Xalqaro gumanitar sektor tarixidagi yirik moliyaviy qisqartirish: USAID’ning faoliyati butunlay tugatildi
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) rasman yopildi. Bunga Prezident Donald Trampning agentlikning mablag‘larini isrofgarchilik bilan ishlatgani haqidagi da’volari ortidan bosqichma-bosqich uni tugatish harakatlari sabab bo‘ldi.
Mart oyiga kelib, agentlikning dasturlarining 80 foizidan ortig‘i bekor qilindi. Seshanba kuni esa qolgan faoliyat ham rasmiy ravishda Davlat departamenti tarkibiga o‘tkazildi.
AQSh hukumati nomidan xalqaro yordamni boshqarib kelgan USAID — dunyodagi eng yirik donor tashkilotlardan biri — yopilishi sobiq prezidentlar Barak Obama va Jorj Bush tomonidan keskin tanqid qilindi.
«The Lancet» tibbiy jurnalida e’lon qilingan tahlilga ko‘ra, bu yordamlar qisqartirilishi tufayli 2030-yilgacha qo‘shimcha 14 million kishi vafot etishi mumkin.
Tadqiqot mualliflari bu raqamlarni “hayratlanarli” deb atagan va muddatidan avval vafot etish xavfi ostidagi har uchinchi odam bola bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Davlat departamenti rasmiysi esa bu hisobotda “noto‘g‘ri taxminlar” ishlatilganini aytib, AQSh yordamini “yanada samarali” tarzda davom ettirishini ta’kidladi (AFP xabariga ko‘ra).
1961-yilda tashkil etilgan USAID ilgari 10 mingga yaqin xodimga ega bo‘lgan, ularning uchdan ikki qismi xorijda faoliyat yuritgan (Kongress Tadqiqot Xizmati ma’lumotiga ko‘ra).
Trampning ikkinchi prezidentlik muddatining boshlarida bu qisqartirishlar boshlangan edi. Federal xodimlar sonini qisqartirish vazifasi esa milliarder va sobiq prezident maslahatchisi Ilon Musk’ka yuklatilgan edi.
Dunyo bo‘ylab insonparvar tashkilotlar bu qarorni qattiq tanqid qildi.
Chorshanba kuni ertalabgacha USAID’ning rasmiy veb-saytida quyidagi xabar saqlanib turdi: “23-fevraldan boshlab barcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri yollangan xodimlar ma’muriy ta’tilga chiqarildi.”
Davlat kotibi Marko Rubio ilgari USAID’ning qisqartirishdan keyin qolgan 1000 ta dasturi endilikda uning departamenti tomonidan boshqarilishini aytgan edi.
U seshanba kuni quyidagicha bayonot berdi:
“Hukumat tomonidan ruxsat berilgan samarasizlik davri yakuniga yetdi.”
U Substack sahifasida shunday yozdi:
“Tramp ma’muriyati ostida xorijiy yordam siyosati endi AQSh milliy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi.”
Tramp ilgari ham bir necha bor chet eldagi mablag‘ sarfini “Amerika manfaatlari birinchi bo‘lishi kerak” degan tamoyilga moslashtirish istagini bildirgan edi. Bush va Obama USAID jamiyati a’zolari bilan bo‘lgan videokonferensiyada o‘z noroziliklarini bildirgan. Uchrashuvda U2 guruhining solisti Bono ham ishtirok etgan.
Bush, Tramp bilan bir partiyada bo‘lishiga qaramay, o‘zining prezidentligi davrida boshlangan OITS va OIVga qarshi kurash dasturiga kiritilgan qisqartirishlar oqibatidan xavotir bildirgan. Bu dastur hayotini saqlab qolgan deb hisoblanayotgan 25 million kishiga yordam bergan.
U USAID xodimlariga videomurojaat orqali shunday dedi:
“Sizlar Amerikadagi eng buyuk kuch — insoniy qalb bilan harakat qilgansizlar. 25 million odam tirik qolgan bo‘lsa, bu bizning manfaatimizga emasmi? Albatta shunday, siz ham, men ham bunga ishonamiz.”
Obama ham tashkilotning yopilishi borasida o’z fikrini bildirdi:
“USAID’ni yopish fojia. Chunki bu tashkilot dunyodagi eng muhim ishlarni amalga oshirayotgan edi.”
Uzoq yillik insonparvarlik faoliyati bilan tanilgan Bono esa quyidagicha murojaat qildi:
“Sizni firibgar deb atashdi, aslida esa siz bizning eng yaxshilarimiz edingiz.”
USAID global yordam tizimining ajralmas qismi deb qaralgan. Trampning qisqartirish qaroridan so‘ng boshqa davlatlar — jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya ham o‘z yordam mablag‘larini kamaytirdi.
O‘tgan oy Birlashgan Millatlar Tashkiloti quyidagicha bayonot berib, shunday dedi:
“Xalqaro gumanitar sektor tarixidagi eng chuqur moliyaviy qisqartirishlar yuz bermoqda.”
