliklarning og‘zini yopadigan” senzorchilarga ehtiyoj yo‘qligini aytib, “go‘yoki sizdirilgan hujjatlar”ni izohlashdan bosh tortdi. U avval Trampning o‘z ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari bloklangani va u boshqa amerikaliklar ham shunday holatni boshdan kechirishini istamasligini eslatdi.

So‘z erkinligi masalasi va Tramp jamoasi konservativ ovozlarning internetda bosim ostiga olinayotgani deb biladigan jarayonlar Oq uy tashqi siyosatining muhim mavzusiga aylangan. AQSh rasmiylari Ruminiya, Germaniya va Fransiyadagi vaziyat yuzasidan bir necha bor bayonot berib, mahalliy hokimiyatlarni dezinformatsiya va ekstremizmga qarshi kurash bahonasida o‘ng siyosatchilar fikrlarini cheklayotganlikda ayblagan.

May oyidayoq senator Marko Rubio amerikaliklarning fikrlarini senzura qilayotganlarga, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda, vizaviy sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligini aytgan edi. U bu siyosat hatto amerikalik texnologik kompaniyalarni tartibga soluvchi xorijiy amaldorlarga ham taalluqli bo‘lishi ehtimolini tilga olgan.

Tramp administratsiyasi bundan oldin ham talabalar vizasiga ariza topshiruvchilarga qo‘yiladigan tekshiruvlarni kuchaytirib, konsulliklarni ularning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini AQShga nisbatan dushmanona fikrlar bor yo‘qligini aniqlash uchun tahlil qilishga majbur qilgan edi. Sentyabr oyida esa immigratsion qoidalarni yanada qat’iylashtirish kampaniyasi doirasida H-1B vizalari bo‘yicha qo‘shimcha to‘lovlar joriy etildi.

Shu bilan birga, Tramp va Respublika partiyasidagi ittifoqchilari demokrat Jo Bayden administratsiyasini onlayn platformalarda so‘z erkinligini bostirishni qo‘llab-quvvatlashda ayblashda davom etmoqda. Bu e’tirozlar asosan vaksina va saylovlar haqidagi yolg‘on ma’lumotlar tarqalishini cheklash bo‘yicha ko‘rilgan choralar bilan bog‘liq.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.