Isroil Qatarda G‘azo bo‘yicha sulh muzokaralarini olib borgan Hamas rahbarlariga havo hujumi uyushtirdi
Isroil Qatarning poytaxti Doha shahrida yig‘ilgan Hamas amaldorlariga zarba berdi. Ular orasida guruhning bosh muzokarachi vakili ham borligi aytilmoqda. Oq uy bu hujumni “na Isroilning, na AQShning maqsadlariga xizmat qilmaydi”, deb baholadi.
Hamas ma’lum qilishicha, hujumda oltita odam halok bo‘lgan, ular orasida guruhning surgundagi rahbari Xalil al-Hayyining o‘g‘li ham bor. Biroq yuqori rahbariyat, jumladan, muzokaralar guruhi tirik qolgan.
Isroilning zarbasi uning armiyasi G‘azo shahridagi barcha aholiga shaharni tark etishni ogohlantirganidan bir necha soat o‘tib amalga oshirildi. Isroil bu hududni Hamasning “oxirgi tayanch nuqtasi” sifatida taqdim etmoqda, biroq bu yerda yuz minglab odam ocharchilik sharoitida yashamoqda.
Oq uy rasmiylari AQSh hujum haqida oldindan xabardor qilinganini tasdiqladi. Zarba Qo‘shma Shtatlarning muhim mintaqaviy ittifoqchisi va G‘azoda sulhga erishish bo‘yicha asosiy vositachilardan biri bo‘lgan Qatar hududida amalga oshirildi.
Kutilayotgan hujum diplomatik faollikni kuchaytirdi: Oq uy Qatarga ogohlantirish yubordi, so‘ngra Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu telefon orqali muloqot qildi.
Tramp ijtimoiy tarmoqlarda hujumdan o‘zini uzoq tutishga urinib, bu qarorni u emas, balki Netanyaxuning o‘zi qabul qilganini ta’kidladi.
“Bu qarorni bosh vazir Netanyaxu qabul qilgan. Mening qarorim emas”, – dedi Tramp Truth Social’dagi postida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ma’muriyati Qatarni ogohlantirishga harakat qilgan, biroq “afsuski, kech qolgan”.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Leavittning aytishicha, Tramp seshanba kuni ertalab AQSh armiyasidan hujum rejalashtirilayotgani haqida xabar olgan va Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Vitkoff orqali Qatarga ogohlantirish berishni buyurgan. Reuters’ga ko‘ra, Qatar rasmiysi ogohlantirishni aynan portlashlar boshlanayotganda olgan.
Oq uy hujum oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan diplomatik inqirozni yumshatishga urinayotgani ko‘rindi.
“Qatarda – mustaqil davlat va AQShning yaqin ittifoqchisida – bir tomonlama bombardimon uyushtirish, u biz bilan birgalikda tinchlik muzokaralarini yuritishda katta xavflarga borayotgan bir paytda, na Isroil, na Amerika maqsadlariga xizmat qiladi”, – dedi Karolin Leavitt.
Biroq u Hamasni yo‘q qilishni “G‘azo xalqi fojeasidan foyda ko‘rayotgan tashkilotga qarshi o‘rinli maqsad” deb atadi. Prezident esa Qatarning AQSh uchun yaqin hamkor ekanini ta’kidladi.
Netanyaxu esa bayonotida hujum uchun to‘liq mas’uliyatni Isroil o‘z zimmasiga olganini ma’lum qildi: “Bugungi amaliyot Isroil tomonidan mustaqil amalga oshirildi. Isroil uni boshladi, o‘tkazdi va natijasi uchun javobgar.”
Qatar bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon Al Soni esa Isroilni tinchlik imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarganlikda aybladi va Netanyaxuni “davlat terrorizmini” amalga oshirayotganlikda keskin tanqid qildi.
“Qatar bu ochiqchasiga qilingan hujumga javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, – dedi u.
Turkiya Isroilni “terrorizmni davlat siyosatiga aylantirishda” aybladi. Arab Ligasining bosh kotibi Ahmad Abul G‘ayt esa Isroilni Qatarning suverenitetini buzganlikda aybladi.
Britaniya mehnatkashlar partiyasi yetakchisi Keir Starmer hujumni keskin qoraladi va uni “Qatarning suverenitetiga tajovuz, mintaqadagi vaziyatni yanada keskinlashtiruvchi” deb atadi. Shunga qaramay, Britaniya hukumati Isroil prezidenti Isaak Gersog bilan uchrashuvni bekor qilmasligini bildirdi.
Isroil hujumni dushanba kuni Quddusda Hamas uyushtirgan deb da’vo qilinayotgan otishmaga javob sifatida amalga oshirganini aytdi. O‘sha hujumda 6 nafar isroillik halok bo‘lgan edi. G‘azo sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, Isroilning so‘nggi hujumlarida 65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
Qatar AQSh va Misr bilan birgalikda G‘azodagi urushni tugatishga qaratilgan ko‘plab vositachilik tashabbuslariga boshchilik qilgan.
Doha shahridan tarqalgan video lavhalarda turar joy hududidagi kuchli portlash oqibatida osmonga ko‘tarilgan qora tutun va xavfsizlikka intilayotgan odamlar ko‘rindi.
Hamas AQShning sulh bo‘yicha taklifi “aslida Hamas a’zolarini yig‘ib, ularga hujum qilish uchun tuzilgan tuzoq” bo‘lganini iddao qildi.
Guvohlarning aytishicha, portlashlar sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan Katara tumanida yuz bergan. Al Jazeera xabariga ko‘ra, zarba sulh muzokaralarida qatnashayotgan delegatsiya uchrashuvi o‘tkazilayotgan binoga yo‘naltirilgan.
Isroil harbiylari va xavfsizlik xizmati qo‘shma bayonotida: “Zarbadan avval tinch aholiga zarar yetmasligi uchun chora ko‘rildi, aniqlik yuqori bo‘lgan qurollardan va qo‘shimcha razvedka ma’lumotlaridan foydalanildi”, – deb bildirdi.
Bu hujum Isroil armiyasi bosh qo‘mondoni general Eyal Zamirning “Hamas rahbarlarini chet elda ham nishonga olamiz” degan va’dasidan ikki haftadan kamroq vaqt o‘tib sodir bo‘ldi.
Hamas bir necha kun oldin AQSh takliflarini muhokama qilib, “darhol muzokara stoliga qaytishga” tayyor ekanini bildirgandi.
Trita Parsi (Quincy Institute)ning ta’kidlashicha: “Agar AQShning xavfsizlik soyaboni ostida bo‘lsangiz va hatto hududingizda AQSh bazasi joylashgan bo‘lsa ham, Qo‘shma Shtatlar o‘zi sizga hujumni rejalashtirsa – bunday ittifoqning nima qadri bor?”
AQSh siyosat markazlaridan biri vakili Matt Duss esa bu hujumni “AQShning asosiy ittifoqchilaridan birining poytaxtida, AQShning o‘zi vositachilik qilayotgan muzokaralar chog‘ida amalga oshirilgan diplomatiyaga zarba” deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Netanyaxu G‘azodagi etnik tozalash siyosatini oxirigacha yetkazishga qat’iy bel bog‘lagan.
