Norvegiya va Irlandiya Falastin mustaqilligini tan oldi. Isroil bu davlatlardagi elchilarini chaqirib oladi
Norvegiya va Irlandiya Falastinni davlat sifatida rasman tan oldi. Ispaniya rasmiylari ham yaqin kunlarda tan olishga hozirlik ko‘rmoqda, deb xabar beradi xalqaro OAV.
Norvegiya Falastin davlatini rasman tan oldi, dedi Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Stor 22 may kuni ertalab.
«Falastin mustaqil davlatga ega bo‘lish uchun asosiy huquqqa ega. Busiz Yaqin Sharqda tinchlik bo‘lishi mumkin emas», – dedi u va hududiy delimitatsiya 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralarga asoslanishi kerakligini qo‘shimcha qilib.
Norvegiya rasmiylarining qarori 28 maydan kuchga kiradi.
Irish Times gazetasining yozishicha, Irlandiya hukumati ham xuddi shunday qarorga kelgan. Bu haqda bosh vazir Saymon Xarris ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Ispaniya rasmiylari ham xuddi shunday qaror tayyorlamoqda.
Bosh vazir uni “Irlandiya va Falastin uchun tarixiy ahamiyatga ega kun” deb atadi. Uning qayd etishicha, bu harakat Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat tamoyili asosida hal qilishga yordam berish uchun amalga oshirilgan.
Isroil Falastin mustaqilligini tan olish rejalari tufayli Norvegiya va Irlandiyadagi elchilarini chaqirib olishga qaror qildi, deb yozadi AFP.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi 21 may kuni Irlandiyaning Falastin davlatligini tan olish rejalarini izohlar ekan, mamlakatni “XAMASning qo‘lida piyoda bo‘lmaslikka” chaqirdi.
“Falastin davlatini tan olish terrorizmning kuchayishiga, mintaqada beqarorlikka olib keladi va tinchlik istiqbollarini xavf ostiga qo‘yadi”, – dedi vazirlik.
Bugungi kunda Falastin davlatchiligini BMTga a’zo 193 ta davlatdan 138 tasi, jumladan, Rossiya va Xitoy ham rasman tan olgan. Shvetsiya 2014 yilda Falastin mustaqilligini bir tomonlama tan olgan birinchi Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘ldi. Yana bir qancha Yevropa davlatlari YIga qo‘shilishdan oldin bu qarorni qabul qilishgan.
O‘zbekiston Falastinni 1994 yil 25 sentyabrda tan oldi.
Falastinni AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Isroil kabi davlatlar tan olmaydi.
