Yangiliklar

XChat — Ilon Mask’ning universal messenjeri maydonga chiqdi

X platformasi beta-versiyada XChat nomli yangi xizmatni ishga tushirdi — bu maxfiy yozishmalar, fayllarni yuborish va o‘chib ketadigan xabarlar funksiyasiga ega shifrlangan messenjer. Ilovani shaxsan Ilon Mask e’lon qildi. Unga ko‘ra, chat orqali ovozli va videoqo‘ng‘iroqlarni raqam kiritmasdan amalga oshirish mumkin. Bu funksiya barcha qurilmalarda — mobil ilovalardan tortib kompyuter versiyasigacha ishlaydi.

Yangi imkoniyatlar X platformasining universal dasturga aylanish yo‘lidagi harakatini tasdiqlaydi — ya’ni bu ilova nafaqat muloqot uchun, balki ko‘ngilochar va ishbilarmonlik faoliyatlari uchun ham mo‘ljallanmoqda. Mask avval ham «hammasi uchun yagona ilova» — Xitoydagi WeChat’ning global analogini yaratmoqchi ekanligini bir necha bor aytgan.

Yangi funksiyalar hozircha faqat X’ning pullik versiyasi foydalanuvchilariga taqdim etilgan. XChat’dagi xabarlar to‘rt xonali maxsus kod bilan himoyalangan. Mustaqil ilova tadqiqotchisi Nima Oujining yozishicha, bu messenjerda kengaytirilgan guruhli chatlar ochish ham mumkin bo‘ladi, shuningdek «yo‘qolish rejimi» (vanishing mode) funksiyasi ham bor.

Bu X platformasining maxfiy muloqotga bo‘lgan birinchi qadami emas. 2023-yil may oyida platforma pullik foydalanuvchilar uchun yozishmalarni shifrlash funksiyasini ishga tushirgan, biroq yaqinda uni vaqtincha o‘chirib, yangilash ishlarini boshladi. Ayni yangilanish esa XChat’ga asos bo‘lgan ko‘rinadi. Avvalroq X (ilgari Twitter) ochiq bayonotlar va internet-dramalar maydoni bo‘lib kelgan edi. Biroq 2022-yilda Mask uni sotib olgach, yo‘nalish butunlay o‘zgardi — endi u X’ni insonlarning kundalik hayotidagi markaziy vositaga aylantirmoqchi.

X tobora ko‘proq shaxsiy muloqotga e’tibor qaratmoqda — oddiy xabar almashinuvidan tashqari, qo‘ng‘iroqlar, xabarlarni tahrirlash va shifrlash kabi imkoniyatlar ham qo‘shilmoqda. Endilikda raqam kiritmasdan qo‘ng‘iroq qilish imkoni bilan X, WhatsApp, Telegram va Signal kabi xizmatlarga real raqobatchi bo‘lmoqda.

Avval ba’zi messenjerlarda bu imkoniyat bor edi, biroq ijtimoiy tarmoqlar uchun bu hali kam uchraydigan hodisa. Telefon raqamisiz qo‘ng‘iroq qilish funksiyasi esa — X’ning o‘z ekotizimini shakllantirish sari yana bir qadami bo‘lib, u orqali foydalanuvchilar chiroyli interfeysda chat qilish, qo‘ng‘iroq qilish va kontent almashish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.