Telegram’da faktcheking funksiyasi paydo bo‘ladi: Durov messenjer Grok bilan hamkorlik qilayotganini e’lon qildi
Telegram asoschisi Pavel Durov platformaning Grok sun’iy intellekt chat-boti bilan hamkorligi haqida gapirdi. Messenjerga yozda qo‘shiladigan yangi funksiyalar ro‘yxatida faktcheking ham bor.
“Bu yozda Telegram foydalanuvchilari bozordagi eng kuchli sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. @elonmusk (Ilon Mask – tahr.) va men bir yillik hamkorlik haqida kelishib oldik: xAI @grok’ni milliardlab foydalanuvchilarga taqdim etamiz va uni Telegram ilovalariga integratsiya qilamiz”, – deb yozdi Durov X ijtimoiy tarmog‘ida.
U, shuningdek, bu hamkorlik messenjerning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashini ta’kidladi.
“Durov kodi” nashri yozda taqdim etiladigan funksiyalar ro‘yxatini keltirdi. Ulardan ba’zilari quyidagilar:
- Grok AI boti barcha foydalanuvchilar uchun ustun (biriktirilgan) holatda bo‘ladi;
- Matnni sun’iy intellekt yordamida qayta yozish, jumladan ohangni (tonalnost) o‘zgartirish;
- O‘qilmagan xabarlarning turli uslubda qisqacha mazmuni (summary);
- Chatlarni sun’iy intellekt asosida moderatsiya qilish;
- Foydalanuvchilarga avtomatik sun’iy intellekt javoblari;
- Kanallarda faktcheking funksiyasi.
Sun’iy intellekt servizlarining muammolaridan biri – ular ba’zida yolg‘on ma’lumot taqdim etadi. 2023-yil fevral oyida Google rahbarlaridan biri ommalashib borayotgan chat-botlar bilan ishlaganda yuzaga keladigan “gallyutsinatsiyalar” haqida ogohlantirgan edi. Uning aytishicha, “bunday holatlarda mashina ishonchli ko‘ringan, ammo to‘liq uydirma javob beradi”.
O‘tgan yili esa Apple bosh direktori Tim Kuk The Washington Post nashriga bergan intervyusida kompaniya sun’iy intellekt gallyutsinatsiyalarini to‘liq to‘xtata olishiga ishonmasligini aytgan edi.
