Meta hattoki inkognito rejimida ham brauzerni yashirincha kuzatmoqda
Bir guruh olimlar foydalanuvchilarning anonim veb-faoliyatini mobil ilovalardagi aniq shaxslarga bog‘lash imkonini beruvchi noodatiy kuzatuv sxemasini aniqladi. Tadqiqotga ko‘ra, Meta kompaniyasi Android ilovalari orqali foydalanuvchilarning brauzer harakatlari haqida ma’lumot to‘plagan va bu jarayonda maxfiylik tizimi cheklovlarini aylanib o‘tgan.
Ushbu texnika qurilmaning ichki tarmoq interfeysidan — ya’ni localhost yoki loopback manzilidan foydalanishga asoslangan. Odatda bu mexanizm ishlab chiquvchilar tomonidan mahalliy veb-serverlarni sinovdan o‘tkazish uchun qo‘llaniladi, ammo bu yerda u kuzatuv vositasiga aylantirilgan.
Facebook va Instagram ilovalari qurilmada TCP 12387 yoki 12388 portlari hamda UDP 12580–12585 oralig‘idagi biror bo‘sh portni ochgan. Ilova orqa fonda ishlayotgan bo‘lsa ham, u brauzerdan ulanayotgan signalni kutishda davom etgan. Agar foydalanuvchi Meta Pixel o‘rnatilgan saytga kirsa — bu foydalanuvchi harakatlarini kuzatuvchi skript — brauzerda ishga tushgan va modifikatsiyalangan WebRTC yordamida ilovaga ulanib, ma’lumot uzatgan.
Bu skript ilovaga _fbp identifikatorini o‘z ichiga olgan cookie, sahifa manzili, brauzer metama’lumotlari va hodisa turi (masalan, sahifani ko‘rish, tugmani bosish yoki xayriya qilish) kabi ma’lumotlarni uzatgan. Shu bilan birga, bu ma’lumotlar https://www.facebook.com/tr manziliga ham yuborilgan. Ilova _fbp identifikatorini https://graph.facebook.com/graphql manziliga uzatgan, bu yerda u foydalanuvchiga tegishli boshqa doimiy identifikatorlar bilan birga birlashtirilgan. Natijada, brauzer harakatlari foydalanuvchining Facebook yoki Instagram akkaunti bilan bog‘langan.
Bu mexanizm cookie fayllarni tozalash, inkognito rejimi, va Android ruxsatnomalari tizimi kabi maxfiylik himoyalarini aylanib o‘tgan. Bu esa foydalanuvchi roziligisiz va sayt bannerlaridagi ruxsatlarga qaramay amalga oshirilgan. Bundan tashqari, bu usul cookie’larning «qumloq maydonchasi» (sandbox) tamoyilini buzgan — ya’ni odatda turli saytlar bo‘ylab bir foydalanuvchini aniqlab bo‘lmasligi kerak edi, ammo bu yerda bunday bog‘liqlik yuzaga kelgan.
Mualliflarning yozishicha, ma’lumot uzatish 2024-yil sentyabrida boshlangan, bu Meta API bilan ishlovchi tashqi dasturchilar orasida munozaralarga sabab bo‘lgan. Okytabr oyida esa HTTP protokoli o‘rniga yanada murakkab protokollar — WebSocket, WebRTC STUN (modifikatsiyalangan SDP bilan) va WebRTC TURN ishlatilgan. Shunga qaramay, tadqiqotchilar skriptlar harakatini kuzatib borib, 2025-yil 3-iyun kuni, Markaziy Yevropa vaqti bilan soat 07:45 da, Meta Pixel localhostga ma’lumot yuborishni to‘xtatganini aniqlashgan. _fbp uzatishga javobgar kod skriptlardan deyarli yo‘qolgan.
Meta o‘z bayonotida, bu funksiyani Google Play siyosatining buzilishi mumkinligi haqida ogohlantirish olganidan so‘ng vaqtincha o‘chirganini ma’lum qilgan. Kompaniya vakillari hozirda Google bilan «siyosatlarni noto‘g‘ri tushunish» yuzasidan muzokara olib borayotganini aytgan, lekin tafsilotlarni ochiqlamagan.
Tadqiqotchilar bu kabi hujumlarni kelajakda oldini olish uchun texnik tavsiyalar ham bergan. Masalan, Google Android’ga mahalliy tarmoqqa kirish uchun alohida ruxsat qo‘shishni ko‘rib chiqmoqda, bu localhostni yashirin kuzatishga to‘sqinlik qiladi. Biroq, bu boradagi oldingi urinishlar texnik muammolarga uchragan.
Ayrim brauzerlar allaqachon choralar ko‘rgan. Chrome 137-versiyasi (2025-yil 26-mayda chiqqan) SDP o‘zgarishlariga qarshi tajriba himoyasini o‘z ichiga oladi, hozircha u faqat ba’zi foydalanuvchilarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Firefox ham shunga o‘xshash himoya ustida ishlamoqda. Brave brauzeri bu hujumlardan avvaldan himoyalangan, chunki localhostdan foydalanish uchun aniq ruxsat talab etadi. DuckDuckGo esa skriptlarni qora ro‘yxatga kiritgan.
Tadqiqotchilar bu aniqlangan texnika maxfiylikni chetlab o‘tishning yangi usullarini yaratishini va OS va brauzerlar darajasida qat’iy nazorat zarurligini ta’kidlamoqda.
