Google to‘xtovsiz kuzatuvni ishga tushiradi
Yaqinda Google 2025-yil 16-fevraldan boshlab korporatsiyaning reklama mahsulotlaridan foydalanadigan kompaniyalar «fingertprint» texnologiyasini qo‘llashlari mumkinligini e’lon qildi. Ushbu texnologiya foydalanuvchi qurilmasini dasturiy va apparat ta’minoti haqidagi ma’lumotlar asosida aniqlash imkonini beradi. Buyuk Britaniyaning ICO (Axborot komissariyasi idorasi) ushbu qarorga nisbatan o‘z xavotirini bildirdi, chunki fingerprint texnologiyasi foydalanuvchilarni maxfiylik huquqlaridan mahrum etadi, deb hisoblaydi.
Fingerprint texnologiyasi foydalanuvchilarni internetdagi harakatlarini kuzatish uchun ishlatiladigan uchinchi tomon cookie-fayllarini almashtirishi mumkin. Biroq, ICO ta’kidlashicha, bu odamlarni ma’lumotlarining qanday to‘planishi va ishlatilishini boshqarish imkoniyatidan mahrum qiladi. 2019-yilda Google fingerprint texnologiyasini tanlash va oshkoralik huquqiga zid, deb atagan edi. Endilikda kompaniya o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi.
ICO fingerprint texnologiyasidan ma’lumotlarni himoya qilish qonunchiligiga mos ravishda foydalanish bo‘yicha tavsiyalar loyihasini e’lon qildi. Bu tavsiyalar oshkoralikni ta’minlash, foydalanuvchilarning ixtiyoriy roziligini olish, ma’lumotlarni adolatli ishlash va foydalanuvchilarga o‘z ma’lumotlarini boshqarish imkoniyatini berishni o‘z ichiga oladi. Ushbu loyiha bo‘yicha kompaniyalarning takliflarini tinglash maqsadida 20-dekabrdan maslahatlashuv boshlanishi kutilmoqda. ICO fikriga ko‘ra, ushbu talablarni bajarish qiyin bo‘ladi.
Fingerprint texnologiyasini cookie-fayllarga qaraganda boshqarish qiyinroq. Hatto foydalanuvchi brauzer ma’lumotlarini tozalasa ham, qurilma yana tanilishi mumkin. Bu esa kuzatishni oldini olishga harakat qiladiganlar uchun ham maxfiylikni himoya qilish imkoniyatlarini zaiflashtiradi.
ICO Google bilan hamkorlikni davom ettirmoqda va foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha strategiyasini kelasi yil boshida taqdim etishga tayyorlanmoqda. Maqsad — shaxsiylashtirilgan reklama uchun ma’lumotlardan qanday foydalanilishini boshqarish huquqini odamlarga qaytarishdir.
