Isroil G‘azoga ketayotgan kemani qo‘lga oldi, unda faollar, jumladan, Greta Tunberg bor
Isroil harbiylari O‘rta Yer dengizi orqali G‘azo sektoriga gumanitar yordam olib ketayotgan, bortida 12 kishi, jumladan ekologik faollardan biri Greta Tunberg bo‘lgan Madleen yaxtasini to‘xtatdi. Isroil rasmiylari ilgari bu kemaning G‘azo qirg‘oqlariga yetib borishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan edi.
Yaxta tunda ushlangan. Britaniya bayrog‘i ostida suzayotgan va «Ozodlik flotiliyasi» nomli koalitsiya tomonidan boshqarilayotgan Madleen hozirda Isroilning Ashdod porti tomon yo‘l olmoqda, deya ma’lum qildi Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant. Isroilning Kan telekanali esa kemaning allaqachon Ashdod portiga yetib kelganini xabar qildi.
Faollar ramziy tarzda bir necha turdagi gumanitar yordam – guruch va bolalar oziq-ovqatlarini G‘azo sektoriga yetkazmoqchi bo‘lishgan. Ularning maqsadi — xalqaro hamjamiyat e’tiborini G‘azodagi og‘ir insoniy vaziyatga qaratish edi.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa quyidagicha bayonot berdi:
“Mashhur shaxslarning ‘selfi-yaxtasi’ Isroil qirg‘oqlari sari xavfsiz yetib bormoqda. Barcha yo‘lovchilar o‘z vatanlariga qaytariladi.”
Ularning aytishicha, barcha yo‘lovchilar sog‘-salomat va xavfsiz holatda.
Isroil tomoni bu harakatni faqat ommaning e’tiborini tortishga qaratilgan media-provokatsiya deb baholadi. Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, Madleen yaxtasi bortidagi yordam miqdori bitta yuk mashinasiga ham teng emas, shu bilan birga, so‘nggi ikki hafta ichida Isroil G‘azo sektoriga 1 200 dan ortiq gumanitar yuk mashinalarini yuborgan. G‘azo uchun Gumanitar Fond esa shu vaqt ichida 11 milliondan ortiq oziq-ovqat porsiyalarini tarqatgan.
“Gumanitar yordamni Instagram’da selfi qilishsiz ham yetkazish yo‘llari mavjud”, — deyiladi TIV bayonotida. Faollarning kemasidagi kichik yordam miqdori G‘azoga xalqaro gumanitar kanallar orqali yetkazilishini va’da qilishdi.
Avvalroq “Ozodlik flotiliyasi” Telegramda:
“Madleen bilan aloqa uzildi”, — deya xabar bergan edi. Ular Isroil harbiylarini o‘zlarini “o‘g‘irlashda” ayblashdi.
Tashkilot xavfli vaziyatda olingan suratni ham e’lon qildi — unda qutqaruv jiletlari kiygan odamlar qo‘llarini ko‘tarib o‘tirishgan.
Fransiyalik falastinlik siyosatchi Rima Hassan X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:
“Flotiliya ekipaji Isroil armiyasi tomonidan xalqaro suv hududida tungi soat ikki atrofida hibsga olindi.”
22 yoshli Greta Tunberg boshchiligidagi guruh Sitsiliyadan suzib chiqqan. Bortda jami 12 nafar faollar bo‘lgan. Ular Isroil tomonidan o‘rnatilgan dengiz blokadasini yorib o‘tib, G‘azoga yordam olib borishni maqsad qilishgan edi.
Yakshanba kuni Isroil mudofaa vaziri kema G‘azo qirg‘og‘iga yetib borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “barcha zarur choralarni ko‘rishni” buyurganini e’lon qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra:
“Greta va boshqa faollar ortga qaytishi kerak — ular G‘azoga yetib borolmaydi. Men Isroil mudofaa kuchlariga Madleen flotiliyasining G‘azo qirg‘oqlariga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qat’iy ko‘rsatma berdim.”
U faollarni keskin tanqid qildi:
“Antisemitchi Greta va uning HAMAS tarafdori safdoshlari! Sizlarga ochiq aytaman — orqaga qayting! Isroil har qanday blokadani yorish yoki terrorchilik tashkilotlariga yordam ko‘rsatishga qaratilgan urinishlarga — suvda, havoda yoki quruqlikda — qarshi qat’iy choralar ko‘radi.”
“Ozodlik flotiliyasi” bu bayonotni quyidagicha izohladi:
“Bu Isroilning tinch aholiga nisbatan noqonuniy kuch ishlatishini oqlashga urinishidir. Biz tahdidga bo‘ysunmaymiz. Dunyo bizni kuzatmoqda. Hech qanday sionistik targ‘ibot haqiqatni yashira olmaydi: Isroil xalqaro huquq va insoniy qadriyatlarni poymol qilib, G‘azoni harbiy kuch bilan genotsid tarzida blokadaga olmoqda.”
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi esa bayonotida shunday dedi:
“Isroilning bu aralashuvi dengizdagi xavfsizlikka tahdid soladi va yana bir bor uning o‘zini terroristik davlatdek tutayotganini ko‘rsatmoqda.”
May oyidagi avvalgi urinishda ham “Ozodlik flotiliyasi” yana bir kemasi orqali G‘azoga yordam yetkazmoqchi bo‘lgan edi, ammo Malta yaqinidagi xalqaro suv hududida noma’lum dronlar hujumi oqibatida kemaning burun qismi zarar ko‘rgan. Faollar bu hujumda ham Isroilni ayblashgan.
2010-yilda ham “Ozodlik flotiliyasi” Isroil qirg‘oqlarida jiddiy mojaroga uchragan edi. U vaqtda flotiliya tarkibidagi kema qurilish materiallari, gumanitar yordam va pro-falastin faollari bilan ushlab qolingan. Faollar harbiylarga keskin qarshilik ko‘rsatgan va bu odamlar qurbon bo‘lgan hodisaga aylangan.
Hozirda G‘azoda gumanitar vaziyat juda og‘ir. Isroil tomonidan ikki oy avval HAMASga qarshi harbiy harakatlar bilan birga joriy etilgan to‘liq blokada hali ham davom etmoqda. G‘azoga kirish-chiqish punktlari yopilgan, oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmonlar yetkazilishi butunlay to‘xtatilgan.
Isroil bu blokada orqali HAMASga bosim o‘tkazib, garovdagilarni ozod qilishni maqsad qilganini bildiradi. Biroq gumanitar tashkilotlar butun aholini jazolash bu maqsadni oqlamasligini ta’kidlamoqda.
Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasining aytishicha, oziq-ovqat, yoqilg‘i, dori-darmon va hattoki ichimlik suvi zahiralari tugayapti. Gumanitar faoliyat to‘liq falokat yoqasida.
BMTning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha koordinatori Isroilning blokadasini “shafqatsiz” deb atab, xalqaro huquqqa ko‘ra, Isroil gumanitar yordam yetkazilishiga ruxsat berishi shartligini eslatdi. Aprel oyida Britaniya, Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari Isroilning G‘azoga yordam yo‘llarini to‘sib qo‘yganini “qabul qilib bo‘lmas” harakat deb baholagan edi.
