Davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashish reytingi e’lon qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi boʻyicha reyting natijalarini eʼlon qildi.
2023-yil yakuni boʻyicha natijalarda 95 ta davlat tashkiloti, jumladan, 36 ta davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 59 tasi esa takroran baholashdan oʻtkazilgan boʻlib, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 42 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” (81−100 ball), 38 ta tashkilot “qoniqarli” (55−80 ball) va 15 ta tashkilot “qoniqarsiz” (55 balldan past) deya ajratildi.

“Natijalarning xolisligini taʼminlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilib, ular tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining baholash natijalari mustaqil va xolis koʻrib chiqildi va xulosalar taqdim qilindi. Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi”, — deyiladi agentlik xabarida.
Tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmagani, jumladan, faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanmagani, ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va xaridlar jarayonida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va aniqlash bilan bogʻliq choralar amalga oshirilmagani, korrupsiya haqida xabar berish boʻyicha aloqa kanallarining yoʻlga qoʻyilmagani, ushbu yoʻnalishdagi hujjatlar ijro etilmagani va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etishga yetarlicha eʼtibor qaratilmagani sabab boʻlgan.

Masalan, Surxondaryo va Andijon viloyatlari hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi ketma-ket ikki yil davomida “qoniqarsiz” baholandi. Andijon viloyati hokimligi tomonidan esa korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi shtat birligi xodim bilan jamlanmagan.
Baholash natijalariga koʻra, “qoniqarli” deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha belgilangan choralar amalga oshirilgan boʻlsa-da, ayrim masalalarga eʼtiborsizlik bilan qaralgan. Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlar toʻgʻri baholanmagani oqibatida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari manzilli ishlab chiqilmagan va ijrosi toʻgʻri tashkil etilmagan, xodimlarni korrupsiyaga qarshi oʻqitish va ularda murosasiz munosabatni shakllantirishda yetarli ishlar amalga oshirilmagani, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatilgan.
Baholash natijalariga koʻra “yaxshi” deb topilgan 42 ta davlat tashkiloti faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan. Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, natijalariga asosan manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ular samarali amalga oshirib kelingan. Shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish, monitoring va nazorat tadbirlarini amalga oshirish, turli tanlovlar jarayonida korrupsiya omilini istisno qilish, xodimlar va aholini korrupsiyaga qarshi murosasiz ruhda tarbiyalashga oid tizimli choralar koʻrilgan.

“Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Markaziy bank, «Oʻzkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatida birinchi rahbarlarning irodasi namoyon qilinib, xodimlar va keng jamoatchilik bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli muloqot yoʻlga qoʻyilgan”, — deya qayd etgan agentlik.
Reyting baholash tizimi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarni samarali monitoring qilish bilan birga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sohada sogʻlom raqobat muhitini kuchaytirish hamda tashkilot rahbarlarining masʼuliyatini yanada oshirish imkonini bergani taʼkidlangan.
Qayd etilishicha, baholash yakunlari boʻyicha “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi. “Qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tavsiyalar kiritiladi.

“Qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosi taʼminlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishlarida eshitib boriladi.
