Yangiliklar

Charlie Hebdo jurnali Zelenskiyning soxta karikaturalari sabab ‘X’ ijtimoiy tarmog‘ini sudga berdi

Fransiyaning mashhur hajviy jurnali Charlie Hebdo ijtimoiy tarmoq X (ilgari Twitter nomi bilan tanilgan) ustidan soxta karikaturalar tufayli sudga murojaat qildi. Bu karikaturalarda jurnal muqovalari go‘yoki taqlid qilingan bo‘lib, ularning ayrimlarida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tasvirlangan.

Charlie Hebdo o‘zining X’dagi sahifasida yozishicha, da’vo sabablaridan biri — Putin siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgandek taassurot uyg‘otadigan taxminan 15 ta soxta muqova.

“Bu muqovalar bizning hajviy uslubimizni taqlid qiladi va mavzudan xabari yo‘q o‘quvchini adashtirishi mumkin”, — deyiladi bayonotda.

Jurnal tahririyatining aytishicha, bu karikaturalar asosan rossiyalik auditoriyaga qaratilgan.

Charlie Hebdo’ning advokati Rishar Malka AFP agentligiga bergan bayonotida soxta muqovalar yuqori professionallik bilan tayyorlanganini aytdi.

Charlie Hebdo vakillarining ta’kidlashicha, Parij sudi orqali berilgan da’vo kamida bu soxtakorlik ortida kim turganini aniqlashga qaratilgan.

AFP agentligi ko‘rgan da’vo arizasida aytilishicha, soxta muqovalar rus tilidagi izohlar yoki sarlavhalar bilan tarqatilgan.

Soxta muqovalarda nimalar tasvirlangan?

Charlie Hebdo bayonotida taxminan 15 ta soxta muqova tilga olingan bo‘lsa-da, aslida ijtimoiy tarmoqlarda bunday “karikatura muqovalar” soni ancha ko‘p. Ular nafaqat Charlie Hebdo, balki boshqa satirik jurnallar uslubini ham taqlid qilgan.

2024-yil may oyi boshida rus tilidagi “Provereno” faktcheking loyihasi 2022-yil kuzidan beri 70 dan ortiq karikaturani tahlil qilganini ma’lum qilgan edi. Ularning deyarli uchdan bir qismi soxta Charlie Hebdo muqovalari bo‘lgan. Bu materiallarning asosiy nishoni — Ukraina, Zelenskiy va G‘arb davlatlari bo‘lgan.

“Provereno” tahlilchilarining fikricha, vaqt o‘tishi bilan bunday materiallarga Kremlga yaqin Telegram-kanallarning qiziqishi susaygan, biroq baribir ularning yangilari muntazam ravishda tarqalishda davom etmoqda.

Misol uchun, 2024-yil bahorida tarqalgan soxta muqovalardan birida Zelenskiy nogironlar aravachasi yonida turgan holda tasvirlangan, uning oldida esa “Vatikan banki” yozuvi ostida marhum Rim papasi Fransisk o‘tirgan. Zelenskiyga quyidagi so‘zlar nisbat berilgan:

“Bu menman, papa Fransisk. Iltimos, barcha pullarimni Ukrainaga o‘tkazing.”

Yana bir soxta karikaturada Zelenskiy Viktor Gyugoning “Parij Notr-Dami” romanidagi Kvazimodo – tanasida jiddiy nuqsonlari bor qahramon qiyofasida tasvirlangan.

Ukrainadagi “Без брехні” (o‘zbekchasi “Yolg‘onsiz”) faktcheking loyihasi esa boshqa bir feykni fosh qilgan: unda Zelenskiy tobut ichida yotgan holda tasvirlangan va ostida “Siyosiy murda so‘nggi nafasini chiqaryapti” degan yozuv bor. Zelenskiyga esa:

“Ukraina — mustaqil davlat”, — degan so‘zlar bog‘langan.

Boshqa soxta karikaturalarda esa Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning rafiqasi aslida erkak degan asossiz fitna nazariyasi, shuningdek Buyuk Britaniyaning migratsiya siyosatini masxaralash holatlari ham kuzatilgan.

Charlie Hebdo ta’kidlashicha, Rossiya bosqinidan buyon Rossiya hukumati Yevropadagi jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatish va uni chalg‘itish uchun barcha aloqa vositalaridan foydalangan. Da’vo orqali jurnal o‘z obro‘si va qadriyatlarini himoya qilish, shuningdek, bu kabi manipulyatsiyalar jamoatchilik fikriga ta’sir qilishi mumkin, degan taxminlarni rad etishni maqsad qilgan.

Charlie Hebdo o‘zi bilan bog‘liq mojarolari bilan tanilgan satirik nashr. 2005-yil yanvarida ikki nafar jangari jurnalning Parijdagi ofisiga bostirib kirib, 12 kishini otib o‘ldirgan. Ular ko‘chada ham o‘q uzgan, buning natijasida ikki politsiyachi va yana bir nechta odam halok bo‘lgan.

Huquq-tartibot organlari ma’lumotiga ko‘ra, bu hujum jurnalda Payg‘ambar Muhammad (s.a.v) haqida karikaturalar chop etilgani uchun qasos sifatida amalga oshirilgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.