Qaysi davlatlar saraton tadqiqotlariga eng ko‘p mablag‘ sarflaydi?
So‘nggi sakkiz yillik davrda eng katta mablag‘ni Qo‘shma Shtatlar ajratgan, biroq Yevropa davlatlari ham milliardlab yevro sarflagan. The Lancet Oncology jurnalida chop etilgan yangi tahlilga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlat va xayriya sektorlarida dunyo miqyosidagi saraton tadqiqotlari moliyalashtirishining oltidan bir qismini ta’minlaydi.
Tahlil 2016–2023-yillar oralig‘ida butun dunyoda saraton tadqiqotlariga berilgan deyarli 108 mingta grantni qamrab olgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 51,4 milliard AQSH dollari (44 milliard yevro)ni tashkil qilgan. Tadqiqot davlat va xayriya mablag‘larini hisobga olgan, ammo xususiy sektor ma’lumotlarini kiritmagan.
Ushbu xarajatlarning 57 foizi (25,2 mlrd yevro) AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Yevropa Ittifoqi va uning a’zo mamlakatlari 16,8% (7,4 mlrd yevro), Buyuk Britaniya esa 11,1% (4,9 mlrd yevro) global moliyalashtirishni ta’minlagan.
Yirik homiylar orasida Yaponiya (3,6% yoki 1,6 mlrd yevro), Avstraliya (2,9% yoki 1,3 mlrd yevro), Kanada va Xitoy (har biri 2,6% yoki 1,3 mlrd yevro) ham bor.
Dunyo miqyosida investitsiyalar har yili kamayib borgan, faqat 2021-yilda keskin o‘sish kuzatilgan. Shundan keyin darajalar yana tushib ketgan, ammo Yevropa Ittifoqida investitsiyalar o‘sishda davom etgan. Tadqiqotchilar fikricha, bunda Germaniyaning roli katta bo‘lgan: 2021-yildan buyon ortgan sarmoyalarning katta qismi aynan Germaniyaning 610 million yevro sarf qilishi bilan bog‘liq.
Umuman olganda, global ilmiy tadqiqotlar moliyalashtirishining katta qismi boy davlatlarga to‘g‘ri keladi, ular asosan mablag‘ni o‘z hududida ishlatgan. Past daromadli davlatlar esa sakkiz yillik davr mobaynida atigi 48,4 million yevro olgan.
Tadqiqotchilar ogohlantirishicha, past daromadli mamlakatlarda ilmiy tadqiqotlarga yetarli mablag‘ ajratilmagani, AQSHda Tramp ma’muriyati davrida qisqartirilgan sarmoyalar sababli yanada chuqurlashishi mumkin.
“Biz uchun mablag‘lar qanday va qayerga yo‘naltirilayotganini aniq tushunish nihoyatda muhim”, — dedi tadqiqotning yetakchi muallifi, Britaniyadagi Sautgempton universiteti katta ilmiy xodimi Maykl Xed.
Dunyo bo‘yicha ajratilgan mablag‘larning 76 foizi laboratoriya tadqiqotlariga sarflangan, ulardan ko‘proq qismi ko‘krak bezi saratoni, qon saratoni va klinik sinovlarga yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga, jarrohlik va radioterapiya bo‘yicha tadqiqotlar “jiddiy darajada kam moliyalashtirilgan”, holbuki ular keng qo‘llaniladigan davolash usullari hisoblanadi, deya ta’kidlaydi olimlar.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, saraton dunyodagi har oltinchi o‘lim sababchisidir. Aholining qarib borishi bilan saraton qurbonlari soni ko‘paymoqda, bunda past daromadli mamlakatlar o‘z vaqtida tibbiy yordamdan foydalana olmagani sabab eng katta zarbani boshdan kechirmoqda.
“Mamlakatlar o‘rtasidagi investitsiya tengsizligi va ayrim davolash usullari tadqiqotlarining yetarli moliyalanmagani natijada biz qaysi turdagi saratonlarni davolashimiz va dunyoning qaysi mintaqalari bundan foyda ko‘rishi mumkinligida nomutanosiblikka olib kelishi mumkin”, — dedi Xed.
