Yangiliklar

Afg‘oniston turizm agentligi sayyohlarni g‘aroyib reklamalar orqali jalb qilmoqda

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” xorijiy sayyohlarni mamlakatga jalb etish harakatida. Turizm agentliklari ijtimoiy tarmoqlarda reklama roliklarini e’lon qilishmoqda, biroq ularning aksariyati ko‘pchilikda hayrat va norozilik uyg‘otmoqda.

Videoda ikki erkak garovga olingan holatda, yerda tizzalab o‘tirgan, qo‘llari orqaga bog‘langan, boshlariga qora plastik paket kiydirilgan. Ularning ustida qurollangan odamlar turib, kamera qarshisida quyidagilarni aytishadi:

«Chao, Italiya. Agar ikki fuqaroyingiz sog‘-salomat Italiyaga qaytishini istasangiz, bizga 5 milliard dollarni bitcoin shaklida yuborishingiz kerak.»

Keyingi sahnada voqea yo‘nalishi butunlay o‘zgaradi. “Garovga oluvchilar” “garovdagilar” boshidagi qora paketlarni olib tashlaydi. Kadrda tabassum qilgan yosh yigitlar paydo bo‘ladi va ular bosh barmoqlarini yuqoriga ko‘tarib: “Afg‘onistonga xush kelibsiz!” deydi.

30 soniyalik rolikning qolgan qismida mehmonlar afg‘on gidlari hamrohligida mahalliy aholi bilan uchrashayotgani, bolalar bilan o‘ynayotgani, atrof-muhitni suratga olayotgani va bozorda kiyim-kechaklarni kiyib ko‘rayotgani tasvirlangan.

Video X (sobiq Twitter) platformasida hamda “Tolibon” bilan bog‘liq ko‘plab akkauntlarda tarqatilgan.

Shunga o‘xshash avvalgi video “Raza Afghanistan” tomonidan tayyorlangan bo‘lib, “Amerikaga murojaat” tarzida tuzilgan. Unda ham AQSh fuqarolari avval “jabrdiyda” sifatida ko‘rinadi, so‘ngra Afg‘oniston bo‘ylab ekskursiyalardan zavqlanayotgan sayyohlarga aylanadi.

Videoda, shuningdek, erkaklar amerikalik shturm miltig‘ini ko‘zdan kechirayotgani, xavfsizlik tugmasi yo‘qligiga kulayotgani va katta tarvuzlar yeyotgani ko‘rsatilgan.

Bu roliklar 2002-yilda Pokistonda amerikalik jurnalist Daniel Perl hamda 2014-yilda Suriyada AQShlik jurnalist Jeyms Foulining garovga olinib o‘ldirilgan voqealarini eslatadi.

X tarmog‘ida “Raza Afghanistan” videolariga nisbatan fikrlar turlicha bo‘ldi – kimdir “a’lo darajadagi reklama va noyob g‘oya” deya maqtasa, boshqalar unda ayollar tasvirlanmaganini va ayollar hamda qizlarning huquqlari toptalayotgan davlatga borishni istamasligini tanqid qildi.

Instagramdagi so‘nggi postida turizm firmasi asoschisi Yosaf Aryubi stereotiplarga qarshi kurashmoqchi bo‘lganini tushuntirgan va u “hech qanday hukumat bilan aloqasi yo‘qligini” ta’kidlagan.

“Afg‘on tog‘larini va ularni himoya qilayotganlarni ommaviy axborot vositalari va Gollivud shafqatsiz va yovuz tarzda tasvirlaydi”, — deb yozadi 28 yoshli Aryubi. U AQShda ulg‘aygan va hozir Kaliforniya bilan Kobul o‘rtasida yashaydi.

“20 yillik bosqinchilik davrida sayohat qilish imkonim bo‘lmagan yurtda endi taassurotlarimni bo‘lishayotganim — katta baxt”.

“Tolibon” turizm sohasini rivojlantirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish orqali iqtisodiy daromadni oshirmoqchi.

Afg‘onistonning global sahnadagi yakkalanganligi — ayniqsa, ayollar va qizlarga nisbatan joriy etilgan cheklovlar sababli — mamlakat aholisining katta qismini qashshoqlikka giriftor etgan. 41 milliondan ortiq aholiga ega Afg‘oniston xorijiy sarmoyalarni jalb etish yo‘lida turizm salohiyatiga tayanmoqda.

“Afg‘on xalqi mehmondo‘st va ochiqko‘ngil, ular xorijlik sayyohlarni kutib olishni va ular bilan muloqot qilishni istaydi”, — degan Turizm vaziri o‘rinbosari Qudratullo Jamol intervyularidan birida. “Turizm mamlakatga katta foyda keltiradi. Biz bu afzalliklarni inobatga oldik va endilikda ularni to‘liq amalga oshirishga intilyapmiz”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

O‘tgan yili Afg‘onistonga deyarli 9 000 xorijiy sayyoh kelgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki uch oyida bu ko‘rsatkich 3 000 atrofida bo‘lgan (Turizm vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra).

Afg‘oniston xavfsizlik holati bois mashhur sayyohlik manzili hisoblanmaydi. 2021-yil avgustidagi “Tolibon”ning hokimiyatni qo‘lga olishi butun dunyoda shov-shuvli voqea bo‘lgan va minglab afg‘onlarni mamlakatni tark etishga majbur qilgan.

Hozirda ham mamlakatda vaqti-vaqti bilan hujumlar, garovga olishlar va xorijliklarning hibsga olinishi holatlari kuzatilmoqda. 2024-yil may oyida IShID jangarilari Bomionda hujum uyushtirib, uch nafari ispan bo‘lgan olti kishini o‘ldirgan. Bomiоn — Afg‘onistondagi asosiy sayyohlik maskanlaridan biri hisoblanadi. 2001-yilda shu hududda “Tolibon” tomonidan ulkan Budda haykallari vayron qilingan edi.

2024-yil fevral oyida “Tolibon” Afg‘onistonda ta’lim dasturlarini boshqargan britaniyalik er-xotinni hibsga oldi. Aprel oyida Ichki ishlar vazirligi vakili Piter va Barbi Reynolds “mayda sabablarga ko‘ra” tergov qilinayotganini va ular tez orada shariat qonunlariga asoslangan sudga tortilishini bildirgan edi.

Shuningdek, 2022-yilda Kobulga tashrifi chog‘ida “Tolibon” tomonidan hibsga olingan amerikalik sayyoh Jorj Glezmann 2025-yil mart oyida, ikki yildan ortiq qamoqdan so‘ng ozod qilingan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.