Yangiliklar

Buyuk Britaniya va Vikipediya o‘rtasida ziddiyat: Anonimlikka chek qo‘yiladimi?

Vikipediyani boshqaradigan Wikimedia jamg‘armasi Angliya va Uels Oliy sudiga onlayn xavfsizlik to‘g‘risidagi Britaniya qonuniga qarshi da’vo arizasi kiritdi. Jamg‘arma yangi qonunning ba’zi bandlari platformada “manipulyatsiya va vandalizmga” olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

Bu internet xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun normalarining sud tomonidan ilk bor qayta ko‘rib chiqilishi bo‘lishi mumkin. Tashkilot Vikipediyani eng yirik platformalardan iborat “birinchi toifa”ga kiritilishidan xavotirda, chunki ularga eng qat’iy talablar qo‘yiladi. Jamg‘arma fikricha, bu Vikipediya ishlash prinsiplarini izdan chiqaradi, ko‘ngillilarning maxfiyligiga zarar yetkazadi va loyihani rivojlantirish hamda himoya qilish resurslarini chalg‘itadi.

Jamg‘armaning bosh yuristi Fil Bredli-Shmigning so‘zlariga ko‘ra, da’vo arizasidagi maqsad — “Vikipediya ko‘ngillilarini, shuningdek, erkin bilimlarning global mavjudligi va yaxlitligini himoya qilishdir”. Jamg‘arma o‘zi qonunga qarshi emasligini va yirik platformalarga qo‘yilgan talablar zarurligini inkor etmasligini qayd etdi — u faqat qaysi platforma “1-toifa”ga kiritilishi mexanizmidan norozi.

Bu mezonlar raqamli texnologiyalar bo‘yicha vazir Piter Kayl tomonidan imzolangan ikkilamchi qonunchilik orqali belgilanadi. Wikimedia ushbu normativ-huquqiy hujjat bo‘yicha sudiyaviy qayta ko‘rib chiqish so‘rab ariza berdi — bu orqali sud hukumat organlarining qarorlari qonuniyligini baholaydi.

Bahsli bandlardan biri — foydalanuvchilar shaxsini tekshirish talabi. Qonunning hozirgi talqiniga ko‘ra, agar Vikipediya tahrirchilarni verifikatsiya qilmasa, anonim foydalanuvchilarga hatto trolling yoki dezinformatsiyani tuzatishga qaratilgan o‘zgartirishlarni bloklashga ruxsat berilishi kerak bo‘ladi. Bu minglab ko‘ngillilarni shaxsini tasdiqlashga majbur qiladi, bu esa jamg‘armaning minimal ma’lumot yig‘ish prinsipi bilan zid keladi.

Qonun talablarini buzganlik uchun 18 million funtgacha yoki kompaniya global aylanmasining 10 foizigacha jarima belgilangan. Eng og‘ir holatlarda Britaniyada xizmatga kirishni butunlay to‘sish ehtimoli ham bor.

Bredli-Shmig ta’kidlashicha, 300 dan ortiq tilda maqola yozayotgan ko‘ngillilar ma’lumotlari sizib chiqishi, ta’qib, sud da’volari yoki hatto avtoritar davlatlar tomonidan hibsga olinishi xavfi ostida qolishi mumkin. “Maxfiylik — bu bizning xavfsizlik tizimimizning asosi. Ijtimoiy tarmoqlar uchun ishlab chiqilgan bu me’yorlar Vikipediyaga jiddiy zarar yetkazishi mumkin”, — dedi u.

Jamg‘arma fikricha, “1-toifa” ta’rifi juda noaniq. Unga tarkibni tomosha qilish yoki ulashish mumkin bo‘lgan, axborotni tanlab berish algoritmlari ishlaydigan va “yetarli darajada ko‘p foydalanuvchiga ega” saytlar kiradi — foydalanuvchilar bu xizmatdan qanday foydalanishidan qat’i nazar.

“Biz kategoriyalash mezonlarini sud orqali qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lganimizdan afsusdamiz, — dedi Bredli-Shmig. — Internetni xavfsiz qilish istagida tahrirchilarimizni yomon o‘ylangan qonunchilikdan himoya qilishga majbur bo‘layapmiz”.

Buyuk Britaniya hukumati sud jarayonlari davom etayotganligi sababli izoh bera olmasligini, biroq onlayn xavfsizlik qonunini amalga oshirishga sodiqligini ta’kidladi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.