Afsonaning oxiri: ICQ messenjeri o‘z faoliyatini to‘xtatadi
2020 yilda Mail.ru (keyinchalik nomi VK deb o‘zgartirildi) tomonidan qayta ishga tushirilgan ICQ messenjeri 26 iyun kuni o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda VK kompaniyasining rasmiy bayonotida xabar berilgan. Xabarda aniqlanishicha, ushbu qaror ikkita asosiy mahsulot – VK Messenger va VK WorkSpaceni rivojlantirishga e’tibor qaratish niyati bilan bog‘liq.
Yangi mahsulotlar ustida ishlashni kuchaytirish uchun ICQ xodimlari VK Messenger va VK WorkSpace’ni ishlab chiqishda ishtirok etadigan jamoalarga qo‘shiladi. «Xizmat 26 iyun kuni ishlamay qoladi», deyiladi rasmiy xabarda.
VK shuningdek, 2024 yilning birinchi choragida Rossiyada VK messenjeri foydalanuvchilarining o‘rtacha oylik auditoriyasi 72,9 million kishini tashkil etganini ta’kidladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, xizmat do‘stlar bilan muloqot qilish, kanallardagi kontentni kuzatish va biznes muloqot qilish imkonini beruvchi keng qamrovli platformaga aylanib bormoqda.
ICQ foydalanuvchilariga ma’lumotlar, yozishmalar va fayllarni kompyuterlariga nusxalash va saqlash tavsiya etiladi. ICQ bot xabarida VK Messenger’ga o‘tish bo‘yicha maslahatlar ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, ICQ ilovasi allaqachon AppStore va Google Play do‘konlarida yo‘qolgan.
Birinchi marta 1996 yilda Isroilning Mirabilis kompaniyasi tomonidan chiqarilgan ICQ butun dunyo bo‘ylab mashhurlikka erishgan birinchi Internet-messenjerlardan biri bo‘ldi. ICQ nomi inglizcha «Men seni qidiraman» iborasidan kelib chiqqan bo‘lib, messenjerning asosiy maqsadi – do‘stlar va tanishlarni topish va ular bilan muloqot qilishni aks ettiradi. 1998 yilda ICQ Amerikaning AOL kompaniyasi, 2010 yilda esa Rossiyaning Mail.ru Group (hozirgi VK) tomonidan sotib olingan.
O‘zining uzoq tarixi davomida ICQ ko‘plab o‘zgarishlar va yangilanishlarni boshdan kechirdi, yangi talablar va texnologiyalarga moslashdi. Biroq, mobil qurilmalarning rivojlanishi va yangi messenjerlarning paydo bo‘lishi bilan ICQ ommabopligi ko‘rsatkichlari tushib ketdi.
