Nepalda «Z» avlodning norozilik namoyishlari haqida nimalar bilamiz
Nepal mamlakati rahbariyatidan norozi yoshlar yetakchiligida yuz bergan ommaviy namoyishlar mamlakatni larzaga soldi.
Seshanba kuni kechqurun Nepaldagi yirik hukumat binolari yoqib yuborilgach, siyosatchilarga hujum qilingach va namoyishchilar bilan hukumat kuchlari o‘rtasida zo‘ravon to‘qnashuvlar boshlangach, tartibni tiklash uchun armiya safarbar qilindi.
Shu kuni Nepal bosh vaziri Xadga Prasad Oli ham yuzaga kelgan keskin vaziyat tufayli iste’foga chiqdi. Nepal Fuqarolik xizmati kasalxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 19 kishi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq odam jarohat olib shifoxonalarga yotqizilgan.
Norozilik qanday boshlandi?
Nepal yoshlari orasida ishsizlik va boyliklar tengsizligidan norozilik tobora kuchayib bormoqda. Hukumat e’lon qilgan 2022–23 yillardagi Nepal yashash standartlari so‘roviga ko‘ra, ishsizlik darajasi 12,6 foizni tashkil etadi.
Namoyishlardan avval mamlakatda #NepoBaby xeshtegi trendga aylangan edi. Bu orqali siyosatchilar farzandlarining dabdabali turmush tarzini tanqid qilish va korrupsiya muammosiga e’tibor qaratilganini NPR xabar qilgan edi.
O‘tgan payshanba kuni hukumat Facebook, X, WhatsApp va YouTube kabi asosiy ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi. Rasmiylar bunga sabab qilib, ushbu kompaniyalarning hukumatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tmaganini ko‘rsatdi.
Ko‘plar bu qarorni so‘z erkinligiga tahdid sifatida ko‘rdi, boshqalar esa chet elda ishlayotgan yaqinlari bilan muloqot uzilib qolishidan xavotir bildirdi. 2023–24 moliya yilida 741 mingdan ortiq nepallik ish topish uchun mamlakatni tark etgan, deb yozdi The Kathmandu Post.
Dushanba kuni noroziliklar boshlandi. Faollarning aytishicha, namoyishchilar parlament devorini buzishga urinayotganda xavfsizlik kuchlari o‘q uzib, 19 kishi halok bo‘lgan. O‘sha kuni hukumat ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan taqiqni olib tashladi va poytaxt Katmandu hamda boshqa shaharlarda komendantlik soati joriy etildi. Ammo noroziliklar davom etdi.

Vaziyat kuchaydi
Seshanba kuni namoyishchilar Parlament, Oliy sud va yirik siyosiy arboblarning uylarini yoqib yuborishdi. NPR xabariga ko‘ra, Tribhuvan xalqaro aeroporti ham atrofdagi tutun tufayli vaqtincha yopildi.
Katmandudagi tuman ma’muriyati hukumat kuchlari namoyishlarni bostirish uchun suv purkagichlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llaganini bildirdi.
Keyingi qadamlar
Ichki ishlar vaziri Ramesh Lekhak dushanba kuni iste’fo bergan bo‘lsa, bosh vazirning iste’fosi seshanba kuni yuz berdi.
Xalqaro inqiroz guruhining katta maslahatchisi Ashish Pradhan fikricha, asosiy savol endi — Nepalni boshqarishga kimning qonuniy haqqi bor?
U shunday dedi: “Bu juda mislsiz holat, ayniqsa ko‘lami jihatidan.”
Kimlar namoyishda?
Asosan Gen Z (1997–2012 yillarda tug‘ilganlar) vakillari. Bu avlod so‘nggi yillarda mintaqadagi keskin siyosiy noroziliklarda markaziy o‘rin egallab kelmoqda.
Masalan, o‘tgan yili Bangladeshda talabalar hukumat ishlariga qabuldagi kvota tizimini bekor qilishni talab qilib namoyishga chiqqan edi. Natijada mamlakatning avtoritar bosh vaziri mamlakatdan qochdi. BMT Inson huquqlari oliy komissarligi ma’lumotiga ko‘ra, 1 400 dan ortiq odam, asosan xavfsizlik kuchlari tomonidan, halok bo‘lgan.
Xalqaro hamjamiyatning munosabati
Dushanba kuni AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Fransiya va boshqa davlatlar elchixonalari qo‘shma bayonot berib, “tinch yig‘ilish va fikr bildirish erkinligi kabi umumiy huquqlarni” qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.
Bayonotda shunday deyiladi: “Barcha tomonlarni maksimal darajada o‘zini tiyishga, vaziyatni yanada keskinlashtirmaslikka va bu asosiy huquqlar himoya qilinishini ta’minlashga chaqiramiz.”
Tuzatish
2025-yil 10-sentabr
Avvalgi xabarda noto‘g‘ri ma’lumot berilgan edi — hukumat binolari va siyosatchilar uylariga hujum dushanba kuni emas, seshanba kuni sodir bo‘lgan.
