TikTok va saylovlar: Yevropa Komissiyasi xavflarni o‘rganmoqda
Yevropa Ittifoqi TikTok platformasining saylov natijalariga ta’sir ko’rsatishidagi roli bo‘yicha xavotir bildirmoqda.
Yevropa Komissiyasi TikTok’ni Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni (DSA) buzganlikda gumon qilib, tekshiruv boshladi. Ushbu surishtiruvga Ruminiyada 24-noyabr kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari jarayonida platformaning saylovlarning yaxlitligini himoya qilish va tizimli xavflarni bartaraf etish bo‘yicha yetarli choralarni ko‘rmagani haqidagi shubhalar sabab bo‘ldi.
Tekshiruv TikTok orqali xorijiy kuchlarning saylovlarga aralashgani ehtimoli asosida boshlandi. Surishtiruv DSA talablariga rioya qilish masalasini o‘rganishni o‘z ichiga oladi, bu talab platformalardan bunday xavflarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishni talab qiladi.
Tekshiruv ikki asosiy yo‘nalishga qaratiladi:
- TikTok’ning tavsiyalar tizimlari faoliyati, shu jumladan koordinatsiyalangan manipulyatsiyalar va avtomatlashtirilgan xizmat ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq xavflar.
- Siyosiy reklama va platformadagi pullik siyosiy kontent.
Surishtiruv davomida TikTok milliy saylovlar kontekstidagi mintaqaviy va tilga oid xususiyatlarga bog‘liq xavflarni bartaraf etish uchun yetarli choralarni ko‘rgan yoki ko‘rmaganini aniqlash rejalashtirilgan. Tekshiruv muddatlari qonunda belgilanmagan, bu ishning murakkabligiga, kompaniyaning hamkorlik darajasiga va himoya qilish huquqidan foydalanishga bog‘liq.
Tekshiruvni boshlash qarori Ruminiya hukumati tomonidan oshkor qilingan razvedka materiallari, shuningdek, uchinchi tomon hisobotlari asosida qabul qilindi. Bundan tashqari, TikTok tomonidan 2023 va 2024-yillarda taqdim etilgan xavf tahlili hisobotlari, kompaniyaning komissiya so‘rovlariga javoblari va ichki hujjatlari ham muhim rol o‘ynadi.
Komissiya dalillarni yig‘ishda davom etadi, bu qo‘shimcha ma’lumot so‘rash, intervyular, monitoring va tekshiruvlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, platforma algoritmlari ham tekshiriladi. TikTok komissiya tomonidan 5-dekabrda chiqarilgan ma’lumotlarni saqlash buyrug‘i doirasida zarur ma’lumot va hujjatlarni taqdim etishi shart.
2024-yil 5-dekabr kuni TikTok’ga Yevropa Ittifoqidagi saylovlar va jamoatchilik diskursiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xavflarga bog‘liq ma’lumotlarni muzlatish va saqlash bo‘yicha buyruq berildi. Ushbu talab 2024-yil 24-noyabrdan 2025-yil 31-martgacha Yevropa Ittifoqida o‘tkazilgan milliy saylovlarga taalluqli.
Surishtiruvga Irlandiyaning Coimisiún na Meán regulyatori jalb qilingan bo‘lib, u Irlandiya uchun raqamli xizmatlar bo‘yicha koordinatsiya qiluvchi organ hisoblanadi. Irlandiya TikTok’ning Yevropa Ittifoqidagi rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan mamlakati bo‘lib, bu uni tahlilning asosiy ishtirokchisiga aylantiradi.
