WhatsApp messenjeri global uzilishdan so‘ng o‘z faoliyatini qayta tikladi
WhatsApp, Instagram va Facebook ishidagi uzilish butun dunyo boʻylab oʻn minglab foydalanuvchilarga taʼsir koʻrsatdi.
Dunyoning turli davlatlarida bir necha soat davom etgan WhatsApp messenjeri ishidagi nosozliklar bartaraf etildi. Bu haqda messenjerning 4 aprel, payshanba kuni ertalab X ijtimoiy tarmogʻidagi mikroblogida maʼlum qilin. “Va biz qaytdik! Suhbatdan zavqlaning!” — deydi bu postda. Uzilishlarga aynan nima sabab boʻlgani haqida xabar berilmagan.
Bundan bir necha soat oldin, 3 aprel oqshomida butun dunyo boʻylab foydalanuvchilar WhatsApp ishidagi keng koʻlamli nosozliklar haqida xabar berdi. Messenjerda xabarlarni joʻnatish yoki qabul qilishning imkoni boʻlmagan, uning veb-versiyasi ochilmagan va ulanish muammolari haqida xabar berilgan, shuningdek, mediafayllar ham yuklanmagan.
Muammolar haqida xabarlar, xususan, Rossiya, Britaniya, Hindiston, Braziliya, AQSh va boshqa baʼzi mamlakatlardan kelgan. Downdetector servisi maʼlumotlariga koʻra, nosozlikning eng yuqori choʻqqisida AQShda 24 ming WhatsApp foydalanuvchisi uzilish haqida xabar bergan. Shu bilan birga, Meta kompaniyasiga tegishli Facebook va Instragram ijtimoiy tarmoqlari ishidagi muammolar haqida ham maʼlumot paydo boʻldi.
Ayni vaqtda, Rossiya regulyatori Roskomnadzor 3 aprel kuni kechqurun Rossiyada WhatsApp ishini bloklamaganini taʼkidladi. “Nosozlik haqidagi maʼlumot Downdetector xorijiy servisi tomonidan tarqatilyapti. Muammo, ehtimol, RFda faoliyati taqiqlangan Meta infratuzilmasidagi nosozlik bilan bogʻliq”, — deya taʼkidladi departament.
