Apple jurnalistikaga qarshi: yangi SI funksiyasi noshirlar daromadini pasaytiradi
Buyuk Britaniyaning Yangiliklar Media Assotsiatsiyasi (NMA) Apple’ga yozma ravishda iOS 18’da sun’iy intellekt reklama blokirovkasining joriy etilishi axborot agentliklarining daromadlariga tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Xabar qilinishicha, Apple o‘zining Safari brauzeriga iOS 18 yangilanishining bir qismi bo‘lgan va foydalanuvchilarga veb-sahifalarning keraksiz elementlarini, jumladan, reklama va bannerlarni olib tashlash imkonini beruvchi Web Eraser vositasini joriy etishni rejalashtirmoqda.
NMA reklama blokirovkasining kuchayishi shundoq ham ijtimoiy tarmoqlarda kamayishidan aziyat chekayotgan jurnalistikaga zarar yetkazishidan xavotirda ekanligini aytdi. NMA o‘z bayonotida professional jurnalistika moliyalashtirishni talab qilishi, reklama daromadlari esa ko‘plab nashriyotlar uchun muhim manba ekanligi qayd etilgan.
«Reklamani blokirovka qilish – bu kontent yaratuvchilarga o‘z ishlarini barqaror moliyalashtirishni qiyinlashtiradigan va iste’molchilarning muhim ma’lumotlarni o‘tkazib yuborishiga olib keladigan aniq vositadir. «Bundan tashqari, Apple’ning yangi Web Eraser vositasida sun’iy intellektdan foydalanish tahririyat mas’uliyati haqida jiddiy savollar tug‘dirishi mumkin, chunki SI maqolalar mazmunini va ular atrofidagi kontekstni tanlab olib tashlashi yoki o‘zgartirishi mumkin», deyiladi bayonotda.
Assotsiatsiya Apple’ni NMA bilan maslahatlashishga chaqirmoqda va u allaqachon Buyuk Britaniya qonun chiqaruvchilari bilan raqamli bozorlar, raqobat va iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ta’kidlamoqda.
O‘zining reklama biznesiga ega Apple izoh so‘roviga javob bermadi.
