Adolatni mehr bilan uyg‘unlashtirgan amerikalik sudya Frenk Kaprio 88 yoshida vafot etdi
Rod-Aylend shtatida xizmat qilgan va internet orqali “Caught in Providence” dasturi orqali mashhurlikka erishgan nafaqadagi sudya Frank Kaprio vafot etdi. U 88 yoshda edi.
Rasmiy ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida chorshanba kuni uning “uzoq va mardonavor oshqozon osti bezi saratoniga qarshi kurashdan so‘ng, tinchgina olamdan o‘tganligi” ma’lum qilindi.
Kaprio o‘z sud zalini “insonlar va ishlar mehribonlik va hamdardlik bilan qarshi olinadigan joy” sifatida ta’riflagan. U jarimalarni bekor qilib yuborishi yoki jazoni belgilaganda ham mehribonlik ko‘rsatishi bilan tanilgan edi.
O‘tgan hafta Kaprio Instagram sahifasida qisqa video joylab, “ahvoli og‘irlashgani”ni, yana shifoxonaga tushganini va odamlarni “duolarida uni eslashlarini” so‘ragan edi.
Kaprio ko‘rsatuvi sud zalining o‘zida suratga olinib, unda uning oddiy xalqona hazillari va mehribonligi namoyon bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatuvdan olingan parchalar ijtimoiy tarmoqlarda bir milliard martadan ko‘proq ko‘rilgan.
Sudya sifatida faoliyati davomida Kaprio ko‘plab televideniye sudyalaridan farqli obraz yaratdi — u ko‘proq hamdard, kamroq keskin va hukm chiqarishda qat’iy emas edi.
YouTube’dagi qisqa lavhalarda u ko‘pincha sud zalida kelganlarga hamdardlik bildirayotgani ko‘rinadi. Asosan kichik huquqbuzarliklar — burilish chirog‘ini yoqmaslik yoki shovqinli kecha o‘tkazgani uchun yozilgan jarimalar ko‘rib chiqilgan.
Kaprio o‘zining mashhurligidan sud tizimidagi tengsizliklarga ham e’tibor qaratishda foydalangan.
“‘Barchaga erkinlik va adolat’ iborasi adolat hammaga ochiq bo‘lishi kerakligini bildiradi. Ammo bu haqiqat emas”, — degan edi u bir videoda. — “Daromadi past bo‘lgan amerikaliklarning qariyb 90 foizi sog‘liqni saqlash, nohaq chiqarilgan ko‘chirish qarorlari, faxriylarning nafaqalari, hatto yo‘l-transport qoidalari kabi fuqarolik muammolarida yolg‘iz kurashishga majbur.”
Sudya sifatidagi samimiy yondashuvi unga millionlab tomoshabinlar keltirdi. Eng mashhur videolari bolalarni sud stuliga chaqirib, ota-onalariga hukm chiqarishda yordam so‘ragan lavhalar edi. Ulardan birida u o‘g‘li halok bo‘lgan ayolni tinglab, uning 400 dollarlik jarima va to‘lovlarini bekor qiladi.
Yana bir videoda esa, 3,84 dollar soatlik ish haqi oladigan barmenning qizil chiroqda o‘tganlik jarimasini bekor qilgach, tomoshabinlarga murojaat qilib shunday deydi:
“Kimki buni ko‘rayotgan bo‘lsa, bilinglar — ovqatlanib pul to‘lamasdan qochib ketmang. Chunki siz baribir ushlanasiz va kun bo‘yi 3 dollarga ishlayotgan bechora odamlarning hisobiga qarzdorligingiz yopiladi.”
Ijtimoiy tarmoqlarda uning oilasi Kaprioni “sodiq turmush o‘rtoq, ota, bobosi, buva va do‘st” deb ta’rifladi.
“Mehribonligi, kamtarligi va odamlarning yaxshiligiga bo‘lgan mustahkam ishonchi bilan sevilgan sudya Kaprio sud zalida ham, undan tashqarida ham millionlab odamlarning hayotiga ta’sir ko‘rsatdi. Uning samimiyligi, hazil-mutoyibasi va mehribonligi uni taniganlarning qalbida o‘chmas iz qoldirdi”, — deb yozdi ular.
Shtat va mahalliy siyosatchilar uning vafotidan qayg‘u bildirishdi va hayotini yodga olishdi.
“Sudya Kaprio nafaqat xalqqa xizmat qildi, balki ular bilan chin dildan aloqada bo‘ldi, odamlar uning samimiyligi va mehribonligiga befarq qola olmadilar”, — dedi Rod-Aylend gubernatori Den Maki. — “U oddiy sudya emas edi, balki insonparvarlik timsoli bo‘ldi, adolat insoniylik bilan uyg‘unlashganda nimalar mumkinligini ko‘rsatib berdi.”
Kaprio 2023-yilda, qariyb 40 yil xizmat qilgach, Providens munitsipal sudidan nafaqaga chiqqan.
Tarjimai holiga ko‘ra, Kaprio oddiy oiladan chiqqan, Providens shahrining Federal Hill mahallasida ulg‘aygan uch o‘g‘ildan ikkinchisi edi.
“Men odamlar shuni anglashlarini xohlayman: davlat institutlari o‘z faoliyatida mehribonlik, adolat va hamdardlik bilan ishlasa, juda samarali bo‘lishi mumkin. Biz juda ziddiyatli jamiyatda yashayapmiz”, — degan edi u 2017-yilda. — “Men odamlar adolatni zolimliksiz ham ta’minlash mumkinligini ko‘rishlarini istardim.”
