Olimlar inson miyasining ishlash tezligini o‘lchashdi
Kaliforniya Texnologiya Institutining neyrobiologlari tomonidan olib borilgan yangi tadqiqotlar inson miyasi ma’lumotlarni atigi 10 bit/sekund tezlikda qayta ishlashini ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich, kompyuterlarning soniyasiga trillionlab amallarni bajarish tezligidan ancha sekin.
Olimlarning fikriga ko‘ra, bu sekinlik miyaning ma’lumotni ketma-ketlikda qayta ishlash rejimida ishlashi bilan bog‘liq. Periferik asab tizimi ma’lumotlarni gigabit/sekund tezlikda uzatgan bo‘lsa-da, markaziy miya ularni qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan minimal darajagacha filtrlab oladi.
Masalan, StarCraft kabi professional kompyuter o‘yinlari 10 bit/sekundlik tezlikni talab qilsa, Rubik kubigini ko‘rmasdan yechish biroz yuqoriroq – taxminan 12 bitni tashkil etadi. Murakkab maqolani o‘qish esa vaqtincha tezlikni 50 bit/sekundgacha oshirishi mumkin.
Tadqiqot mualliflari, neyrobiologlar Jiéyu Chjen va Markus Mayster, miyaning bu «sekin harakati»ni atrof-muhitga moslashishning bir qismi deb hisoblashmoqda. Asta-sekin rivojlanadigan sharoitlarda yuqori tezlikdagi ma’lumotni qayta ishlash zaruriyati bo‘lmaydi.
Ammo bu kashfiyot ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, miya sezgi organlaridan keladigan katta hajmdagi ma’lumotni qanday filtrlaydi? Yoki nega miyada hasharotlar uyasi kabi parallel ishlash tamoyili qo‘llanilmaydi?
Tadqiqotchilarning fikricha, bu fenomenni o‘rganish nafaqat insonning neyrofiziologiyasini chuqurroq tushunishga, balki miyaning o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirilgan sun’iy intellektni yaratishda ham ilhom bo‘lishi mumkin.
