O‘zbekiston karbonat angidrid emissiyasini kamaytirganlik uchun Jahon banki to‘lovini olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi
O‘zbekiston energiya sohasida emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha hukumat siyosatini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida Jahon bankidan to‘lov olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi, deya xabar bermoqda Jahon banki matbuot xizmati.
Bu Jahon bankining mamlakatga energiya samaradorligini oshirish, energiya subsidiyalarini qisqartirish va toza energiya manbalariga o‘tishga ko‘maklashuvchi “O‘zbekistonda energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Xususan, iCRAFT loyihasi doirasida 500 ming tonnalik issiqona gazlari emissiyasi muvaffaqiyatli kamaytirilgani natijasida Jahon bankining Transformatsion uglerod aktivlari jamg‘armasi (TCAF) O‘zbekistonga 7,5 million dollar miqdorida grant ajratdi. Ushbu natijalarni uchinchi tomon mustaqil ravishda tasdiqladi, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov iqlimni moliyalashtirish doirasidagi ushbu kelishuv ahamiyatini qayd etdi: “O‘zbekiston iCRAFT loyihasi doirasida olgan birinchi to‘lov mamlakatning energetika sohasiga ajratilgan subsidiyalarni kamaytirishga va soha tushumlari o‘z harajatlarini qoplashiga erishish maqsadi sari qo‘yilgan muhim qadamdir. Shuningdek, bu iqtisodiy o‘sishga va kambag‘allikni qisqartirishga yordam beruvchi „yashil“ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumatning kengroq sa’y-harakatlariga hissa qo‘shadi”.
iCRAFT loyihasi O‘zbekiston hukumatiga tegishli infratuzilma, tizimlar, mexanizmlar va hujjatlarni ishlab chiqishda yordam beradi, bu esa mamlakatni kelajakda boshqa xalqaro hamkorlar va xususiy investorlar ko‘magida uglerod bozorida shunga o‘xshash xalqaro operatsiya tashabbuslarini amalga oshirishga tayyorlaydi.
Shuningdek, loyiha mamlakatning Parij kelishuvi 6-moddasi bo‘yicha olgan majburiyatlari bajarilishini monitoring qilish, hisobot berish va tekshirish mexanizmini ishlab chiqishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2018 yilda Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini ratifikatsiya qilib, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari (karbonat angidrid, metan, azot oksidi) ajratilishi hajmini 2010 yildagi bazaviy darajadan 10 foizga kamaytirishga va’da bergandi. 2021-yilda O‘zbekiston ushbu shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini oshirdi.
O‘zbekistonning yangi maqsadi 2030 yilga borib YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari ajratilishini 2030-yilgacha 2010-yil darajasidan 35 foizga (ilgari ko‘rsatilgan 10 foiz o‘rniga) kamaytirishdan iborat.
