Ilon Mask «Temir odam kostyumi» yaratish haqida o‘ylamoqda: tafsilotlar
Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask so‘nggi sakkiz oy ichida uning hayotiga ikki marta suiqasd uyushtirilgani sababli, «Temir odam» uslubida kostyum yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini e’lon qildi.
“Ehtimol, bu uchuvchi metall kostyumni yaratish vaqti kelgandir”, deb yozdi Mask X platformasida, muxlislar sobiq AQSh prezidenti Donald Trampga suiqasd uyushtirilganidan keyin uning xavfsizligi haqida xavotir bildirishgandan so‘ng.
Ba’zi foydalanuvchilar Maskga Trampning Pensilvaniya shtatidagi Batlerda o‘tkazilgan saylovoldi mitingida sodir bo‘lgan hodisadan keyin qo‘riqlash xizmatini kuchaytirishni taklif qilishdi. Bir sharhlovchi shunday dedi: «Agar ular Trampgacha yetib borishgan bo‘lsa, senga ham yetishadi.»
Mask “oldinda xavfli davrlar” borligini aytib, “so‘nggi 8 oy ichida ikki kishi (turli vaqtlarda) meni o‘ldirishga uringan”, deb qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar Texasdagi Tesla shtab-kvartirasidan yigirma daqiqalik masofada qurol bilan qo‘lga olingan, biroq u tafsilotlarni oshkor qilmagan.
Bu bayonotlar Mask Trampni prezidentlikka nomzod sifatida «to‘liq» ma’qullab, Maxfiy xizmatni voqeaning oldini olishda ayblaganidan keyin paydo bo‘ldi.
Hujum 13-iyul kuni sodir bo‘lib, Tramp tarafdorlari oldida nutq so‘zlayotganidan 15 daqiqa o‘tgach, o‘q Trampning qulog‘iga tegdi. Hujum natijasida olomondan bir kishi halok bo‘ldi, ikki kishi og‘ir yaralandi. Otishmani 20 yoshli Tomas Metyu Kruks amalga oshirdi.
