Bloger Varlamov Rossiya armiyasini “obro‘sizlantirishda” ayblanmoqda
Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi tomonidan “xorijiy agentlar” reyestriga kiritilgan Ilya Varlamovga qarshi bayonnoma Moskva sudi tomonidan ro‘yxatga olindi, deb xabar berdi RBK agentligi. Ishning qo‘zg‘atilish sabablari ko‘rsatilmagan.
30 may, payshanba kuni Moskvaning Tverskoy sudi bloger Ilya Varlamovga nisbatan Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish to‘g‘risidagi bayonnomani ro‘yxatdan o‘tkazdi, deb xabar berdi RBK agentligi sud matbuot xizmatiga tayanib. Ishni ko‘rish sanasi hali belgilanmagan. Bayonnomaning qo‘zg‘atilishiga aynan nima sabab bo‘lgani haqida ham xabar berilmagan. Varlamovga qarshi protokol «Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlaridan foydalanishni obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar» moddasi bo‘yicha tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra maksimal jarima miqdori 50 ming rublni tashkil etadi.
Bloger Ilya Varlamov 2023 yilning 23 martida “chet el agenti” deb eʼlon qilingan edi. Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligining so‘zlariga ko‘ra, bu qaror uning boshqa “chet el agentlari”, xususan, “Dojd” telekanali va Mediazona portali bosh muharriri Sergey Smirnovning xabarlarini tarqatgani sababli qabul qilingan.
O‘sha yilning avgust oyida Moskvaning Meshchanskiy tuman sudi Ilya Varlamovni nashrlarda “chet el agenti” yorlig‘i yo‘qligi uchun 30 ming rubl, dekabrda esa yana 50 ming rubl jarimaga tortdi. Bir qator rus nashrlari Varlamovning avvalroq 1 million rubldan ortiq qarzi borligi aniqlanganini yozmoqda.
Varlamov hozirda Rossiyadan tashqarida yashaydi. Uning “Varlamov News” Telegram kanalida 1,2 milliondan ortiq obunachisi bor, shaxsiy kanalini esa 300 mingga yaqin obunachi kuzatadi. Hozircha ikkala kanalda ham sud bayonnomasi tayyorlanayotgani haqida maʼlumot yo‘q.
30 may kuni ertalab Ilya Varlamov o‘zining shaxsiy Telegram-kanalida Yevropada davolanayotgani haqida xabar qildi. Blogerning so‘zlariga ko‘ra, u velosipeddan yiqilib, og‘ir jarohat olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Varlamov zarur tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lmagani uchun undan klinikada birinchi kecha uchun xizmat haqini hisobga olgan holda 1 000 yevro to‘lash so‘ralgan.
