Robotlarga sarmoya kiritib, mijozlardan ayrildi: Starbucks avtomatlashtirishdan nolidi
Starbucks kompaniyasi avtomatlashtirishga tikilgan sarmoya xato bo‘lganini tan oldi. So‘nggi ikki yil davomida texnika yordamida ayrim funksiyalarni almashtirish umidida xodimlar sonini qisqartirgan kompaniya, natijada daromadning kamayishini va mijozlar noroziligini kuzatmoqda. So‘nggi chorak uchun hisobot tahlilchilarning kutganidan yomonroq bo‘lib chiqdi, yangi bosh direktorning bayonotlari esa avvalgi yo‘nalish qayta ko‘rib chiqilganini aniq ko‘rsatmoqda.
2025-moliyaviy yilining ikkinchi choragida Starbucks 8,76 milliard dollar ishlab topdi, bu o‘tgan yilga nisbatan atigi 2 foizga ko‘p. Shu bilan birga, aksiyaga to‘g‘ri keladigan tuzatilgan foyda 40 foizga kamaydi. Kompaniya aksiyalari narxi taxminan 6 foizga tushib ketdi. Ayniqsa, Shimoliy Amerikadagi savdo hajmining pasayishi xavotir uyg‘otmoqda: o‘rtacha buyurtma narxi oshganiga qaramay, tranzaksiyalar soni 4 foizga kamaygan.
2022-yildan beri tarmoq faol ravishda yangi nuqtalarni ochib, shu bilan birga shtatni qisqartirgan. Ikki yil ichida xodimlar soni 41 ming nafarga, baristalar soni esa 47 ming nafarga kamaydi, holbuki umumiy filiallar soni deyarli 41 mingtaga yetgan. Asosiy e’tibor esa avtomatlashtirilgan uskunalarni joriy etishga qaratilgan edi, ular xodimlar yetishmovchiligini qoplashga xizmat qilishi kerak edi. Kompaniya jarayonlarni modernizatsiya va optimallashtirishga, jumladan ovqat va ichimliklarga avtomatik buyurtma berish tizimlariga yuzlab million dollar sarmoya kiritdi.
Biroq, robotlashtirishga qaratilgan yondashuv o‘zining chegaralarini namoyon qildi. Amalda esa, qahvaxonachilik biznesida insoniy muloqot va muhitning o‘rni juda muhim ekani ayon bo‘ldi. Buyurtmalarni qabul qilishda sun’iy intellekt tizimidan voz kechgan McDonald’s misoli shuni ko‘rsatadiki, mijozlarga xizmat ko‘rsatishda odamlar ishtiroki zarur. O‘tgan yilning sentabr oyida kompaniya rahbarligiga kelgan Brayan Nikollning so‘zlariga ko‘ra, Starbucks ayrim texnikalarni joriy etishni to‘xtatishga va xodimlar sonini ko‘paytirishga qaror qilgan.
Mijozlar tajribasini yaxshilash bo‘yicha yangi usullar sifatida, masalan, stakanlarga qo‘lda yozilgan xabarlar yozilishi tilga olinmoqda — bu ko‘plab tashrif buyuruvchilarni qahvaxonada uzoqroq qolishga undagan. Ta’kidlanishicha, xodimlarga sarmoya kiritish mijozlar oqimiga yangi texnikalarga qaraganda kuchliroq ta’sir ko‘rsatmoqda va kamroq kapital sarfini talab qiladi.
Vaziyatdan kelib chiqib aytish mumkinki, biznesning muvaffaqiyati ko‘pincha texnologiyalarga emas, balki insonlarga bog‘liq — aynan ular mijozlarni yana va yana sevimli joyiga qaytishga undovchi muhitni yaratadilar.
