Luvr osonlik bilan talandi
19-oktyabr tongida Parijda dunyodagi eng yirik muzey Luvrda talonchilik sodir bo‘ldi. Hodisa muzey ochilishidan oldin yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, niqob taqqan uch erkak qurilish ishlari olib borilayotgan texnik kirish qismidan bino ichiga kirib, tashqi yuk liftidan foydalangan va imperatorlik zargarlik buyumlari joylashgan Apollon galereyasiga kirish uchun oynalarni sindirishgan.
Jinoyatchilar Napoleon va imperatrisa Jozefinaga tegishli kolleksiyadan to‘qqizta zargarlik buyumini, jumladan tilla toj, marjon va boshqa bezaklarni o‘g‘irlashgan. Eng qimmatbaho eksponatlardan biri bo‘lgan 140 karatdan ortiq og‘irlikdagi “Regent” olmosi joyida qolgan.
Le Parisien nashrining xabar berishicha, o‘g‘irlangan buyumlardan biri, imperatrisa Yevgeniyaning (Napoleon III ning rafiqasi) toji, muzey yaqinida singan holda topilgan.
Talonchilikdan so‘ng jinoyatchilar skuterlarda voqea joyidan yashiringan. Hech kim jabrlanmagan, biroq muzey “favqulodda holat” sababli tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan. Fransiya madaniyat vaziri Roshida Dati voqea joyiga yetib kelib, tergov boshlanganini va mutaxassislar zarar miqdorini baholayotganini tasdiqlagan.
Tarixchilar bu o‘g‘rilikni Mona Lizaning o‘g‘irlanishidan keyingi eng yirik jinoyat sifatida baholamoqda. 1911-yil 21-avgustda muzey xodimi Vinchenso Peruja Leonardo da Vinchining mashhur asari “Mona Liza”ni palto ostiga yashirib, binodan olib chiqqan edi. Asar ikki yil o‘tib, Peruja uni Florensiyada sotmoqchi bo‘lganida topilgan. Ushbu voqea san’at tarixidagi eng mashhurlaridan biriga aylangan va “Jokonda”ni butun dunyoga tanitgan.
Turli yillarda Luvrda mayda san’at buyumlari yoki artefaktlarning yo‘qolishi bilan bog‘liq hodisalar ham kuzatilgan, biroq ular muzeyning ichki tekshiruvlari natijasida topilgan. Shular qatorida XVIII asr soatlari va qadimiy haykalchalarni o‘g‘irlashga urinishlar ham bo‘lgan.
Ammo bugungi kabi keng ko‘lamli o‘g‘rilik hali kuzatilmagan edi. Eslatib o‘tamiz, Luvr har yili to‘qqiz milliondan ortiq tashrifchini qabul qiladi va jahon madaniyatining eng qimmatbaho kolleksiyalaridan birini saqlaydi.
