Yangiliklar

Pedro Sanchesning to‘qqiz chorasi: Ispaniya Bosh vaziri Isroilni “falastinliklarga qarshi genotsid”da aybladi

Ispaniya Bosh vaziri Monklua saroyida rasmiy bayonot bilan chiqib, Isroilga qarshi 9 ta chora e’lon qildi. Ular qatorida qirollik hududiga kema va samolyotlarning kirishini taqiqlash, shuningdek, G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi bosib olingan hududlardan importni man etish ham bor.

Dushanba kuni Pedro Sanches Monklua saroyida “G‘azodagi genotsid” munosabati bilan Isroilga qarshi bir qator choralarni e’lon qildi.

Hukumat manbalariga ko‘ra, dam olish kunlari hukmron koalitsiya hamkorlari — PSOE va Sumar — Isroilga qarshi qarorlarni muhokama qilgan va ularni seshanba kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida tasdiqlashni rejalashtirishgan.

“Ispaniya har doim Isroil davlatini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Ammo qanday qilib Ispaniya HAMAS hujumlarini qoralagan bo‘lsa, xuddi shunday G‘azodagi hujumlarni ham qoralaydi. Bu hujumlar 63 ming odamning halok bo‘lishiga va G‘azoda ommaviy ochlikka olib keldi”, — dedi sotsialistlar yetakchisi.

Sanchesning aytishicha, u Binyamin Netanyaxuga bosim o‘tkazmoqchi, shunda “falastin xalqining iztiroblari yengillashadi” va “Ispaniya tarixdagi eng uyatli sahnalardan birida to‘g‘ri tomonda turadi”.

Isroil o‘zini himoya qilmayapti, u himoyasiz xalqni yo‘q qilmoqda, dedi Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches.

Ispaniya bosh vaziri o‘z nutqini yahudiylarning tarix davomida “azob chekkanini” eslab boshladi — ular turli xil “ta’qib” va hujumlarga duch kelgan, jumladan 1492-yilda yarimorolni tark etishga majbur bo‘lishi yoki eng katta fojia — Xolokost. U, shuningdek, 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS amalga oshirgan terror hujumlarini qoralashini va Ispaniyaning Isroilning davlat sifatida mavjud bo‘lish huquqini tan olishini yana bir bor tasdiqladi.

“Biz qat’iy ishonamizki, o‘z mamlakatingni va jamiyatni himoya qilish bir narsa, ammo shifoxonalarni bombardimon qilish va bolalarni ochlikka mahkum etish mutlaqo boshqa narsa, — dedi Pedro Sanches. — HAMAS hujumlariga javoban olib borilgan harbiy operatsiya yangi noqonuniy bosib olishga, tinch aholiga qarshi asossiz hujumlarga, BMT maxsus ma’ruzachisi va ko‘plab ekspertlar genotsid deb atayotgan holatga aylanib ketdi. /…/ 63 ming halok bo‘lgan, 159 ming yarador, 250 ming kishi o‘ta og‘ir ochlik xavfi ostida, 2 million kishi ko‘chirib yuborilgan, ularning yarmi — bolalar. Bu na himoya, na oddiy hujum. Bu — himoyasiz xalqni yo‘q qilish, insonparvarlik huquqi qonunlarini buzishdir.”

O‘z navbatida, HAMAS “darhol” G‘azodagi urushni to‘xtatish va Isroil mudofaa kuchlarini hududdan olib chiqish evaziga barcha garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv muzokaralarini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Sanches G‘azo aholisi azoblarini yengillashtirish uchun e’lon qilgan to‘qqiz chora:

  1. Isroilga qurol-yarog‘ sotish va xarid qilishni taqiqlovchi qonun farmonini zudlik bilan qabul qilish.
  2. Isroilga o‘q-dorilar va qurol tashuvchi kemalarning Ispaniya portlari orqali o‘tishini taqiqlash.
  3. Isroilga mudofaa materiallari olib o‘tayotgan transport vositalarining Ispaniya osmoni orqali uchishini man etish.
  4. Genotsidga bevosita aloqador shaxslarga Ispaniyaga kirishni taqiqlash.
  5. G‘azo aholisini majburan ko‘chirishga sabab bo‘layotgan bosib olishlarni taqiqlash.
  6. Noqonuniy yahudiy posyolkalarda yashovchilarga konsullik xizmatlarini cheklash.
  7. Falastin ma’muriyatiga yordamni kuchaytirish, chegaralarni mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi hamda sog‘liqni saqlash sohasida yangi loyihalar yaratish.
  8. Ispaniyaning UNRWA (BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi)ga ajratmalarini oshirish.
  9. Gumanitar yordam mablag‘larini 150 million yevrogacha ko‘paytirish.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.